Alvaro Carreras Antonio Rüdiger bilan yuzaga kelgan mojaro yuzasidan bayonot berdi

Real Madrid himoyachisi Alvaro Carreras mashg‘ulotlar vaqtida Antonio Rüdiger bilan yuz bergan kelishmovchilik haqidagi xabarlarga oydinlik kiritdi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan mish-mishlarga ko‘ra, jamoa ichidagi muhit keskinlashgan va futbolchilar o‘rtasida janjal kelib chiqqan. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
O‘zining Instagram sahifasi orqali bayonot bergan Carreras, yozilgan gaplar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ta’kidladi. U klubga va murabbiylar shtabiga bo‘lgan sadoqati birinchi kundan boshlab yuqori ekanligini hamda professional tarzda ishlashda davom etishini bildirdi.
Matbuotda Rüdiger mashg‘ulot vaqtida Carrerasga qo‘l ko‘targani haqida xabarlar tarqalgandi. Himoyachi bu voqeani alohida shaxsni tilga olmasdan, shunchaki jamoa a’zosi bilan yuz bergan kichik va allaqachon hal etilgan holat deb atadi.
Real Madrid lageridagi vaziyat murabbiy Alvaro Arbeloa uchun ham oson kechmayapti. Jamoaning muvaffaqiyatsiz o‘yinlari fonida Dani Ceballos va boshqa futbolchilar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar, shuningdek, Kylian Mbappe’ning mashg‘ulotlardagi asabiylashishi klubdagi bosim ortib borayotganidan dalolat beradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!