21:50 / 06.04.2018
2 818

Server Jeparov: "Terma jamoada menga o‘rinbosar sifatida Javohir Sidiqovni ko‘ryapman"

Сервер Жепаров: "Терма жамоада менга ўринбосар сифатида Жавоҳир Сидиқовни кўряпман"
O‘zbek futbolining eng yetakchi o‘yinchilaridan biri, Osiyoning ikki karra “Eng yaxshi futbolchisi” deb topilgan Server Jeparov faoliyatini Eronda davom ettirmoqda.
U Tehronning eng nomdor jamoasi “Istiqlol” safida to‘p tepyapti. 20-raqamda o‘ynayotgan futbolchimiz ham ichki chempionat, ham Osiyo chempionlar ligasida o‘zini ko‘rsata olyapti. Yaqinda Jeparov bilan bog‘lanib, undan bir qator savollarga javob oldik.

- Server, Erondagi faoliyat qanday ketyapti?

- Yaxshi ketyapti deb bemalol ayta olaman. Albatta, ichki chempionatda chempionlikka umid qolmadi, lekin Osiyo chempionlar ligasida jamoamiz o‘zini ko‘rsatmoqda. Nasib qilsa, bu musobaqada uzoqroqqa borishga harakat qilamiz.

- U yerdagi hayot haqida nimalar deya olasiz? Zerikarli emasmi?
- Albatta, Tehronda hayot bizdagi kabi jo‘shqin emas. Lekin men professional futbolchi sifatida Eronga futbol o‘ynash uchun borganman, hayotdan zavq olish uchun emas. Shu bois hammasi joyida deya olaman. Professional futbolchi qayerda to‘p tepmasin, o‘sha joyning muhitiga moslashishi kerak deb hisoblayman.

- Yashash qayerda bo‘lyapti? Klub bazasidami yo alohida uydami?
- Tehronda to‘rt xonali uyda istiqomat qilyapman. Uyim shahar markaziga juda yaqin joylashgan.

- Tehronda kim bilan ko‘proq vaqt o‘tkazasiz?
- Mashg‘ulot va o‘yindan bo‘sh paytlari uyda bo‘laman. Tez-tez jamoadoshlar birga yig‘ilib turamiz. Shuningdek, legionerlar ham mehmon bo‘lib turishadi.

- Eron futboli haqida nimalar deya olasiz? Ya’ni, u yerga bormasdan oldin qanday fikrda edingiz-u, hozir qanday?
- Eronda asosan kuchga tayanadigan futbol namoyish etishadi. Texnikani ham juda qadrlashadi. Klublarda baland bo‘yli himoyachilar ko‘p va ularni yakka kurashlarda yengish oson emas. Yarim himoyachilarni ham kuchli deya olaman, hujumchilar esa texnik tomonlama ustun. Men u yerga bormasdan oldin ham shu fikrda edim. “Istiqlol”da o‘ynab shuni ko‘rdimki, taxmin qilganlarim rost ekan. Negaki bungacha boshqa klublar va terma jamoa miqyosida eronliklarga qarshi ko‘p bor maydonga tushganman.

- Bu mavsum "Persepolis" chempion bo‘lishga juda yaqin. Chempionlik yo‘lida "Istiqlol"ga nima yetishmadi deb hisoblaysiz?
- Chempionat boshida ko‘plab muammolarga duch keldik. Bir nechta uchrashuvlarda kutilmaganda ochko yo‘qotdik. Buning natijasida uchinchi o‘ringa tushib qoldik.

- Tehronda qaysi klubning muxlislari ko‘p: "Persepolis"mi yoki "Istiqlol"mi?

- Bu savolga birdaniga javob berish qiyin. Chunki ikkala klub Tehronning eng kuchli jamoalari hisoblanadi. Muxlislar “Persepolis”da ham, bizda ham ko‘pchilikni tashkil etadi. Ammo aniq raqamlarni bilish uchun menimcha, uyma uy kirib so‘rab chiqish kerak bo‘ladi.

- Eronda til bo‘yicha muammo bo‘lmayaptimi?
- Hech qanday muammo yo‘q. Menga klub tomonidan tarjimon ajratilgan, qolaversa bu yerda ko‘pchilik ingliz tilida so‘zlasha oladi.

