JCH-2026: uchta o‘yin uchun aniq prognoz — seriya davom etadimi?

JCH-2026 1/16 finalining so‘nggi uchta uchrashuvida Misr, Argentina va Kolumbiya jamoalari keyingi bosqichga chiqishi taxmin qilinmoqda. Avstraliya va Misr o‘rtasidagi bahs eng murakkab prognoz qilinayotgan uchrashuv bo‘lib, unda 0:1 hisobi qayd etilishi kutilmoqda. Qog‘ozda yaqqol favorit bo‘lgan Argentina Kabo-Verde ustidan 2:0 hisobida zafar kuchishi prognoz qilingan. Kolumbiya va Gana o‘yinida esa janubiy amerikaliklar 1:0 hisobida g‘alaba qozonishi taxmin qilinyapti.
1 va 2 iyul kunlari o‘tkazilgan oltita pley-off bahsida keyingi bosqichga chiqadigan jamoalarni to‘g‘ri topdik. Angliya, Belgiya, AQSH, Ispaniya, Portugaliya va Shveytsariya bo‘yicha prognozlarimiz 100 foiz o‘zini oqladi.
Endi navbat JCH-2026 1/16 finalining so‘nggi uchta uchrashuviga. Bu safar Misr, Argentina va Kolumbiyaga ishonch bildiramiz.
Avstraliya — Misr: bitta gol hammasini hal qilishi mumkin
Bu kunning eng murakkab prognoz qilinadigan uchrashuvi.
Avstraliya jismoniy kurash, yuqori sur’at va standart vaziyatlar orqali xavf tug‘dirishi mumkin. Biroq jamoa ayrim futbolchilarining jarohati bilan bog‘liq muammolarga duch kelgan. Misr esa musobaqada hali mag‘lub bo‘lmagan va tartibli himoyasi bilan ajralib turibdi. Muhammad Salohning holati uchrashuv ssenariysiga jiddiy ta’sir qilishi mumkin.
Misrning pley-off tajribasi va ehtiyotkor o‘yin uslubi unga kichik ustunlik beradi. Ko‘p golli bahs kutmayapmiz.
Prognoz: Avstraliya — Misr 0:1
Keyingi bosqichga chiqadi: Misr
Ishonch darajasi: 57 foiz
Argentina — Kabo-Verde: favoritga oson bo‘lmaydi
Qog‘ozda ushbu juftlikning yaqqol favoriti — Argentina. Ammo Kabo-Verde joriy mundialda hali mag‘lubiyatga uchramadi va Ispaniya, Urugvay hamda Saudiya Arabistoniga qarshi bahslarda mustahkam jamoa ekanini ko‘rsatdi.
Lionel Skaloni ham raqibning tartibli himoyasi va qarshi hujumlarini alohida ta’kidlagan. Lionel Messi asosiy tarkibga qaytishi kutilmoqda, ammo issiq ob-havo va ehtimoliy qo‘shimcha vaqt sabab uning o‘yin vaqti nazorat qilinishi mumkin.
Kabo-Verde dastlabki daqiqalarda qarshilik ko‘rsatishi mumkin. Biroq Argentinaning individual mahorat va zaxira imkoniyatlari yakunda hal qiluvchi bo‘ladi.
Prognoz: Argentina — Kabo-Verde 2:0
Keyingi bosqichga chiqadi: Argentina
Ishonch darajasi: 84 foiz
Kolumbiya — Gana: janubiy amerikaliklar ustun
Kolumbiya to‘p nazorati va hujumkor imkoniyatlari bo‘yicha ustunroq ko‘rinmoqda. Gana bosh murabbiyi Karlush Keyrush avval Kolumbiya termasida ishlagani sabab raqibning ko‘plab futbolchilari va o‘yin xususiyatlarini yaxshi biladi. Bu afrikaliklarga taktik jihatdan yordam berishi mumkin.
Shunga qaramay, Kolumbiyaning hujumdagi imkoniyatlari ko‘proq. Gana bahsni yopiq uslubda boshlab, uzoq vaqt hisobni ushlab turishga harakat qiladi. Shu sabab yirik hisob emas, balki bir gollik g‘alabani kutyapmiz.
Prognoz: Kolumbiya — Gana 1:0
Keyingi bosqichga chiqadi: Kolumbiya
Ishonch darajasi: 68 foiz
Yakuniy prognozlar
Uchrashuv | Taxminiy hisob | Bosqichdan o‘tadi |
|---|---|---|
Avstraliya — Misr | 0:1 | Misr |
Argentina — Kabo-Verde | 2:0 | Argentina |
Kolumbiya — Gana | 1:0 | Kolumbiya |
Shunday qilib, prognozimizga ko‘ra, JCH-2026ning 1/8 finaliga so‘nggi uchta yo‘llanmani Misr, Argentina va Kolumbiya qo‘lga kiritadi.
Eng katta tavakkal — Avstraliya va Misr bahsi. Eng ishonchli tanlov esa Argentinaning g‘alabasi.
Ogohlantirish: Bu berilgan prognozlar har qancha to‘g‘ri chiqayotgani bilan unga asoslanib tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarga pul tikish noto‘g‘ri ekanligini eslatamiz.































Izohlar 0
…