21:40 / 25.08.2017
6 286

Boks bo‘yicha JCh-2017: Sanjar Tursunov O‘zbekiston terma jamoasi bahslarini boshlab beradi

Boks bo‘yicha JCh-2017: Sanjar Tursunov O‘zbekiston terma jamoasi bahslarini boshlab beradi
Bugun 25 avgustda Germaniyaning Hamburg shahrida Boks dunyosining 2017 yilgi eng nufuzli musobaqasiga start beriladi. 25 avgustdan 2 sentyabrgacha Hamburg shahri AIBA World Boxing Championship-2017 musobaqasiga mezbonlik qiladi. Unda O‘zbekiston terma jamoasi kamsonli mamlakatlar singari to‘liq tarkibda ishtirok etadi. Ular shu yilning 7 avgustida iqlimga moslashish va so‘nggi tayyorgarlik ko‘rish maqsadida Hamburgga jo‘nab ketishgan edi.

Olimpiya o‘yinlari dasturidan joy olgan sport turlari bo‘yicha mutaxassislarning ta’kidlashicha, to‘rt yillikning nufuzli musobaqasiga nisbatan Jahon chempionatida kuchlilar qatoridan o‘rin egallash mushkulroq. O‘zbekiston Boks federatsiyasi matbuot xizmatining xabar qilishicha, jahon chempionatida dunyoning 80 dan ortiq mamlakatlaridan ko‘zga ko‘ringan charm qo‘lqop ustalari 10 ta vazn toifasida chempionlik uchun bahslarga kirishadi. Quyidagi jadvalda musobaqalarning to‘liq jadvali bilan tanishishingiz mumkin.

Qur’aga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasining ilk jangini -91 kg vazn toifasidagi iqtidorli yosh bokschimiz Sanjar Tursunov boshlab beradi va nikaragualik Jeffri Gonsalesga qarshi ringga ko‘tariladi. Birinchi davra uchrashuvlaridanoq ringga ko‘tariladigan charm qo‘lqop ustasi Gonsales ustidan g‘alabaga erisha olsa, ikkinchi davrada argentinalik Yamil Peraltaga qarshi jang qiladi.

Qur’a natijasiga ko‘ra, eng og‘ir +91 kg vazn toifasida Osiyo chempioni Bahodir Jalolov jahon chempionatida birinchi raqam ostida ringga ko‘tariladi. U to‘g‘ridan-to‘g‘ri ikkinchi davradan bahslarga qo‘shiladi. Bahodirning raqibi daniyalik Kem Larsen hamda angolalik Mbui Karlos Masia o‘rtasidagi jangdan so‘ng ma’lum bo‘ladi.

-81 kggacha vazn toifasidagi mohir bokschimiz Rio-2016 Olimpiadasi kumush medali sovrindori, Osiyo chempioni Bektemir Meliqo‘ziyev o‘z vazn toifasida ikkinchi raqam ostida saralandi. Bektemir to‘g‘ridan-to‘g‘ri bahslarni ikkinchi davradan boshlaydi. Charm qo‘lqop ustamizning raqibi rossiyalik Muslim Gajimagomedov hamda kolumbiyalik Jeysson Varela Monroy o‘rtasidagi jangdan so‘ng ma’lum bo‘ladi.

-75 kg vazn toifasida ishtirok etuvchi yana bir iqtidor sohibi, Osiyo chempioni Isroil Madrimov o‘z vazn toifasida yettinchi raqam ostida saralandi. Amaldagi Olimpiada chempioni kubalik Arlen Lopes birinchi raqamda harakat qiladi. Shunga qaramay, u o‘z ishtirokini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ikkinchi davradan boshlaydi. Isroilning raqibi Puerto-Riko vakili Luis Rodriges hamda turkmanistonlik Aziz Achilov o‘rtasidagi jangdan so‘ng ma’lum bo‘ladi. Eslatib o‘tamiz, Madrimov shu yili Samarqandda Butunjahon boks seriyasi (WSB) doirasidagi “Cuba Domadores” jamoasiga qarshi kechgan jangda aynan Arlen Lopesni shov-shuvli tarzda taslim etgandi. O‘z o‘rnida Lopes Rio Olimpiadasi finalida Bektemir Meliqo‘ziyevdan ustun kelgandi.

69 kggacha vazn toifasidagi Rio-2016 Olimpiadasi kumush medal sohibi, Osiyo chempioni Shahram G‘iyosov o‘z vazn toifasida birinchi raqam ostida saralandi. U ham o‘z ishtirokini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ikkinchi davradan boshlaydi. Charm qo‘lqop ustasining raqibi ukrainalik Yevgeniy Barabanov hamda zambiyalik Nkumbu Silungve o‘rtasidagi jangdan so‘ng ma’lum bo‘ladi.

-64 kg vazn toifasidagi hamyurtimiz, Osiyo chempioni Iqboljon Xoldorov ham o‘z ishtirokini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ikkinchi davradan boshlaydi. E’tiborli tomoni shundaki, charm qo‘lqop ustasi JCh reytingida 5-raqam ostida tasniflangan. Hamyurtimiz raqibi polshalik Matej Polski hamda kolumbiyalik Jon Gutteres o‘rtasidagi jangdan so‘ng ma’lum bo‘ladi.

60 kggacha vazn toifasidagi yana bir Osiyo chempioni Elnur Abduraimov o‘z ishtirokini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ikkinchi davradan boshlaydi. Reytingda 4-o‘rinda turgan hamyurtimizning raqibi avstraliyalik Xarri Garsayd hamda armanistonlik Karen Tonakanyan o‘rtasidagi jangdan so‘ng ma’lum bo‘ladi.

-56 kg vazn toifasida Rio Olimpiadasi sovrindori, Osiyo chempioni Murodjon Ahmadaliyev “Kaka” o‘z ishtirokini birinchi bosqichdan boshlaydi. U ilk davrada ringga ko‘tariluvchi qozog‘istonlik Qayrat Eraliyev va meksikalik Kristofer Flores g‘olibiga qarshi jang qiladi.

-52 kg vazn toifasidagi o‘zbekistonlik Osiyo chempioni Jasurbek Latipov o‘z ishtirokini birinchi bosqichdan boshlaydi. Uning raqibi Puerto-Riko vakili Yankiel Rivera bo‘ladi.

- 49 kg vaznda Rio-2016 Olimpiadasi g‘olibi, dunyoning eng yaxshi bokschisiga beriladigan Vel Barker sovrinining amaldagi sohibi Hasanboy Do‘smatov o‘z ishtirokini ikkinchi bosqichdan boshlaydi. U ukrainalik Nazar Kurotchin yoki kosta-rikalik Robinson Rodriges juftligi g‘olibiga qarshi ringga ko‘tariladi.

Eslatib o‘tamiz, o‘zbekistonlik boks muxlislari JCh-2017 bahslarini UzReport telekanali orqali jonli efirda tomosha qilishlari mumkin.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Boks bo‘yicha JCh-2017: Sanjar Tursunov O‘zbekiston terma jamoasi bahslarini boshlab beradi