Joze Mourinyo Real Madrid hujumchisini jamoada olib qolishga qaror qildi

Madridning Real Madrid klubi yangi bosh murabbiyi Joze Mourinyo kutilmagan qaror qabul qilib, yosh hujumchi Gonzalo Garcianing yozgi transferini toʻxtatib qoʻydi. Portugaliyalik mutaxassis jamoaning hujum chizigʻidagi muvozanatni saqlash maqsadida akademiyaning 22 yoshli tarbiyalanuvchisini sotmaslikni talab qilgan. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
AS nashri xabariga koʻra, Real Madrid rahbariyati avvalroq futbolchi uchun 60 million yevro narx belgilagan va uning sotilishiga tayyor edi. Biroq Mourinyo tarkibni chuqur tahlil qilgach, klub rahbariyatiga futbolchining ketishini taqiqlash boʻyicha koʻrsatma bergan. Murabbiyning fikricha, jamoada klassik markaziy hujumchi yetishmayapti.
Mbappe va Endrick borasidagi shubhalar
Mourinyo taktik jihatdan Kylian Mbappe va Endrickning sof "toʻqqizinchi raqam" sifatida oʻynashiga shubha bilan qaramoqda. Uning tahlillariga koʻra, Kylian Mbappe har tomonlama kuchli va universal hujumchi boʻlsa-da, u sof markaziy hujumchi emas. Endrick esa koʻproq qanotlarda yoki ikkinchi hujumchi sifatida samaraliroq harakat qiladi.Shu sababli, Joze Mourinyo jismoniy jihatdan baquvvat va anʼanaviy hujumchi uslubiga ega boʻlgan Gonzalo Garciani asosiy tarkib uchun munosib nomzod deb hisoblamoqda. Ispaniya yoshlar terma jamoasi aʼzosi yozgi taʼtildan aʼlo darajadagi jismoniy holatda qaytgani murabbiylar shtabida ijobiy taassurot qoldirgan.
Maʼlumot uchun, Gonzalo oʻtgan mavsumda Xabi Alonso va Alvaro Arbeloa qoʻl ostida 1471 daqiqa ichida 8 ta gol urishga muvaffaq boʻlgan edi. Uning samaradorligi va maydondagi intizomi Mourinyoning eʼtiborini tortgan asosiy jihatlardir. Endi futbolchi oʻzini koʻrsatish uchun katta imkoniyatga ega boʻladi.
Goal.com nashrining yozishicha, Gonzalo 1-avgust kuni Avstriyaning Klagenfurt shahrida Fiorentina jamoasiga qarshi kechadigan oʻrtoqlik uchrashuvida asosiy tarkibda maydonga tushishi kutilmoqda. Kylian Mbappe hali taʼtildan qaytmagani, Endrick esa oʻyinga tayyor emasligi sababli, yosh hujumchi oʻz mahoratini namoyish etish uchun qulay imkoniyatga ega.
Mavsumoldi tayyorgarlik doirasida Real Madrid yana beshta nazorat uchrashuvida ishtirok etadi. Agar Gonzalo ushbu oʻyinlarda murabbiy ishonchini oqlasa, u yangi mavsumda asosiy tarkibning muhim boʻlagiga aylanishi va transfer bozoridagi rejalar butunlay oʻzgarishi mumkin.






























Izohlar 0
…