16:37 / 03.11.2017
5 289

Professional bokschi G‘ayrat Ahmedovdan eksklyuziv intervyu

Professional bokschi G‘ayrat Ahmedovdan eksklyuziv intervyu
O‘zbekiston bokschilari so‘nggi yillarda ham professional, ham havaskorlar boksida yuqori natijalarni qo‘lga kiritib kelmoqda. Havaskor bokschilarimiz o‘tgan yili bo‘lib o‘tgan Rio Olimpiadasi eng yaxshi jamoalardan biri ekanligini isbotlashdi. Shuningdek, qit’a va jahon chempionatlarida ham shohsupaning yuqori o‘rinlardan joy olib kelishmoqda.

Ayni damda professional boksda Shohjahon Ergashev, Azizbek Abdug‘ofurov, Qudratillo Abduqahhorov, Xurshid Normatov va boshqa charm qo‘lqop ustalarimiz muvaffaqiyatli faoliyat olib bormoqda.

2004-2013 yillar oralig‘ida iste’dodli sportchilarni yetkazib berayotgan Andijon boks maktabi tarbiyalanuvchisi, mag‘lubiyat nimaligini bilmagan G‘ayrat Ahmedov professional ringlarda yurtimiz sharafini himoya qilib kelgan. Quyida bokschimiz bilan bo‘lgan qisqa suhbatni havola etamiz.

– Assalomu alaykum, G‘ayrat aka. Boksga qanday kirib kelgansiz?
– Vaalaykum assalom. Yoshligimda ko‘p sport turlari bilan shug‘ullanganman. Oldiniga karate biroz mashg‘ulot qildim, keyin kurash, suzish bilan ham shug‘ullanganman. Oradan biroz vaqt o‘tib, dadam meni boksga boshlab keldi. Bu haqiqiy erkaklar sporti, endi o‘zingni shunda sinab ko‘r, degan. Shunday qilib, ko‘plab mahoratli, chempionlarni tayyorlab bergan Andijon boks maktabida mashg‘ulotlarni boshlaganman. O‘shanda 12-13 yosh edim.

– Birinchi murabbiylaringiz kimlar?
– Ilk boks mashg‘ulotlarini Pyotr Padolyakin va Turdiali O‘zg‘unov qo‘l ostida o‘tkazganman va shu insonlar mening birinchi murabbiylarim.

– Havaskor boksda qanday natijalar qayd etgansiz?
– Havaskor boksda bir necha marta O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritganman. Shuningdek, xalqaro maydonda Osiyo chempionati, jahon kubogida ishtirok etganman.

– Bilishimzcha, professional boksda havaskordagiga qaraganda yaxshiroq natijalar qayd etgan ekansiz...
– Professional ringda 2004 yildan beri faoliyat yuritib kelyapman. Shu vaqt ichida 19 ta jang o‘tkazib, 18 g‘alaba (11 nokaut) va 1 durang qayd etganman. WSB yo‘nalishi bo‘yicha Osiyo va Okeaniya hamda WBA International chempionlik titullariga sohibiman. Shuningdek, PABA (Pan Asian Boxing Association) kamariga ham egaman.

– Boksni tashlab ketishni ham o‘ylagan paytlar bo‘lganmi?
– Har kim qaysidir ishni boshlasa, qiyinchilikka duch keladi. Agar shu to‘siqni yengib o‘ta olsangiz marra sizniki. Boshida barchasiga qo‘l siltab tashlab ketishni o‘ylagan vaqtlar ham bo‘lgan, ammo men bu sport turini yaxshi ko‘raman, shuning uchun barchasiga sabr qildim va tinmay shug‘ullandim. Odamda ba’zan biror ish qilayotganda xadik bo‘ladi. Ammo ularni o‘ylash kerak emas, oldinga qo‘ygan maqsad sari intilaverish kerak, intilaverish kerak. Hayotda bitta qo‘rqadigan narsam – to‘g‘ri yo‘ldan adashib qolish.

– Qaysi sportchilarimizni haqiqiy sport ustasi deb bilasiz?
– Qiziq savol. O‘zbekistonda sport ustalari juda ko‘p. Ularning har birini nomma-nom sanamoqchi emasman. Ular bu nomga munosib ekanliklarini allaqachon isbotlab bo‘lishgan va faoliyatini davom ettirayotganlari ham isbotlab kelishmoqda.

– Eshitishimizcha, Ruslan Chagayev bilan qalin do‘st ekansizlar...
– Ha, mening eng yaqin va qadrli do‘stlarimdan biri Ruslan Chagayev va dilshodbek Egamberdiyevdir. Bir vaqtlar u bilan Andijonning Qo‘shariq dahasidagi maktabda birga o‘qiganmiz. Sport internatga ham birga qatnadik. Shundan so‘ng harbiy hizmatda yelkadosh bo‘ldik. Shunday keyin ham ajralganimiz yo‘q. Shundan so‘ng institutda o‘qidik. Boksda birga tayyorgarlik ko‘ramiz. Germaniyada ancha vaqt bir-birimizga yordam berdik. Professional boksga o‘tishimga ham aynan Ruslam sababchi bo‘lgan, desam adashmayman.

Suhbatingiz uchun rahmat!

Ma’lumot uchun: G‘ayrat Ahmedov 2004 yili ilk marta professional ringda ringga ko‘tarilgan va chexiyalik Tomas Vichanni mag‘lub qilgan. Shu vaqtga qadar 19 jang o‘tkazib, 18 tasini g‘alaba bilan yakunlagan. 11 tasida nokaut qayd etgan va bitta jang durang bilan yakunlangan. Ahmedov WSB yo‘nalishi bo‘yicha Osiyo va Okeaniya, WBA International, PABA (Pan Asian Boxing Association) chempionlik kamarlari sohibi. So‘nggi marta 2013 yili ringga ko‘tarilgan.

Manba: sports.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Professional bokschi G‘ayrat Ahmedovdan eksklyuziv intervyu