James Rodriguez Luis Diazning Oltin toʻpni yutishiga ishonmoqda

Kolumbiya terma jamoasi sardori James Rodriguez jamoadoshi Luis Diazni joriy mavsumdagi ajoyib oʻyinlaridan soʻng "Oltin toʻp" uchun munosib nomzod deb hisoblamoqda. Tajribali yarim himoyachining taʼkidlashicha, agar terma jamoa jahon miqyosidagi turnirda uzoqqa bora olsa, bu vingerning jahon darajasidagi maqomini yanada mustahkamlaydi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Luis Diaz Bavariya safida ichki chempionatda muvaffaqiyatli mavsumni oʻtkazdi va Bundesliga hamda Germaniya kubogi gʻolibligini qoʻlga kiritdi. 29 yoshli vinger barcha musobaqalarda 26 ta gol va 23 ta assist qayd etib, hayratlanarli natija koʻrsatdi. Jamoada faqat Michael Olise undan koʻproq assist amalga oshira oldi.
James Rodriguez oʻz hamyurtining imkoniyatlarini yuqori baholab, shunday dedi: "Luis Diaz va Oltin toʻp? Nega endi yoʻq? Men uchun u hozirning oʻzida dunyoning eng kuchli besh futbolchisidan biri. Agar biz finalga qadar yetib borsak, u ushbu sovrinni yutishi mumkin".
Agar Luis Diaz ushbu nufuzli mukofotni qoʻlga kiritsa, u tarixdagi birinchi kolumbiyalik gʻolibga aylanadi. Avvalroq Radamel Falcao 2012-yilda beshinchi, James Rodriguezning oʻzi esa 2014-yilda sakkizinchi oʻrinni egallagan edi. Eslatib oʻtamiz, 2026-yilgi "Oltin toʻp" marosimi Parijdan Londonga koʻchirilgan va 26-oktabr kuni boʻlib oʻtadi.
Kolumbiya terma jamoasi ayni damda soʻnggi taktik tayyorgarliklarni yakunlamoqda. Nestor Lorenzo shogirdlari guruh bosqichida Oʻzbekiston, Kongo DR va Portugaliya terma jamoalariga qarshi bahs olib boradi. Janubiy amerikaliklar oʻz yurishini 18-iyun kuni aynan Oʻzbekistonga qarshi oʻyin bilan boshlaydi.






























Izohlar 0
…