Lamine Yamal Messi va Cristiano Ronaldo bilan bir qatorda tilga olinishni istaydi

Barselona va Ispaniya terma jamoasining yosh yulduzi Lamine Yamal oʻzining Lionel Messi hamda Cristiano Ronaldo bilan solishtirilishiga munosabat bildirdi. 17 yoshli iqtidor sohibi Yevro-2024 turniridagi gʻalabadan soʻng jahon futbolining markaziy figurasiga aylandi. Uning maydondagi harakatlari va muhim oʻyinlarda natija koʻrsata olish qobiliyati koʻplab mutaxassislarni afsonaviy futbolchilar bilan parallel oʻtkazishga majbur qilmoqda. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
FIFA nashriga bergan intervyusida Lamine Yamal oʻzining asosiy maqsadini ochiqladi: “Mening maqsadim ular bilan solishtirilish emas, balki ular bilan bir qatorda tilga olinishdir. Kelajakda kimdandir eng yaxshilar haqida soʻrashsa, mening ismim ham Lionel Messi va Cristiano Ronaldo bilan birga aytilishini xohlayman”. Yosh vinger oʻzining shaxsiy rivojlanishiga eʼtibor qaratish va ortiqcha bosimdan qochish muhimligini taʼkidladi.
Yamalning fikricha, boshqalar bilan doimiy solishtirish futbolchining oʻsishiga toʻsqinlik qilishi mumkin. “Agar oʻzingizni boshqalar bilan solishtirishga berilib ketsangiz, bu oʻzingizga zarar keltirishi mumkin. Men oʻz yoʻlimni topishni, oʻyindan zavqlanishni va odamlarga tabassum ulashishni istayman. Faoliyatimni yakunlaganimda esa, insonlar mening oʻyinlarimni qayta-qayta tomosha qilishlarini orzu qilaman”, — deya qoʻshimcha qildi Barselona hujumchisi.
Shuningdek, Lamine Yamal Ispaniya terma jamoasining kelajakdagi rejalari haqida ham toʻxtalib oʻtdi. Uning soʻzlariga koʻra, Yevropa chempionligidan soʻng jamoada xotirjamlikka berilish yoʻq. U jahon chempionatida Argentina, Fransiya, Portugaliya va Angliya kabi kuchli raqiblar borligini, biroq Ispaniya eng chiroyli futbol namoyish etayotganiga ishonishini bildirdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!