Ibrahima Konate Liverpulni tark etadi: Muzokaralar boshi berk koʻchaga kirdi

Liverpul himoyachisi Ibrahima Konate joriy yozda shartnomasi yakunlangach, klubni tark etishi maʻlum boʻldi. Bir necha oylik muzokaralar va futbolchining oʻz kelajagi borasidagi ishonchli bayonotlariga qaramay, tomonlar 1-iyuldan keyingi hamkorlik boʻyicha yakuniy kelishuvga erisha olishmadi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Arne Slotning himoya chizigʻi rejalariga jiddiy zarba boʻlgan ushbu xabarga koʻra, 27 yoshli fransuz erkin agent sifatida jamoani tark etadi. talkSPORT nashrining xabar berishicha, bir necha oylik muhokamalardan soʻng muzokaralar butunlay toʻxtagan. Konate aprel oyida bergan intervyusida kelishuvga yaqin ekanligini va keyingi mavsumda ham Mersisayd klubida qolishni istashini taʻkidlagan edi.
Konatening ketishi Muhammad Salah va Endryu Robertson kabi yulduzlarning xayrlashuvi bilan bir vaqtga toʻgʻri kelmoqda. Ushbu uchlik 2024-25 yilgi mavsumda Angliya Premer-ligasi chempionligini qoʻlga kiritishda muhim rol oʻynagan edi. Salah va Robertson oʻtgan yakshanba kuni Brentford bilan oʻyinda muxlislar bilan xayrlashgan boʻlsa, Konatening taqdiri oʻsha paytda hali noaniq boʻlib turgandi.
Fransiyalik himoyachi Liverpul safidagi besh yillik faoliyati davomida Virgil van Dijk bilan mustahkam tandem hosil qildi. U klub bilan Angliya Premer-ligasi, Angliya kubogi, ikki bor Karabaо kubogi va Superkubokda gʻolib chiqdi. Konate barcha musobaqalarda 183 ta oʻyinda maydonga tushib, liganing eng ishonchli markaziy himoyachilaridan biri sifatida oʻzini koʻrsata oldi.
Joriy mavsumda jamoaning umumiy formasida pasayish kuzatilgan boʻlsa-da, Konate 38 ta oʻyinning 36 tasida ishtirok etib, asosiy tarkibning ajralmas boʻlagi boʻlib qoldi. Shuningdek, u Chempionlar ligasi doirasida 28 ta uchrashuvda maydonga tushgan. Uning tajribasini qisqa muddatda oʻrnini bosish Arne Slot uchun katta qiyinchilik tugʻdirishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!