Andoni Iraola kelajagi borasidagi savollarga oydinlik kiritdi

Andoni Iraola o‘zining murabbiylik faoliyati borasidagi noaniqliklar bilan Chelsi, Real Madrid va Manchester Yunayted kabi grand klublarni kutish holatida qoldirdi. Bornmut bosh murabbiyi joriy mavsum yakunida jamoani tark etishini tasdiqlagan bo‘lsa-da, yangi loyihaga o‘tishga shoshilmayotganini ta’kidladi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Ayni damda Bornmut Angliya Premer-ligasida 55 ochko bilan oltinchi o‘rinda bormoqda. Jamoa Chempionlar ligasi yo‘llanmasi uchun Liverpul va Aston Villa bilan qattiq kurash olib bormoqda. Iraola uchun asosiy maqsad — mavsumni tarixiy natija bilan yakunlab, muxlislarga yevrokubok sovg‘asini taqdim etishdir.
OAV xabarlariga ko‘ra, Manchester Yunayted rahbariyati Maykl Kerrikning kelajagi bo‘yicha yakuniy qarorga kelmagunicha, ispaniyalik mutaxassisni asosiy nomzod sifatida ko‘rib chiqmoqda. Shuningdek, Chelsi va Real Madrid ham murabbiyning vaziyatini diqqat bilan kuzatmoqda.
Iraola o‘zining ketishi haqida gapirar ekan, klub rahbariyati bilan munosabatlari juda ochiq va samimiy ekanini qayd etdi. Bornmut esa kelasi mavsum uchun allaqachon Marko Roze bilan kelishuvga erishganini e’lon qilib, jamoada barqarorlikni saqlab qolishga harakat qilmoqda.
Murabbiyning o‘zi esa kelajagi haqidagi savollarga javob berishdan bosh tortib, barcha e’tiborini mavsumning hal qiluvchi o‘yinlariga qaratganini bildirdi. Uning keyingi manzili Manchester, London yoki Madrid bo‘lishidan qat’i nazar, hozirgi asosiy vazifa — Bornmutni Yevropa maydonlariga olib chiqishdir.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!