- Fors tilida gapirishni o‘rgandingizmi?
- Forscha judayam chiroyli til. Lekin men uchun gapirish mushkul. Negadir menda chet tillarini o‘rganish qiyin kechadi. Faqat inglizchani yaxshiroq bilaman. Ammo forschani oz miqdorda bo‘lsayam tushunaman.

- Mart oyi boshida o‘tkazilgan Tehron derbisi qanday taassurot qoldirdi?
- Bu haqda ko‘p gapirish mumkin. Stadion, tribuna, muxlislar – bir so‘z bilan aytganda muhit dahshat bo‘ldi. Stadionning yarmi ko‘k, yarmi qizil rangda. Shovqin yuqori darajada, ishqibozlar tinmay qo‘shiq kuylaydi, futbolchilarga olqishlar, xuddi et jimirlab ketgandek bo‘ladi.

- "Persepolis" bosh murabbiyi Branko Ivankovich “Tehron derbisi”ga Osiyodagi eng katta derbi deb ta’rif berdi. Bu fikrga qo‘shilasizmi?
- Ha, bu fikrga qo‘shilsa bo‘ladi. Chunki o‘zim “Istiqlol” safida “Persepolis”ga qarshi maydonga tushib, derbi nimaligini yana bir bor his qildim. Aytishim mumkinki, mazkur jamoalar o‘rtasidagi o‘yin bemalol dunyoning eng zo‘r 10ta derbisi qatoriga kiradi.

- "Istiqlol" bosh murabbiyi Uinfrid Shefer haqida fikringiz?
- Faqat iliq gaplarni aytishim mumkin. Uinfrid Shefer ancha tajribali murabbiy. U jamoadagi holatni juda yaxshi tushunadi va futbolchilarni bir maqsad yo‘lida birlashtirib ruhlantira oladi. Qolaversa, har doim o‘yinchilar bilan iliq munosabatda.

- Eshitishimizcha, siz uning eng yoqimtoy futbolchisi ekansiz.
- Men bunday demagan bo‘lardim. U barcha futbolchilarga bir xil munosabatda. Lekin yashirmayman, unga ko‘proq kombinatsion futbol ko‘rsatadigan o‘yinchilar yoqadi.

- Bilishimizcha, Eron “yopiq” mamlakat hisoblanadi. Futboldan tashqari bo‘sh vaqtni qanday o‘tkazasiz?
- Eron ko‘pchilik o‘ylaganidek yopiq mamlakat emas. Tehronda ko‘plab chiroyli restoranlar, ko‘rkam savdo markazlari bor. U yerda yaponcha, xitoycha, yevropacha va albatta italyancha restoranlar ko‘p. Ammo men doim ham restoranga boravermayman, ko‘pincha uyda bo‘lishni ma’qul ko‘raman.

- Yaqinda Aleksandr Geynrix futbolni tugatganini ma’lum qildi. O‘tgan yil Timur Kapadze futbol bilan xayrlashdi. Siz bilan birga o‘ynaganlar birin-ketin futbolni tugatyapti.
- Ha, bundan xabarim bor. Bu - hayot, futbol umrbod o‘ynaladigan sport turi emas. To‘p tepayotgan borki bir kun kelib futbolni tugatadi. Lekin o‘ylashimcha, Geynrix va Kapadze bemalol yana ikki yil futbol o‘ynay olardi.

- O‘zingiz futboldan keyingi rejalarni tuzib qo‘ydingizmi?
- To‘g‘risi, hozircha faoliyatimni yakunlash haqida o‘ylamayapman. Bu borada reja tuzganim yo‘q. Toki sog‘ligim yuklamalarni ko‘tarishga tayyor ekan, kuchim yetguncha o‘ynashni xohlayman. Ammo kelajak haqida tez-tez tasavvur qilib turaman. Ertami-kechmi men ham futbolni tugataman va shundan keyin nimadir bilan shug‘ullanishim kerak bo‘ladi. Menimcha, baribir futbolda qolsam kerak.

