Gavi Vinicius Junior bilan boʻlgan mojaro haqida gapirdi

Barselona yarim himoyachisi Gavi "El-Klasiko" doirasida Real Madrid yulduzi Vinicius Junior bilan yuzaga kelgan keskin vaziyatga oydinlik kiritdi. Ispaniyalik futbolchi maydondagi hissiyotlar oʻyinning bir qismi ekanligini va maydon tashqarisida ular oʻrtasida hech qanday adovat yoʻqligini taʼkidladi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
"Vinicius bilan boʻlgan holat shunchaki futbol. Maydonda nimaiki yuz bersa, oʻsha yerda qoladi. U ham xuddi men kabi tez jahli chiqadigan futbolchi. Men unga shunchaki ogʻzingni yum, deb aytdim, tamom. Maydonda men oʻz jamoam sharafini himoya qilaman, biroq maydon tashqarisida mutlaqo boshqachaman", — dedi Gavi.
Gavi oʻtgan ikki mavsum davomida jiddiy jarohatlar bilan kurashganini va bu qiyinchiliklar uning irodasini yanada mustahkamlaganini qayd etdi. Uning soʻzlariga koʻra, aynan ruhiy barqarorlik va mehnatsevarlik unga yuqori darajaga qaytishga yordam bergan.
Barselona bosh murabbiyi Hansi Flick yosh futbolchiga katta ishonch bildirmoqda. Gavi murabbiyning qoʻllab-quvvatlashi uning uchun juda muhim ekanligini va jamoa muvaffaqiyatiga oʻz hissasini qoʻshishda davom etishini bildirdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!