O‘zbekiston terma jamoasi elita divizionida: JCH-2034 ga chiqishda yangi mexanizm qanday?

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Osiyo futbol konfederatsiyasi 2030-yildan boshlab Osiyo Millatlar ligasini yo‘lga qo‘ymoqda, bu turnir 2034 yilgi Jahon chempionati saralashining asosiy tizimi bo‘ladi.
- 47 ta jamoa reytingiga qarab uchta divizionga ajratiladi va divizionlar o‘rtasida klassik rotatsiya tizimi joriy etiladi.
- Yuqori divizionda 1–6-o‘rinni olgan jamoalar JCh-2034 ga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma oladi, 7–10-o‘rinlarni egallaganlar esa qo‘shimcha yo‘llanmalar uchun pley-offda ishtirok etadi.
Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) qit’a futboli taqvimi va saralash bahslari tizimida ulkan o‘zgarishlarni ko‘zda tutuvchi tarixiy islohotga qo‘l urmoqda. Asean Football bergan ma’lumotga ko‘ra, tashkilot 2030 yildan boshlab rasman yangi musobaqa — Osiyo Millatlar ligasini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda.
Mazkur musobaqa shunchaki mustaqil kubok emas, balki 2034 yilgi Jahon chempionatining rasmiy saralash tizimiga to‘liq integratsiya qilinadigan asosiy turnir vazifasini bajaradi. Buning natijasida zerikarli o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘rnini jiddiy strategik bahslar egallaydi.
47 ta jamoa va 3 ta divizion: Turnir formati qanday bo‘ladi?
Taklif etilayotgan yangi loyihaga muvofiq, OFKga a’zo barcha 47 ta milliy terma jamoa reytingi va salohiyatiga qarab uchta ligaga (divizionga) ajratiladi:
Yuqori (elita) divizion: Qit’aning eng kuchli 18 ta terma jamoasi;
Qolgan divizionlar: Qolgan barcha jamoalar 2 va 3-divizionlar o‘rtasida taqsimlanadi;
Ligalar aro almashinuv: Turnirda divizionlar o‘rtasida ko‘tarilish va quyi ligaga tushib ketish bo‘yicha klassik rotatsiya tizimi amal qiladi.
JCH-2034 yo‘llanmalari qanday taqsimlanadi?
Millatlar ligasining aynan Jahon chempionati saralashiga bog‘langan bosqichi qit’a terma jamoalari uchun Mundialga borishning eng asosiy va qulay yo‘liga aylanadi:
6 ta to‘g‘ridan to‘g‘ri kvota: Yuqori divizion bahslari yakuniga ko‘ra eng kuchli 1–6-o‘rinlarni qo‘lga kiritgan terma jamoalar to‘g‘ridan to‘g‘ri 2034 yilgi Jahon chempionatiga yo‘llanma oladi;
Pley-off imkoniyati: Elita divizionida 7–10-pog‘onalarni band etgan 4 ta terma jamoa Osiyoga ajratilgan qo‘shimcha 2 ta to‘g‘ridan to‘g‘ri chipta uchun o‘zaro pley-off bahslarida maydonga tushadi;
Qit’alararo kurash: Pley-offning yakuniy g‘oliblaridan keyingi o‘rinni olgan jamoa qit’alararo o‘tish turnirida qatnashish huquqini qo‘lga kiritadi.
O‘zbekiston uchun qo‘shimcha va qulay imkoniyat
Tarixida ilk bor 2026 yilgi Jahon chempionati yo‘llanmasini naqd qilgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi Osiyo futbolidagi o‘z mavqei va reytingini muttasil yuqori tutib turibdi.
Mutaxassislarning fikricha, vakillarimiz yangi tizimning eng yuqori divizionidan muqim joy oladi. Bu esa O‘zbekistonga doimiy ravishda qit’a grandlari bilan kuch sinashish, tajriba oshirish va eng muhimi — 2034 yilgi Jahon chempionati yo‘llanmasini an’anaviy bosqichma-bosqich saralashdagi qiyinchiliklarsiz, to‘g‘ridan to‘g‘ri Millatlar ligasi orqali hal qilish uchun ulkan strategik ustunlik beradi.































Izohlar 0
…