date

Ronaldu Instagram'da 18 million nafar obunachisidan ayrildi

Ronaldu Instagram'da 18 million nafar obunachisidan ayrildi

Krishtianu Ronaldu Instagram ijtimoiy tarmog‘ida amalga oshirilgan keng qamrovli “tozalash” jarayonidan keyin 18 million obunachisini yo‘qotdi. Platforma tomonidan botlar, faol bo‘lmagan va shubhali akkauntlar o‘chirib tashlangani ortidan dunyo mashhurlarining sahifalarida ham sezilarli o‘zgarish kuzatildi.

Shunga qaramasdan, portugaliyalik superyulduz 666 million nafar obunachi bilan hamon Instagram'dagi eng mashhur shaxs sifatida birinchi o‘rinni saqlab qolmoqda. Qizig‘i, bu raqam O‘zbekiston aholisidan qariyb 17,5 baravar ko‘p. Boshqacha aytganda, Ronaldu auditoriyasi deyarli 18 ta O‘zbekiston aholisiga teng hisoblanadi.

Instagram hozircha ushbu “tozalash” ishlari bo‘yicha rasmiy bayonot bermadi. Ammo jarayon ko‘plab taniqli shaxslarga ham ta’sir ko‘rsatgani aytilmoqda. Ular orasida Lionel Messi, Donald Tramp, Papa Fransisk, shuningdek shou-biznes vakillari Jastin Biber hamda Kayli Jenner ham bor.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, Ronaldu ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy brendini yillar davomida bosqichma-bosqich shakllantirgan. U sportchilar orasida birinchi bo‘lib, auditoriyani klub va federatsiyalardan mustaqil ravishda katta daromad keltiruvchi aktiv sifatida ko‘ra boshlagan futbolchilardan biri hisoblanadi. Bugun uning muxlislari Braziliyadan Hindistongacha, Yevropadan arab mamlakatlarigacha bo‘lgan hududlarni qamrab olgan.

Marketing agentliklari ma’lumotlariga ko‘ra, Ronalduning Instagram sahifasida joylashtirilgan bitta reklama posti 3–4 million dollar atrofida baholanadi. Futbolchi ijtimoiy tarmoq orqali yiliga 50 milliondan 80 million dollargacha daromad topadi. Bu esa uning An-Nassrdagi yillik maoshiga deyarli teng miqdorni tashkil qiladi. Shu tariqa, Ronaldu nafaqat maydonda, balki raqamli platformada ham muvaffaqiyatli biznes yuritmoqda.

Ma’lumot uchun, 41 yoshli Ronaldu joriy mavsumda 27 ta maydonga tushib, 25 ta gol muallifi bo‘ldi. 2026 yil yozida start oladigan FIFA Jahon chempionati 2026 esa uning faoliyatidagi oltinchi bo‘ladi va bu mutlaq rekord sifatida qayd etiladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Ronaldu Instagram'da 18 million nafar obunachisidan ayrildi