08:45 / 01.09.2017
4 761

O‘zbek futbolining kelajagi bormi?

O‘zbek futbolining kelajagi bormi?
JCh–2018 turniriga saralash bosqichi “A” guruhi 9-turidan o‘rin olgan Xitoy–O‘zbekiston uchrashuvi mezbonlarning kichik (1:0) hisobdagi g‘alabasi bilan yakunlangani haqida xabar bergandik.

Endi navbat terma jamoa atrofida shu kungacha bo‘lgan jarayonlar haqida fikr yuritishga yetib keldi, deb xulosa qilish mumkin.

Mag‘lubiyat shunchaki sodir bo‘lmaydi, ya’ni takroriy xatolarni bartaraf etish ustiga yana xatoga yo‘l qo‘yish — bu aqlsizlikning o‘zginasi!

Har qanday xolatda ham natijaga bosh murabbiy javob berishi futbolning asosiy qonunlaridan biri. Xattoki ilk o‘yinida mag‘lub bo‘lib, iste’foga chiqqan tajribali ustozlar ham topiladi.

Shuningdek, buning aksi, birgina g‘alabadan keyin ham bo‘shagan murabbiy ham tarixda uchradi. Buni Angliya terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Sem Ellardays misolida ko‘rishimiz mumkin.

Sport, ayniqsa futbol musobaqalari — muxlislar e’tirofi bilan e’tiborda! Muxlislarning futbolchilarga ham, murabbiylarga ham tashakkuri, o‘z so‘zi, munosabati va iddaolari bor... Xo‘sh, olqishlaganda, o‘yingohlarga yig‘ilganda mehrga sazovor bo‘lgan jamoa va murabbiylar — tanqid ostiga olinganda o‘zlariga tanqidiy baho berishga, ma’lum keskin choralarni ko‘rishga ojizmi?

So‘nggi saralash bosqichidagi 5 ta mag‘lubiyatning o‘zi ham murabbiyni ishdan bo‘shatish uchun kamdek tuyulmoqdami?

Samvel Babayanning O‘zbekiston terma jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlanganida uning “Paxtakor” jamoasidagi natijalari inobatga olingandi. To‘g‘ri, o‘sha mavsumlarda uning qo‘l ostidagi “Paxtakor” ancha yaxshi, sifatli o‘yin ko‘rsatgan. Bunday jihatlar esa milliy termadan Mirjalol Qosimovning istefosi va Babayanning o‘rniga ish boshlashiga zamin yaratdi.

Keling, Mirjalol Qosimovning milliy terma jamoaga ustoz bo‘lgan vaqtlarini bir eslasak... Eron so‘nggi soniyalarda Halatboriyning goli evaziga Toshkentdan 3 ochko bilan qaytdi. O‘sha tunning o‘zida O‘FF rasmiy sayti Mirjalol Qosimovning termaga ustoz bo‘lgani haqida ma’lumotni tarqatdi.

Termaning navbatdagi o‘yini esa 5 kundan keyin Livan termasiga qarshi o‘tkazilardi. Manaman degan futbolning dahosi ham yangi jamoasiga 5 kunda o‘zining falsafasini kirgiza olmasligini hamma biladi. Oqibatda roppa rosa 5 kundan keyin Livan bilan 1:1 hisobida durang o‘ynaldi.

Keyinchalik qolgan o‘yinlarda terma jamoa Qosimov qo‘l ostida ishonchli o‘yinlarni o‘tkazganini barcha tan oladi. Biroq bir jihat borki, Jahon chempionatiga chiqishimiz kerak edi. Afsuski, yuklatilgan vazifani Mirjalol Qo‘shoqovich ham uddalay olmadi...

Shimoliy Koreya termasi bilan o‘tkazilgan o‘yin (4:2) dan keyin Mirjalol Qosimov o‘z istagiga ko‘ra iste’fo berdi.

