13:14 / 24.08.2017
3 603

Neymar: vijdonim toza - hech qanday noto‘g‘ri ish qilganim yo‘q

Neymar: vijdonim toza - hech qanday noto‘g‘ri ish qilganim yo‘q
Dunyonnig eng qimmat futbolchisi Neymar PSJ klubi a’zosi sifatida Kataloniyadan Parijga yo‘l olish jarayoni tafsilotlari haqida o‘rtoqlashdi.

- Yangi marralar sari intilish imkoniyati hosil bo‘lganidan, Parijdek g‘aroyib shaharga kelganimdan g‘oyat mamnunman. PSJ bilan mashg‘ulotlarga kirishish, nufuzli sovrinlar yutishni maqsad qildim, deya boshladi Neymar suhbatning kirish qismida.

- Dastlabki qadamni o‘zingiz tashlaganingizni tasdiqlaysizmi? Nima sababdan aynan PSJni tanladingiz?
- Shunchaki, salohiyatimni yangicha sharoitda sinab ko‘rishni ixtiyor etdim. Chunki muhitni o‘zgartirish ishtiyoqi menga tinchlik bermayotgandi.

- Jamoada chin etakchi bo‘lish istagi ham qaroringizga ta’sir o‘tkazdimi?
- Yo‘q. “Barsa”dan ketishimning bu masalaga umuman daxli yo‘q. Qaytaraman, yangi cho‘qqilarni zabt etish xohishi kuchli edi. Klubda etakchi emasligim meni hech qachon xavotirga solmagan. Bu rolga intilmaganman, intilmayman ham. Lekin nufuzli sovrinlarga ega bo‘lishni istayman.

- PSJ o‘tgan yili ham sizga aniq taklif bilan chiqqandi. Nima, o‘sha paytdagi chorlov qiziqish uyg‘otmaganmidi?
- Bu savolga lo‘nda javob qaytarish qiyin. Menimcha, muhitni o‘zgartirish uchun qulay payt endi keldi.

- “Barselona” vakillari Kataloniyada qolishingiz tarafdori edilar. PSJ a’zolari bilan gaplashdingizmi?
Parijda sizni ko‘ngildagidek kutib olishlariga aynan kim ishontirdi?

- Tushunarliki, hayotimdagi o‘ta murakkab qarorlardan birini qabul qildim. Axir “Barselona” sharoitiga moslashib ulgurgan, ko‘plab do‘stlar orttirgandim. Umuman, anchayin murakkab davrni boshdan o‘tkazdim, kelajakda qanday ishlarni amalga oshirish haqida uzoq o‘yladim.

O‘z o‘rnida, sobiq jamoadoshlarimga minnatdorchilik bildiraman - ular mendan o‘z yordamlarini darig‘ tutmadilar. Albatta, PSJdagi yigitlar bilan ham suhbatlashdim va ular jamoaga tezroq moslashishim uchun imkon qadar ko‘maklashishga va’da berdilar.

- Qiziq, qandaydir ikkilanish ham sezildimi?
- Ha, axir murakkab qaror qabul qilish osonmi? Ko‘pchilik transfer amalga oshishidan oldin rasman bayonot berishimni so‘radi.

Biroq 100 foiz ishonch hosil qilmay turib, qanday fikr bildirishim mumkin? Xullas, barchasini uzil-kesil hal qilganimdan keyingina qarorimni rasman oshkor etdim.

- Neymar PSJga faqat pul tufayli o‘tdi - bunday fikrlarga javobingiz qanday?
- Hayotimdan umuman bexabar kishilargina shunday o‘ylashlari mumkin. Lekin men uchun buning ahamiyati yo‘q. Chunki hamisha o‘zim va oilam baxti haqida qayg‘uraman.

- Neymar, dunyoning eng qimmatbaho futbolchisi sifatida o‘zingizni qanday his etyapsiz?
- Odatdagidek, hech qanday muammo yo‘q. Avval qanday bo‘lsam, hozir ham shundayman.

- Sobiq jamoadoshingiz Pike ijtimoiy tarmoqqa “U qoladi” yozuvli fotosuratingizni joylashtirgandi. Bu xususda nima deya olasiz?
- Bir kuni mashg‘ulotlardan bo‘shagach, kechki taomga to‘plandik va birga suratga tushdik. Pike surat ostiga yozuv ilova qilishini aytganida, e’tiroz bildirdim. Chunki “Barselona”da qolishim yoki ketishim aniq emasdi. Pike esa o‘z bilganidan qolmadi - bor gap shu.

- “Barselona”dan shu tariqa ketishingiz jamoa muxlislariga yoqmagani aniq. Ular hattoki, sizni xoinga chiqarib, Figu bilan qiyoslashmoqda...
- Muxlislarning menga xoin sifatida qarashlari, butun dunyoda shunday xayolga borishlari achinarli, albatta. Lekin vijdonim toza - hech qanday noto‘g‘ri ish qilganim yo‘q. Axir jamoada qolish yoki qolmaslik avvalo, har bir futbolchining o‘ziga bog‘liq. Ya’ni u kelajagini mustaqil belgilash huquqiga ega.

Ma’lumot uchun, Neymar PSJda 10-raqam ostida to‘p suradi. Parijliklar braziliyalik hujumchi transferi uchun 222 million evro to‘lashdi va uni dunyoning eng qimmat futbolchisiga aylantirishdi.

Bundan tashqari, 25 yoshli hujumchi jahonning eng ko‘p maosh oluvchi futbolchilari ro‘yxatida 2-o‘ringa chiqib oldi.

Eslatib o‘tamiz, “Barselona” Neymardan shartnoma shartlarini buzgani uchun 8,5 million evro miqdorda pul talab qilib, uni sudga bergan.


Manba: Qalampir.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Neymar: vijdonim toza - hech qanday noto‘g‘ri ish qilganim yo‘q