Maqolani ermakka emas, balki dilimdagi bor gapni to‘kish uchun yozayapman. Kecha tayyorlagim kelgandi, lekin ehtiroslarim aqlimdan ustun chiqishini bilib, biroz fursat o‘tkazdim.
Muxlislarning bosh murabbiy haqida: “Tarkibga falonchini nega oldi?”, “Taktikasi qani?”, “Nega hech kreativ g‘oyalarni maydonda ko‘rmayapmiz” kabi e’tirozlari bejiz emasligi kecha yana bir bor ko‘rindi. Bilasizmi, ikki yildan beri tanqidiy ruhda nomi chiqqan va chiqmagan jurnalistlar tomonidan yozilgan yuzlab maqolalar umuman samara bermaganiga hayron bo‘lasan, kishi. Ularning tanqidlari Babayan minib olgan tankka otilgan kesak misoli ta’sir qildi xolos. Endi o‘sha jurnalistlar: “Hali imkoniyat bor” ko‘rinishida qog‘oz qoralab, raqamlarni sanashga o‘tishgan.
Taktikasi yo‘q jamoa, mazmuni yo‘q she’rga o‘xshaydi. Qofiya, vazn, turoq, so‘zlar jamlanmasi bor, biroq ma’no yo‘q. “Babayan taktikasi”ning bor falsafasi ham shunda. O‘yinchilar maydonda bor, taktika yo‘q. Biroq, “o‘zbek futboli tarixidagi eng zo‘r terma” ustozi alohida o‘yinchilardagi “ko‘rinmas qobiliyat” va “qirralar”ni anglay oladi. Sergeyev va Lobanovni “o‘ziga hos” jihatlarini faqat mana shu murabbiy ko‘ra oldi. Biz nodonlar tushunmadik. Doston Hamdamov “Osiyoning eng yaxshi yosh o‘yinchisi” deb tan olinishi mumkin, lekin Babayan nazdida u zahiraga loyiq. Fozil Musayev yapon oliy ligasida ming to‘p sursin, terma jamoaga yaramaydi. Vagiz Galiulin haqida-ku gapirish befoyda. O‘yinchilarning bunday saralanishidan tashqari, Babayan falsafasi oldida taktika bir chetda xomush qoldi. Muxlislar esa ana shunday falsafa oqibatida o‘z termasini ligasi ham bo‘lmagan Suriyadan quyida ko‘rib turibdilar.
Bilib aytishgan: “Futbolning boshi, o‘rtasi va oxiri murabbiyga bog‘liq”. Kecha biz o‘zimizni jamoa o‘yiniga o‘zimiz tomondan nazar solib, yigitlarimizda juda ko‘p shanslar bo‘ldi deb o‘yladik ham. Nima, Xitoy termasida imkoniyatlar bo‘lmadimi? Nesterov besh soniyaning o‘zida joniqib, ikki martalab yakkama-yakkani olgani, darvozamiz tomon har uch daqiqada bittadan burchak tepilgani yo‘qmi? Hisob raqib foydasiga bundan-da katta ko‘rinishda bo‘lishi ham mumkin edi..
Xitoy 69 yoshli murabbiy boshchiligida sovuqqon va mazmunli o‘yin ko‘rsatdi. G‘alaba uchun jonini berib, biroz qo‘polroq, lekin aniq maqsad yo‘lida harakat qilgan jamoa o‘yin so‘ngida maqsadiga erishdi. Bilamiz, murabbiy Lippi haqida eshitgan joyingiz bor. Marchello Lippi - futbol tarixida jamoasi bilan ham jahon chempionati ham chempionlar Ligasini yutgan birinchi murabbiy. “Yuventus”ni 4-2-3-1 sxemasida o‘ynatib, butun dunyo yoqimtoyiga aylantirgan va Yevropada yagona qilgan ham - Lippi bo‘ladi. Uning ko‘hna qit’ada erishgan yutuqlari haqida yozish uchun ancha vaqt ketadi.
Samvel Babayan shaxsiga nisbatan menda umuman adovat yo‘q. Lekin, mana shu insonni qanday qilib bosh jamoa murabbiyligiga joylashib qolgani taajjubga solaveradi. Rasmiy termaga milliy chempionat va qit’ada ma’lum bir yutuqlarni qo‘lga kiritgan murabbiy tayinlanishi kerak emasmidi? U murabbiy bo‘lganidan beri termamiz biror marta mazmunli taktikaga ega uchrashuv o‘tkazmadi. Eh, gapirsang gap ko‘p. U bo‘ldi, bu bo‘ldi oxiri “Xayr Rossiya” bo‘ldi. Keyingi jahon chempionatiga yoshi o‘tib qoladigan Odil Ahmedov va Vitaliy Denisov uvol bo‘ldi.
Kechagi o‘yin uchun futbolchilarni ko‘p ayblamang. Kecha murabbiy, murabbiyga yutqazdi.
Biz murabbiy tanlashda xato qilmagan Chin termasiga chindan yutqazdik.
Elmurod Ermatov, Andijon
Manba: www.uff.uz “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar