12:30 / 25.12.2017
4 217

Messi: Ronaldu bilan do‘stlashib keta olarmikanmiz?! (Intervyu)

Messi: Ronaldu bilan do‘stlashib keta olarmikanmiz?! (Intervyu)
Beozorgina ko‘ringan Lionel Messi ushbu mavsumda qanchadan qancha jamoalarning ta’zirini bermadi deysiz. U to‘p bilan hujumga oshiqqan paytda darvozabonlardan tortib raqib jamoa murabbiylarigacha «yurak hovuchlab» turishi hech kimga sir emas. E’tiboringizga «o‘zga sayyoralik» deb atashga odatlanib qolgan argentinalik tirik afsona Lionel Messi bilan uyushtirilgan ekskluziv intervyuning ikkinchi qismini havola etamiz.
— “Manchester Siti” yilnnig eng yaxshi jamoasimi?
— “Shaharliklar” va “PSJ”ni hozirning eng kuchli jamoalari deb hisoblash mumkin. Bu ikki jamoa birinchilik uchun bemalol da’vo qila oladi. Lekin finalgacha hali ko‘p gap bor. Lekin “Real”ga ham past nazar bilan qarash yaramaydi. Ular hozir barcha kutayotgan o‘yinni ko‘rsata olmayotgan bo‘lishsa-da, kutilmagan zarba berib qolishi ham mumkin, buni o‘z tajribamdan kelib chiqib aytyapman. Madridliklar eng so‘nggi daqiqada mo‘’jizalar ko‘rsatishi mumkin. “Bavariya” haqida ham unutmaslik kerak. Finish chizig‘ida ularni birinchi sifatida ko‘rish ehtimoldan yiroq emas. Lekin ayni damda “PSJ” va “Siti” peshqadamlik qilyapti.

— Nima uchun bu mavsumda “Barsa” e’tiborini hujum zarbalariga emas, balki himoyaga qaratyapti?
— Neymarning jamoani tark etishi o‘yin uslubini o‘zgartirishga majbur qildi. Himoya kuchimizning sezilarli qismini boy berdik, biroq bu o‘z navbatida hujumni mustahkamlash imkonini berdi. Maydon markazidagi kuchlar mustahkamlandi, shuning uchun ham himoya masalasida takomillashyapmiz.

— Yumtiti haqiqatan ham televizorda ko‘rsatilgandek hujumchilarga “dag‘dag‘a” qiladimi yoki mashg‘ulotlarda anchagina bosiqroqmi?
— Yumtiti o‘yin davomida ham, mashg‘ulotlarda ham bir xil. U hech kimni, o‘zini ham ayamaydi. Maydondan tashqarida unga gap bo‘lishi mumkin emas.

— U ko‘rsatgan o‘yinga sizning reaksiyangiz?
— Ochig‘i, “Barsa”ga o‘tganida u haqida umuman eshitmaganman. Lekin u ko‘rsatayotgan o‘yinlarni ko‘rib, hayratimni yashira olmay qoldim.

— “Real”ning inqiroziga nimalarni sabab qilib ko‘rsata olasiz?
— Bu turli omillar natijasida yuzaga kelgan holat. Ispaniya chempionatida “Real”ning bunday ahvolga tushishiga birinchi marotaba guvoh bo‘lmayapman. Nima bo‘lganda ham, bu jamoa baribir o‘yinga qaytadi va oxirigacha kurashadi, chunki bu buyuk futbolchilarni o‘zida jamlagan ajoyib jamoa.

— Nima deb o‘ylaysiz, “Oltin to‘p” bo‘yicha hali ham asosiy raqibingiz Ronaldumi? Yoki raqobatchi bo‘lishi mumkin bo‘lgan boshqalar ham bormi?

— Bugungi kunda “Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritishga munosib ko‘plab yaxshi o‘yinchilar bor. To‘g‘ri, keyingi yillarda “Oltin to‘p”ning atrofida faqat ikkalamiz “o‘ralashib” qoldik. Biroq hozir Neymar, Mbappe, Suareslar ham bu mukofotga bemalol da’vogarlik qilishi mumkin.

