10:23 / 11.07.2018
2 510

Ronaldu uchun “Real”dan ketishning ayni vaqtimidi?

Ronaldu uchun “Real”dan ketishning ayni vaqtimidi?
Besh karra “Oltin to‘p” sohibi yaqin kunlar ichida A Seriya vakiliga aylanishi mumkin, bu esa “qaymoqranglilar” uchun juda yomon xabar emas. Xo‘sh, Krishtianu Ronaldu uchun “qirolik klubi”dan ketishning payti keldimi? Quyida shu haqida muhokama qilamiz.

Agarda so‘nggi kunlarda barchaning og‘zidan tushmayotgan ushbu xabar o‘z tasdig‘ini topsa, bu madridliklar muxlislari uchun ko‘ngilsiz yangilik hisoblanadi. Biroq klub uchun o‘zining eng yaxshi futbolchisi bilan xayrlashishning qulay vaqti bo‘lib xizmat qiladi.

Ronaldu “Real”ga 2009-yilda “Manchester Yunayted”dan 94 million yevro evaziga kelib qo‘shilgan edi. Portugaliyalik futbolchi poytaxt klubi safida o‘zining eng yorqin dvarini o‘tkazdi. U madridliklar uchun 434 uchrashuvda 450 gol urishga erishdi va bu vaqt ichida 16 sovringa ega chiqdi. Bularning ichida to‘rtta Chempionlar Ligasi bosh sovrini ham o‘rin olgan.

Ronalduning klubdan ketishi haqida mish-mishlar dastlabkisi emas. U 2012-yilda “Granada”ga qarshi uchrashuvdan keyin xafa ekanligini va klub rahbariyati buning sababini bilishini aytgan edi.

O‘tgan yozda ham futbolchiga yaqin manbalar 7 raqam egasi “Real”ni tark etishga qat’iy axd qilgani haqidagi xabarni yetkazgandi. Ammo yakunda u yana Madridda qolgan edi.

Qatorasiga uchinchi bor Chempionlar Ligasini yutganidan keyin Kiyevda bergan intervyusida Ronaldu ehtimol klub uchun oxirgi uchrashuvini o‘tkazganini aytgandi.

“Yaqin kunlarda meni tarafimda bo‘lgan muxlislarga aniq javobni aytaman – degandi hujumchi – “Real”da o‘ynash haqiqatdan ajoyib bo‘ldi.”

Ronalduning klub prezidenti Florentino Peres bilan munosabatlari yurakdan edi, ammo judayam iliq edi deb bo‘lmaydi, ko‘rinib turibdiki klub xo‘jayini Ronalduning ketishiga ortiq to‘g‘anoq bo‘lmoqchi emas.

O‘tgan yozgi transfer vaqtida Portugaliya yetakchisi klubdan ketmoqchi bo‘lganida bu haqiqiy drama bo‘lardi, ammo bu safar unday bo‘lmaydi.

So‘nggi besh yilda to‘rt bora Chempionlar Ligasini qo‘lga kiritgan yulduz “qaymoqranglilar” uchun misli ko‘rilmagan muvaffaqiyatlar keltirdi. Lekin klub nufuzli sovrinni har yili qo‘lga kiritishga qodir emas, jamoa qayta qurilishga muhtoj.

O‘tgan mavsumda Ronaldu mavsumning birinchi yarmida raqib darvozasi oldida katta qiyinchilikka uchradi. U bu vaqt oralig‘ida to‘rtta gol urdi. Shundan ikkitasini u penaltidan kiritishga erishgan. Zidan shogirdlari aynan klub yulduzining samaradorligi pasayib ketgani tufayli La Ligani boy berdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Garchi Krishtianu Chempionlar Ligasida gollar urigan bo‘lsada, La Ligadagi ko‘rsatkichlari xavas qilsa arzigulik emas. “Real” o‘z kelajagini asosiy yulduzisiz tasavvur qilish haqida o‘ylashi kerak.

33 yoshdan o‘tgan Ronaldu yana qancha vaqt yuqori darajasini saqlashga qodirligi noma’lum. Uni 100 million yevroga sotish variantini qo‘ldan chiqarishni klub istamasligi aniqroq.

Uning o‘rnini esa “PSJ”ning ikki yulduzi – Neymar va Kilian Mbappelar egallashi haqida ham mish-mishlar tinmayapti. Ikkovlonning transfer qiymati ham juda katta bo‘lsada, ular yaqin kelajak uchun haqiqiy investitsiya bo‘ladi. Neymar endigina 26 yoshga kirgan bo‘lsa, fransiyalik hujumchi hali 19 ga ham to‘lmagan.

Ronalduning ketgani “Bernabeu”dagilar uchun yangi transferlarni amalga oshirishga yo‘l ochadi. Qolaversa “o‘zboshimcha yulduzlar” bilan ishlay olmaydigan yangi bosh murabbiy Xulen Lopetegiga ham jamoani shakllantirishda variantlar tug‘diradi. Biroq Neymar ham yuqorida tilga olingan kategoriyaga kirishi vaziyatni murakkablashtirmoqda.

Nima bo‘lganda ham Ronaldu “Real” afsonasi va shunday bo‘lib qoladi. Biroq ba’zi pallada klub oldinga qadam qo‘yishi kerak va kelayotgan fevralda 34 ga kiradigan futbolchi uchun 100 million yevrolik taklif bu juda ajoyib. His-tuyg‘ularni chetga surib har tomonni qonitiradigan haqiqiy kelishuvga erishishning ayni payti. Qolganini vaqt ko‘rsatadi.
Erkinjon G‘aybullayev


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ronaldu uchun “Real”dan ketishning ayni vaqtimidi?