23:01 / 09.08.2017
4 443

Viktor Kumikov: «Medallar yo‘lidagi kuchli raqobatga tayyormiz»

Viktor Kumikov: «Medallar yo‘lidagi kuchli raqobatga tayyormiz»
Birinchi davrada chakki taassurot qoldirmagan «Olmaliq» mavsumning hal qiluvchi bosqichiga jiddiy shaylandi. Deylik, Viktor Kumikov jamoasi Belarus poytaxti - Minskda o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini o‘tkazdi.

Oz emas, 3 hafta davom etgan ushbu xorij safari doirasida jami 5ta o‘rtoqlik uchrashuvi uyushtirildi. Olmaliqliklar xususan, yig‘indan o‘rin olgan so‘nggi nazorat bahsida Minskning «Krumkachi» klubiga hech qanday imkoniyat qoldirishmadi - 5:0.

E’tiborlisi, barcha gollar ikkinchi bo‘limda urildi va «Olmaliq»ning yangi a’zosi Farhod Tojiev «xet-trik»ka erishdi. Qolgan 2ta gol Viktor Klishin va Sanjar Rixsiboyev hisobiga yozildi.

Biroq so‘nggi nazorat o‘yinida sermahsullik ko‘rsatgan Tojievlar kenjasi ikkinchi davrani «Olmaliq»da boshlamaydi. Tajribali hujumchi ijara kelishuvi bo‘yicha Samarqand «Dinamo»siga yuborildi.

Jamoa bosh murabbiyi Viktor Kumikov biz bilan suhbat davomida bu qarorni alohida izohladi: «Ayni payt Farhodga o‘yin amaliyoti taqdim etish zarur».

- Viktor Balyutovich, Minsk yig‘ini va uning doirasida o‘tkazilgan o‘rtoqlik uchrashuvlaridan ko‘nglingiz to‘ldimi?

- Yig‘in reja asosida olib borildi. O‘yinlar sifatidan ham qoniqdim qaysidir ma’noda. Muhimi, ob-havo mashg‘ulot va o‘rtoqlik uchrashuvlari uchun ideal holatda edi. Yig‘in uchun tanlangan bazadagi sharoitlar ham talabga muvofiq ekan. Aytgancha, Belarusning turli yosh toifasidagi terma jamoalari ham aynan biz to‘xtagan joyda shug‘ullandi.

- Umuman, yig‘in uchun nega aynan Minsk shahri tanlandi?
- Birinchi galda, taklif etilgan narx va sifat ma’qul keldi. Keyin iqlim sharoiti aynan futbol uchun mosligi e’tiborimizni tortdi. Qolaversa, Toshkentdan Minskka to‘g‘ridan-to‘g‘ri reys borligi ham tanlovimizga ta’sir qildi.

Xullas, shu omillarning hammasi bir bo‘lib, bizni Belarusda yig‘in olib borishga undadi. O‘zi aslida Kislovodsk shahriga borishni mo‘ljallagandik. Lekin mehmonxona masalasiga bog‘liq muammo sabab, rejani o‘zgartirishimizga to‘g‘ri keldi. Umuman o‘sha vaqtdayoq Minskda shug‘ullanishga zaxira varianti sifatida qaragandik.

- «Olmaliq» yig‘in chog‘i 5ta o‘yinda saviya jihatidan o‘ziga munosib raqiblar bilan kuch sinashdimi?
- Sparring-raqiblar sifatida maydonga tushgan jamoalardan 3 tasi Belarus chempionati oliy ligasida o‘ynaydi. Yana bir raqib esa Turkmaniston chempionati peshqadami. Faqat so‘nggi o‘yinda birinchi liga vakiliga qarshi maydonga tushdik va bunda ikkinchi tarkibdan foydalandik.

- Jamoaning yangi futbolchilari harakatlari haqida nima deya olasiz?
- Davralar oralig‘ida safimizga Farhod Tojiev, Lutfulla To‘raev, Sanjar Rixsiboyev, Zafar Polvonov kabi futbolchilar qo‘shilishdi. Ular bilan shartnomalar rasmiylashtirildi va barchalari «Olmaliq» a’zosiga aylanishdi. Umumiy olganda, bu yigitlar Minskda ham chakki taassurot qoldirishmadi.

