Roberto Martinez: Cristiano Ronaldo darajasi pasaygani yo‘q

Portugaliya terma jamoasi bosh murabbiyi Roberto Martinez Cristiano Ronaldoning Saudiya Arabistoni chempionatiga o‘tishi uning xalqaro maydondagi samaradorligiga ta’sir qilmaganini ta’kidladi. Ar-Riyodga tashrif buyurgan mutaxassis faxriy hujumchining jismoniy holati va g‘alabaga bo‘lgan chanqoqligidan hayratda qolganini yashirmadi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Martinez Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan "Al-Nassr" va "Al-Hilal" o‘rtasidagi bahsni bevosita stadiondan kuzatdi. Uchrashuv davomida murabbiy Ruben Neves, Joao Felix hamda terma jamoa sardori Cristiano Ronaldoning o‘yinini tahlil qildi. 41 yoshli hujumchi joriy mavsumda 26 ta gol urib, jamoasining muvaffaqiyatlariga katta hissa qo‘shmoqda.
Germaniyaning DPA agentligiga bergan intervyusida Martinez shunday dedi: "Cristiano g‘alabaga bo‘lgan katta ishtiyoqni saqlab qolgan. Uning Saudiya Arabistoniga kelganidan beri darajasi pasayganiga oid hech qanday alomat ko‘rmayapman. U ajoyib o‘yin ko‘rsatmoqda va Portugaliya terma jamoasi uchun qanchalik muhimligini isbotlamoqda".
Shu bilan birga, murabbiy Ronaldoning afsonaviy maqomiga qaramay, terma jamoaga chaqiruv olish uchun har bir futbolchi teng talablar asosida baholanishini eslatib o‘tdi. "Yutuqlar terma jamoada o‘rinni kafolatlamaydi. U sardor bo‘lishiga qaramay, boshqa futbolchilar kabi bir xil mas’uliyatga ega", — deya qo‘shimcha qildi Martinez.
Endilikda barcha e’tibor 19-may kuniga qaratilgan, o‘sha kuni Martinez 2026-yilgi Jahon chempionati uchun 26 nafar futbolchidan iborat tarkibni e’lon qiladi. Agar tarkibga kiritilsa, Cristiano Ronaldo o‘z faoliyatidagi oltinchi mundialda ishtirok etib, tarixiy natijani qayd etadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!