OKMKdan 4 ta gol, «Andijon»dan kambek: 13-tur yakunlari...

O‘zbekiston Superligasining 13-turida muxlislar sermahsul va keskin uchrashuvlarga guvoh bo‘ldi. OKMK safarda «Qo‘qon-1912»ni yirik hisobda mag‘lub etgan bo‘lsa, «Andijon» Toshkentda ikki to‘plik farqni yo‘qqa chiqarib, «Lokomotiv»dan ochko tortib oldi.
«Mash’al» va «Nasaf» o‘rtasidagi bahsda esa g‘olib aniqlanmadi. Uchrashuv 1:1 hisobida yakunlanib, jamoalar bittadan ochkoga ega chiqdi.
Sobirjonov dubli OKMKga yirik g‘alaba keltirdi
OKMK «Qo‘qon-1912»ga qarshi o‘yinning birinchi bo‘limida raqib darvozasini ishg‘ol eta olmadi. Ammo tanaffusdan keyin Olmaliq klubi hujumdagi faolligini keskin oshirdi.
47-daqiqada Asadbek Sobirjonov hisobni ochdi. Oradan sakkiz daqiqa o‘tib, zaxiradan maydonga tushgan Nodirbek Abdurazzoqov mehmonlarning ustunligini ikki to‘pga yetkazdi.
59-daqiqada Sobirjonov ikkinchi golini urib, dublni rasmiylashtirdi. «Qo‘qon-1912» 66-daqiqada Ibrohim Yo‘ldoshevning goli orqali farqni qisqartirdi, biroq bu kambek uchun yetarli bo‘lmadi.
74-daqiqada Siavash Haqnazari uchrashuvdagi so‘nggi golni kiritib, yakuniy hisobni belgiladi — 1:4.
«Qo‘qon-1912» — OKMK — 1:4
Gollar: Sobirjonov, 47, 59; Abdurazzoqov, 55; Yo‘ldoshev, 66; Haqnazari, 74.
«Nasaf» tanaffusgacha javob qaytardi
«Mash’al» va «Nasaf» o‘rtasidagi bahsda hisob 18-daqiqada ochildi. Mezbonlar himoyachisi Straxinya Boshnyak raqib darvozasini ishg‘ol etib, jamoasini oldinga olib chiqdi.
Biroq «Mash’al» ustunlikni birinchi bo‘lim yakunigacha saqlab qola olmadi. 39-daqiqada Sardor Bahromov gol urib, muvozanatni tikladi.
Ikkinchi bo‘limda har ikki jamoada natijani o‘zgartirish imkoniyatlari bo‘lganiga qaramay, boshqa gol urilmadi.
«Mash’al» — «Nasaf» — 1:1
Gollar: Boshnyak, 18; Bahromov, 39.
«Lokomotiv» ikki to‘plik ustunlikni saqlay olmadi
Turning eng dramatik uchrashuvi Toshkentda o‘tdi. «Lokomotiv» birinchi bo‘lim yakunida Abdulloh Yo‘ldoshevning goli bilan oldinga chiqdi.
53-daqiqada Sardor Mirzayev hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirdi. Shu paytda mezbonlar g‘alabaga yaqindek ko‘ringandi, ammo «Andijon» vaziyatni o‘zgartirishga muvaffaq bo‘ldi.
68-daqiqada Aleksandre Androkinashvili farqni qisqartirdi. To‘rt daqiqadan keyin Dragan Cheran hisobni tenglashtirdi — 2:2.
79-daqiqada Nikolay Ivanov «Lokomotiv»ni yana oldinga olib chiqdi. Biroq uchrashuvning 89-daqiqasida Hamidullo Karimov andijonliklarni mag‘lubiyatdan qutqardi.
«Lokomotiv» — «Andijon» — 3:3
Gollar: Yo‘ldoshev, 43; Mirzayev, 53; Androkinashvili, 68; Cheran, 72; Ivanov, 79; Karimov, 89.
OKMK to‘rtinchi o‘ringa ko‘tarildi
Mazkur natijalardan keyin OKMK ochkolarini 22 taga yetkazib, turnir jadvalining to‘rtinchi pog‘onasiga ko‘tarildi.
«Lokomotiv» 19 ochko bilan yettinchi, «Nasaf» 18 ochko bilan sakkizinchi o‘rinda bormoqda. «Andijon» 17 ochko bilan to‘qqizinchi pog‘onani egallagan.
«Mash’al» esa 13 turdan keyin to‘rt ochko bilan jadvalning so‘nggi o‘rnida qoldi. Jamoa «Nasaf»dan ochko olgan bo‘lsa-da, xavfli hududdan chiqish uchun keyingi uchrashuvlarda g‘alabalarga muhtoj.































Izohlar 0
…