- Biroq bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, Tojiev ikkinchi davrani ijara asosida «Dinamo»da o‘tkazadi. Bu qanchalik to‘g‘ri va sababi nima?
- Ha, bu xabarni tasdiqlayman. Ochig‘i, boshidan shunday rejamiz bor edi. Ijara muddatini qaysi jamoada o‘tashni esa Farhodning o‘zi hal qildi. Unga «Dinamo» varianti ma’qul keldi.

- Hujum chizig‘ida raqobatni yanada kuchaytirish maqsadida Tojievni olib qolishni ham muhokama qildinglarmi?
- Tanlash imkoniyatini Farhodga qoldirdik va «Dinamo»da o‘ynashni ixtiyor etdi. Lekin Tojievning jamoamiz bilan shartnomasi bor. Demak, ikkinchi davrada o‘zini ko‘rsatsa, «Olmaliq»qa qaytishi mumkin.

- Xo‘sh, jamoangiz ikkinchi davra o‘yinlariga nechog‘li tayyor, sizningcha?
- Yig‘in va o‘rtoqlik uchrashuvlariga qarab xulosa chiqarsam, natijalarimiz chakki bo‘lmasligi kerak. Futbolchilar katta hajmda ish bajarishdi. O‘ylaymanki, ikkinchi davrada bu o‘z samarasini beradi.

- Endi birinchi davra yakunlariga ham ozgina to‘xtalsangiz - umumiy fikrlaringiz qanday?

- Bilasiz, O‘zbekistonga katta tanaffusdan so‘ng qaytdim. Barcha yo‘nalishlar bo‘yicha ijobiy gaplar aytishim mumkin. Deylik, maydonlar sifati sezilarli darajada o‘zgaribdi. Klublarda futbolga e’tibor ancha kuchaygan. Hakamlik ham ijobiy holatda. Har holda, oldingidek qo‘pol xatolar ko‘zga tashlanmayapti. Oddiy aytganda, barcha jabhalarda o‘sish bor.

- Mavsum arafasida «Olmaliq» oldiga qo‘yilgan vazifa o‘z kuchidami yoki...?

- Hozircha maqsadni o‘zgartirmadik - sovrinli o‘rinlardan birini egallash uchun harakat qilamiz. To‘g‘ri, buni uddalash oson emas. Turnir jadvali yuqori qismida raqobat juda baland. Lekin biz kutilayotgan shu kuchli raqobatga tayyormiz.

- «Paxtakor» va «Bunyodkor» jamoalarida katta o‘zgarishlarga qo‘l urildi. Bu jarayonni ham kuzatib boryapsizmi?
- Nafaqat etakchi klublar, balki boshqa ishtirokchilarga daxldor o‘zgarishlarga ham aslo befarq emasman. Misol uchun, «Buxoro»ni alohida ta’kidlashim mumkin. Ulug‘bek Baqoyev darhaqiqat, raqobatbardosh jamoa shakllantirmoqda.

Uning shogirdlari birinchi davrada yaxshi taassurot qoldirishdi. Qolaversa, «Lokomotiv»ga qarshi kechgan O‘zbekiston kubogi chorak finalining asosiy vaqtida mag‘lubiyatga uchramadi. «Buxoro» javob bahsida «sensasiya» qayd etishi hech gap emasdi. Ha, sovrinli o‘rinlar uchun kurashayotgan jamoalar bir-biridan kuchli. Lekin oldimizga qo‘yilgan aniq vazifa bor. Uni bajarish uchun esa yanada kuchli o‘ynashimiz shart.

- Klub rahbariyati bu borada nechog‘li qo‘llab-quvvatlayapti?
- Rahbariyatga hech qanday e’tirozimiz yo‘q. Zarur sharoitlar muhayyo etilgan. Mana, xorijda 3 hafta shug‘ullanib qaytdik. Bu barchasi a’lo darajada ekanligidan dalolat.

- Demakki, maosh masalasida qarzdorlik yo‘q.

- Shunday. Maosh ham, mukofot puli ham vaqtida berilyapti va bizdan faqat yaxshi o‘ynash talab etilyapti.

Kamoliddin ALIMOV suhbatlashdi


Manba: www.interfutbol.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Viktor Kumikov: «Medallar yo‘lidagi kuchli raqobatga tayyormiz»