11:30 / 05.02.2018
3 247

Foydasiz valjirashlar… Yoki keyingi bekat — vijdon

Foydasiz valjirashlar… Yoki keyingi bekat — vijdon
Falsafa so‘qimoqchi emasman. Gap futbol haqida. Futboldagi eng og‘riqli nuqtamiz to‘g‘risida! Bu nuqta borgan sari yiriklashib katta, yaxlit qora dog‘ga aylandi. Aylanayapti.

Koinotdagi qora tuynuklar haqida eshitganmisiz? Dunyoning mana-man degan olimidan «Samodagi eng dahshatli hodisa nima?» — deb so‘rasangiz, oladigan javobingiz shunday bo‘ladi: «Bu — qora tuynuklar. Ular — qazosi yetib botib ketgan, g‘oyib bo‘lgan, yo‘qolgan yulduzlarning joylari, so‘nggi manzilidir».

Fazodagi mudhish fizik hodisa menga o‘zbek futbolining bugungi ayanchli ko‘rinishini eslatadi. Masalan, agar kelishilgan o‘yinlarni — «qora tuynuk» deb tasavvur qiladigan bo‘lsak, u bir necha yillardan beri muxlislarning orzu-umidlarini, baxtiqaro iste’dodlarni, futboldagi shavqu-shiddatni uch boshli ajdarhodek o‘z komiga tortib kelayapti….

Qani, bizda, O‘zbekistonda o‘sha hayvonsifat maxluq bilan kurashib ko‘ringchi? Og‘iz juftlasangiz, tilingizni yulib oladi. Mabodo, yurak yutib bitta boshini kesib tashlasangiz, o‘rniga yangisi o‘sib chiqadi. Foydasi yo‘q. Oxiri, hafsalangiz pir bo‘lib, yaratgandan insof so‘rab qo‘ya qolasiz. «Har kimning o‘z vijdoni yoki jig‘ildoniga havola», — deysiz kamida. Qayda, ajdarhoda vijdon ne qilsin!?

Paxtakor-Metallurg (kelishilgan) o‘yini atrofida juda ko‘p gapirildi. G‘ing desangiz, isbot so‘raydiganlar ham uchrashuvning o‘ta didsizlik bilan sahnalashtirilganini egilibgina e’tirof etdi. Bitta-ikkita «temirchi» xo‘jako‘rsinga jazolandi ham.

Ammo, «paxtakorchi»larning ham giribonidan olinishi to‘g‘risidagi «balandparvoz» do‘q-po‘pisalar, keyinchalik «yig‘loqi» go‘dakni bir muddat ovozini o‘chirish uchun qilinganligi sezilib qoldi. Xullas, futboldagi «katta»lar kelishganlar bilan «kelishib ketdi».

Keyinchalik jurnalistlarning yuqoridagi «jazolash va’dasi» haqida «kattalar»ga bot-bot eslatishi hech narsani o‘zgartirmadi. Hech kimning vijdoni qiynalmadi.

Bir bo‘lib o‘tgan voqeani sizlarga so‘zlab bermoqchiman. 2012 yilda Janubiy Koreyalik futbolchi Li Gyun Xvan butun umrga futbol bilan bog‘liq har qanday faoliyatdan chetlatiladi. Sababi — kelishilgan o‘yinlarda ishtirok etgani edi. Butun mamlakat oldida yuzi qora bo‘lgan Li sharmandalikka chiday olmaydi va o‘zini osmono‘par binodan tashlashga qaror qiladi…

Umuman, ushbu mamlakatda kelishilgan o‘yinlarga qarshi kurash kampaniyasi davomida shunga o‘xshash ayanchli hodisalar yana ikki-uch takrorlandi. Bu bilan kimgadir o‘lim tilash niyatim yo‘q. Faqat, ushbu mamlakatda kelishilgan o‘yinlarga federatsiya, jamoatchilik, oddiy xalq va futbolchilarning munosabatini ko‘rsatmoqchiman, xolos.

Avvalo, vijdon uyg‘oq bo‘lsin!
O‘tkir Qalamtebratar

Manba: fayzbog.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Foydasiz valjirashlar… Yoki keyingi bekat — vijdon