Mikel Arteta: Arsenal oʻz ustidagi ruhiy bosimni yengib oʻtdi

Arsenal bosh murabbiyi Mikel Arteta jamoasi Angliya Premer-ligasi chempionligini qoʻlga kiritgach, futbolchilar yelkasidan ulkan ruhiy yuk tushganini maʼlum qildi. Ispaniyalik mutaxassisning taʼkidlashicha, uzoq kutilgan gʻalaba jamoaga Chempionlar ligasi finali oldidan ulkan hissiy quvvat bagʻishlagan. Endilikda "toʻpchilar" Budapeshtda boʻlib oʻtadigan hal qiluvchi bahsda Pari Sen-Jermen jamoasiga qarshi maydonga tushadilar. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
MARCA nashriga bergan intervyusida Arteta 22 yillik tanaffusdan soʻng qoʻlga kiritilgan chempionlik klub mentalitetini butunlay oʻzgartirganini aytdi. Murabbiyning soʻzlariga koʻra, avvalgi muvaffaqiyatsizliklar tufayli yopishgan "omadsizlar" tamgʻasidan qutulish jamoaga oʻziga boʻlgan ishonchni qaytargan. "Hozir bizda quvonch va yengillik hissi bor. Biz bu yukni tashlab yubordik va endi bor eʼtiborimizni Chempionlar ligasini yutishga qaratamiz", — deya qoʻshimcha qildi u.
Arteta mavsum davomidagi qiyinchiliklar va oʻziga boʻlgan shubhalar haqida ham toʻxtalib oʻtdi. U baʼzida jamoani boshqarishga loyiqligiga shubha qilganini, biroq yakunda barcha toʻsiqlarni birgalikda yengib oʻtishganini taʼkidladi. Murabbiy uchun eng muhimi natijaga erishish va futbolchilarda gʻoliblik ruhini shakllantirish boʻlgan.
Soʻnggi paytlarda jamoaning himoyaviy oʻyini uchun bildirilgan tanqidlarga javoban, Arteta taktik moslashuvchanlik muhimligini aytdi. Jiddiy jarohatlar inqirozi davrida u turli usullarni qoʻllashga majbur boʻlganini tushuntirdi. "Agar jarohatlarimizni hisobga olib, chempionlik imkoniyatimizni hisoblaganda, u atigi 2 foizni tashkil etardi. Men esa bunga rozi boʻla olmasdim va gʻalaba qozonishning boshqa yoʻllarini topdim", — dedi Arsenal ustozi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!