Arteta YCHL hakamlarini qoidalarga amal qilmaslikda aybladi

Mikel Arteta Chempionlar ligasi yarim finalida "Arsenal" va "Atletiko" o'rtasidagi 1:1 hisobidagi durangdan so'ng hakamlarning qarorini keskin tanqid qildi. U Eberechi Eze uchun belgilangan penaltining VAR orqali bekor qilinishini "mutlaqo qabul qilib bo'lmaydigan" holat deb atadi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Uchrashuvning 78-daqiqasida zaxiradan maydonga tushgan Eze David Xanko tomonidan yiqitildi. Hakam Danni Makkelie dastlab penalti belgiladi, biroq uzoq davom etgan VAR tekshiruvidan so'ng o'z qarorini o'zgartirdi.

Arteta bu holat o'yin natijasiga ta'sir qilganini ta'kidladi.
Arteta o'yindan so'ng bergan intervyusida: «Kiyinish xonasiga qaytib, yigitlar bilan gaplashib, penalti holatini ko'rganimdan so'ng, bu juda hafsalani pir qiladi va asabiylashtiradi, chunki bu qoidalarga zid edi va o'yin borishini o'zgartirdi», dedi. U qarorni 13 marta ko'rib chiqib, o'zgartirish mumkin emasligini qo'shimcha qildi.
O'yinda penaltilar muhim rol o'ynadi. Dastlab Viktor Gyokeres "Arsenal"ni oldinga olib chiqqan bo'lsa, keyinroq Julian Alvares "Atletiko" uchun hisobni tenglashtirdi.
Ben Uaytning jarima maydonchasida to'pni qo'li bilan o'ynagani uchun belgilangan penalti ham bahslarga sabab bo'ldi.
Sobiq futbolchi Jeymi Karrager ham Chempionlar ligasidagi hakamlik qarorlarini tanqid qilib, qo'l bilan o'ynash qoidalari bo'yicha xavotirlarini bildirdi. Arteta esa rasmiy norozilik bildirish masalasini klub rahbariyatiga qoldirishini aytdi.
Shunga qaramay, Arteta jamoasining finalga chiqish imkoniyatlariga ijobiy qaraydi. U futbolchilarining qiyin vaziyatdagi harakatlarini yuqori baholab, javob o'yinida o'z muxlislari qarshisida g'alaba qozonishga umid qilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!