— Bir kun kelib yaxshi do‘stlar bo‘lishingiz mumkinligi haqida Ronaldu fikr bildirgan edi. Siz bunga qanday qaraysiz?

— Bilmadim, bu qanchalar haqiqatga yaqin. Do‘stlik — yillar davomida bir-birini yaqindan anglash orqali bunyod bo‘ladigan muqaddas rishta. Men va Ronaldu o‘rtasida esa hech qanday munosabat yo‘q. Faqatgina ba’zi bir marosimlarda tasodif tufayli ko‘rishib qolamiz, bir-ikki og‘iz gap bilangina cheklanib qolamiz. To‘g‘ri, shunday uchrashuvlarda juda yaxshi chiqishamiz, biroq bunday tantanalardan tashqarida yo‘llarimiz kesishmaydi.

“Shokolad bilan “ayriliq” oson kechmagan”
— Jismoniy holatingiz a’lo darajada ekanligini payqash uchun “mikroskop” shart emas. Bunday natijaga qanday erishgansiz: muntazam jismoniy mashg‘ulotlar yoki sog‘lom ovqatlanish tartibi?
— To‘g‘risi, bu masala kun tartibimda birinchi o‘rinni egallamaydi. Chunki ovqatlanish ratsionim ustidan qat’iy nazorat o‘rnatganimga ancha bo‘lgan. Qomatimni saqlash uchun mashg‘ulotlar zaliga qatnab turaman. Lekin ochig‘ini aytadigan bo‘lsam, mushaklarni shishirishga unchalik ham ishqiboz emasman.

— Taom tayyorlashni xush ko‘rasizmi?
— Yo‘q. Hech qachon gaz plitasiga yaqinlashmayman. Balki qo‘limdan kelar, lekin istamayman.

— Parhez masalasida nimadan voz kechish siz uchun og‘ir kechgan?

— Shokoladdan. Shokolad mening eng “nozik” nuqtam. Undan voz kechish uchun o‘zim bilan qattiq “kurashganman”. Hatto hozir ham shokolad yemaslik haqidagi ahdimni vaqt-vaqti bilan buzib turaman.

— Siyestaning ahamiyati siz uchun qanchalik? Hali ham uni “muqaddas” hisoblaysizmi? (Siyesta — tushlikdan keyingi uyqu.)

— To‘g‘risini aytadigan bo‘lsam, siyestani juda ham sog‘inaman. Afsuski, u bilan “yolg‘iz qolishning” imkoni yo‘q. Faqatgina mehmonlik bahslaridagina o‘zimni siyesta bilan “siylashim” mumkin. Uyda farzandlaring senga erkalanib turganda esa siyesta haqida ham unutib yuborasan.

— Tez-tez futbol tomosha qilib turasizmi?

— Ha, bu mening sevimli mashg‘ulotim. Ko‘plab o‘yinlarni qoldirmasdan kuzatib borishga harakat qilaman.

— Siz uchun alohida ahamiyat kasb etuvchi turnir yoki chempionat bormi? O‘yinlarni “chertib” tomosha qilasizmi?
— Yo‘q, hammasini ham tomosha qilaveraman. La Liga, APL, Argentina chempionatlarini o‘tkazib yubormaslikka harakat qilaman.

— Fransuz ligasini hammi?
— Ha, albatta. Ayniqsa hozirgi kunlarda.

— Lionel Messi bo‘lish osonmi?
— Men oddiy odamman. Oddiy oilaviy hayot olib borishga harakat qilaman. Biroq tan olish kerak, ba’zida ko‘zdan panaroqda bo‘lgim keladi. Har bir qadamim odamlarning e’tibor markazida ekanligi haqida o‘ylash unchalik ham yoqimli emas.

Manba: sports.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Messi: Ronaldu bilan do‘stlashib keta olarmikanmiz?! (Intervyu)