Samvel Babayan — termaning yangi ustozi. Uning vazifasi — 3-saralash bosqichidagi barcha o‘yinlarda g‘alaba qozonish edi. Vazifa uddalandi. O‘sha vaqtlarda oddiy muxlislar Samvel Babayanni farishta yoki futbol dahosiga aylantirgani bor gap.

Ammo o‘zbek futboli mutaxassislari hali xulosaga ertaligi, Babayan va uning termasiga beriladigan bahoni 4-saralash bosqichida berish kerakligini ta’kidlashdi. To‘ppa to‘g‘ri, sodda raqiblarni yutib olishni terma jamoa bosh murabbiysiz ham uddalay olardi. Oldinda Osiyo gigantlari bizni kutib turganligi — ko‘nglimizga ozgina g‘ulg‘ula soldi...

Natijalarni qaytarib o‘tirish shart emas. Ketma-ket mag‘lubiyatlardan keyin O‘FF binosida Samvel Babayanning iste’fosi masalasi bo‘yicha navbatdan tashqari yig‘ilish o‘tkazdi. Unga oldindagi 2 o‘yinda imkoniyat berishdi. Vaholanki, mana shundayoq uni iste’foga chiqarishning ayni vaqti edi. Undan tashqari Babayanni olib qolishga hech qanday asos ham topilmadi. Imkoniyat berildi, bas. Kutinglar...

Babayan qo‘l ostidagi terma jamoaning o‘yin uslubi, hujumkorligi borasida maqtana olmaydi. Jiddiy raqiblar u yoqda tursin, Suriyaga ham mag‘lub bo‘ldik. O‘zbekistonning futbolga qiziqadigan 90 foiz aholisi ijtimoiy tarmoqlarda #BabayanOut xeshtegi ostida xabarlarni to‘ldirib tashlashdi.

Biroq...

Babayan futbolni xohlasa o‘ngga, xohlasa chapga burib, xohlasa yerga tashlab yuboradi. Yaxshiki, Xitoyga yutqazgan vaqtimizda eronliklar Janubiy Koreya bilan 0:0 hisobidagi durangni qayd etdi.

Suriya esa Qatarni 3:1 hisobida mag‘lub etib, 3-o‘rinni bizdan tortib oldi. Xayrulla Hamidov aytganidek, umidlar so‘nmagay! Biz faqat umid uchqunlarini ushlab yuraveramiz.

Bizda futbol tranzistorlari ishdan chiqqan. Bizdagi futbolimiz soati millari orqaga qarab aylanmoqda. Poyezdimiz ortga yurmoqda.

Bunday tashlanayotgan qadamlar bilan futbolimizni oldinga siljita olmaymiz. Yana o‘sha fakt, keyingi o‘yinga 5 kun vaqt qoldi. Samvelni esa iste’foga chiqarishga endi juda kech...

Barchasi qanday yakun topadi? Buni keyinga o‘yin natijasiga qarab baholaymiz. Ha, keyingi o‘yin, va yana Eron terma jamoasiga muxlislik qilamiz. Taqdirimiz o‘z qo‘limizda emas. Qachonki, mana shu yomon odatdan qutula olsak, barchasi ko‘ngildagidek bo‘lishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Janubiy Koreya o‘z maydonida Eron bilan durang o‘ynadi (0:0). Suriya terma jamoasi esa Qatarni 3:1 hisobida mag‘lub etdi va uchinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi.

O‘zbekiston terma jamoasi so‘nggi bahsda Janubiy Koreyani mag‘lub etgan taqdirda ham Suriya termasi Eron ustidan g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, guruhda ikkinchi o‘rinni egallab, to‘g‘ridan-to‘g‘ri jahon chempionatiga yo‘l oladi.

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston terma jamoasi 5 sentyabr kuni Toshkentdagi “Bunyodkor” stadionida Janubiy Koreyaga qarshi bahs olib boradi. Uchrashuv chiptalarini “Bunyodkor” stadioni kassalaridan xarid qilishingiz mumkin.

Manba: Qalampir.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbek futbolining kelajagi bormi?