- O‘zbekiston terma jamoasining keyingi bosh murabbiyi Karlush Keyrush bo‘lishi haqida ko‘p gaplar yuribdi. Eronda bu haqda gapirishyaptimi?
- Bu yerda ham mish-mishlar hech tinmayapti. Hatto kimga ishonishingni bilmaysan. Lekin ko‘pchilik bu yerda Keyrush Eron bilan shartnomani 2019 yilgi Osiyo Kubogiga qadar uzaytirdi deyapti. Ba’zilar uni Avstraliya bilan shartnoma tuzdi deyishmoqda. Xullas har xil gap-so‘zlar yuribdi.

- Shaxsan sizda terma jamoa bilan bog‘liq rejalar qanday?
- Terma jamoa borasida shoshilinch qaror qabul qilishni istamayman. O‘ylaymanki, menda o‘ylab ko‘rish uchun vaqt yetarli.

- Keyingi yil Osiyo Kubogiga borasizmi?
- Albatta, bunday nufuzli musobaqaga borish niyatim bor. Agar terma jamoamizning yangi bosh murabbiyi menga ham qiziqish bildirib taklif qilsa nega endi yo‘q deyishim kerak. Men hamon o‘z kuchimga ishonaman va terma jamoaga yordam bera oladigan darajadaman. Faqat hamma gap yangi murabbiyning xohishiga bog‘liq. Ungacha men ham o‘z ustimda ishlashda davom etaman.

- Nima deb o‘ylaysiz, bu yil "Istiqlol" Osiyo chempionlar ligasida g‘olib chiqishi mumkinmi?
- Nega endi mumkin bo‘lmasin. Futbolda hamma narsaning iloji bor. Hozircha bizda hammasi joyida va Osiyo chempionlar ligasida yo‘qotishlarsiz ketyapmiz. Omad kelib, bu yil musobaqada zafar quchsak ajab emas.

- Eronda futbolni yoritish qanday? Matbuot e’tibori yuqorimi?
- Eronda futbol OAV tomonidan juda yaxshi yoritiladi. Har bir o‘yinga ko‘plab jurnalistlar, fotosuratchilar keladi. Bu yerda muxlislar ko‘p bo‘lgani kabi matbuot vakillari ham ko‘p.

- Eron terma jamoasi oxirgi yillarda muntazam jahon chempionatiga chiqib kelmoqda. Siz shu davlatda o‘ynayotgan futbolchi sifatida nima deya olasiz: bizda yo‘q - lekin ularda bor narsa nima?
- Ularda portugaliyalik murabbiy Karlush Keyrush kelgach ko‘p narsa o‘zgardi. Terma jamoa kuchaydi va Eron muntazam jahon chempionatiga chiquvchi jamoaga aylandi. Keyrush haqiqatdan o‘z ishining professional ustasi. U jamoani qanday qilib mundialga olib borishni va o‘yinlarda zafar quchishni biladi.

- Eron va O‘zbekiston futboli orasidagi farq katta deb o‘ylaysizmi?
- Men bu haqda yuqorida qisman gapirib o‘tdim. Eronda bo‘ydor va jismoniy jihatdan baquvvat futbolchilar ko‘p. Bizda esa kam. Bizda e’tibor ko‘proq texnik futbolga qaratiladi, ichki chempionatda yakka kurashlarni kam ko‘ramiz. Eronda esa har bir o‘yin “jang” bo‘ladi.

- Terma jamoada faoliyatni tugatgandan so‘ng sizga o‘rinbosar sifatida kimni ko‘ryapsiz?
- To‘g‘risini aytsam, Javohir Sidiqovni. Menga uning o‘yini yoqadi. Javohir Xitoyda bo‘lib o‘tgan U-23 Osiyo chempionatida juda yaxshi o‘yin ko‘rsatdi. Kim biladi deysiz, bir kun kelib aynan shu futbolchi mening o‘rnimni egallasa ajab emas.

- "Istiqlol" faoliyatingizdagi oxirgi klub bo‘lib qoladimi?

- Bu haqda aniq gap ayta olmayman. Hammasini vaqt ko‘rsatatdi.
X.Xoliqov suhbatlashdi.

Manba: championat.asia

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Server Jeparov: "Terma jamoada menga o‘rinbosar sifatida Javohir Sidiqovni ko‘ryapman"