«Bavariya» Maykl Olise bilan shartnomani uzaytirmoqchi...

Myunxenning «Bavariya» klubi jamoa vingeri Maykl Olisening kelajagi borasidagi turli mish-mishlarga nuqta qo‘yish niyatida. So‘nggi haftalarda futbolchiga Yevropaning bir qator yirik klublari, xususan, «PSJ» qiziqish bildirayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi.
L'Équipe nashri ma’lumotlariga tayanib, Bayern & Germany sahifasi xabar berishicha, «Bavariya» 24 yoshli futbolchi bilan yangi shartnoma imzolashni rejalashtirmoqda. Myunxen klubi Olise bilan hamkorlikni 2031 yilgacha uzaytirishni maqsad qilgan.
Yangi kelishuv doirasida futbolchining maoshi sezilarli darajada oshirilishi kutilmoqda. Manbaga ko‘ra, Olisening yillik daromadi deyarli ikki barobarga ko‘payishi mumkin. Agar tomonlar kelishuvga erishsa, fransiyalik vinger «Bavariya»ning eng ko‘p maosh oluvchi futbolchilaridan biriga aylanadi.
Ayni paytda Maykl Olisening amaldagi shartnomasi 2029 yilgacha mo‘ljallangan. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, futbolchi hozirda yiliga taxminan 16–17 million yevro atrofida maosh olmoqda.
2025/26 yilgi mavsum Olise uchun juda muvaffaqiyatli o‘tdi. U barcha musobaqalarda 52 ta o‘yinda maydonga tushib, 22 ta gol urdi va 31 ta golli uzatma amalga oshirdi. Bu ko‘rsatkichlar uni «Bavariya» hujum chizig‘ining eng muhim futbolchilaridan biriga aylantirdi.
Transfermarkt portali Maykl Olisening transfer qiymatini 150 million yevroga baholamoqda. Bu esa futbolchining Yevropa futbol bozoridagi nufuzi yanada oshib borayotganini ko‘rsatadi.
«Bavariya» rahbariyati esa Oliseni jamoaning kelajakdagi asosiy yulduzlaridan biri sifatida ko‘rmoqda. Shu sababli klub uni saqlab qolish va atrofida yangi loyiha qurish tarafdori. Hozircha muzokaralar yakuniy bosqichga yetmagan bo‘lsa-da, myunxenliklar futbolchini qo‘yib yuborish niyatida emas.






























Izohlar 0
…