23:23 / 20.09.2018
3 125

“Liverpul” – “PSJ”: uchrashuv gʻolib va magʻlublari kim?

“Liverpul” – “PSJ”: uchrashuv gʻolib va magʻlublari kim?
Oʻyin borasida yetarlicha baxslashish mumkin, biroq kimlar uchrashuvdan oʻzi uchun foyda ishladi-yu, kimlar zarar koʻrdi, shu haqida mulohaza yuritamiz.

Chempionlar Ligasining yangi mavsumiga ham kecha start berildi. Unda 1-turning markaziy oʻyini “Enfild”da “Liverpul” – “PSJ” uchrashuvi boʻldi. Maydon egalari “Pari Sen-Jermen”ni soʻnggi daqiqalarda urilgan gol evaziga uch ochkoni ilib ketdi.

Oʻyin borasida yetarlicha baxslashish mumkin, biroq kimlar uchrashuvdan oʻzi uchun foyda ishladi-yu, kimlar zarar koʻrdi, shu haqida mulohaza yuritamiz.

Gʻolib: Jeyms Milner

“PSJ” va “Liverpul” oʻrtasidagi top jangda barcha narsani kutish mumkin edi, Jeyms Milner esa eng mashhur futbolchilar orasida kuchli beshlikka ham kira olmaydi. Ehtimol, top-10 ka ham kirmas.

32 yoshli yarim himoyachi “PSJ”ga qarshi eng yaxshi oʻyinini oʻtkazdi. U raqib hujumlarini birin-ketin toʻxtataverdi. Unda toʻp boʻlganda esa hujumga qarab olgʻa boraverdi. Boz ustiga penaltini mohirona ijro etib jamoasi gʻalabasiga katta hissa qoʻshdi.

Magʻlub: chap qanot himoyachilari

Endryu Robertson jamoasining dastlabki goliga hammualliflik qilganida, aftidan chap qanot himoyachilari uchun atalgan oqshom boʻlishi kutilgandi. Biroq barchasi kutilmaganda teskariga qarab ketdi. Birinchisi Xuan Bernatning kulgili xatosidan keyin belgilangan penalti. “Qizillar” ikki gol farqi bilan oldinga chiqib oldi. Keyin Robertsonning oʻzi Toma Menyeni yolgʻiz qoldirdi va raqib himoyachisi hisobni qisqartirishga erishdi.

Gʻolib: Daniyel Starridj

Qanday ajoyib hikoya! Starridj Roberto Firminoning koʻzidagi muammolar sababli asosiy tarkibda maydonga chiqdi. U 2012-yildan beri birinchi marta Chempionlar Ligasida ilk daqiqalardanoq maydonga tushirildi. Uning maydondaligi “Liverpul”ning hujumiga ijobiy taʼsir koʻrsatdi. Biroq maydonga braziliyalik hujumchi tushirilgach ishlar unchalik ham silliq kechgani yoʻq.

Starridj yuqori isteʼdod egasi ekanligini Robertsonning uzatmasini boshi bilan Tyago Silvadan balandroq sakrab darvoza tomon yoʻllagach yana bir karra isbotladi.

Magʻlub: UYEFA

“Liverpul”ning dastlabki golida Veynaldum oʻyindan tashqari holatda edi. “PSJ”ning ilk golida esa Toma Menye ofsaydda qolib ketgandi. Ikkala tomon uchun ham bittadan xato qilindi, deyishingiz mumkin, ammo bu kutilmagan omad.

Ikkala qaror ham oʻyinning borishini oʻzgartirib yubordi va yakuniy natijaga taʼsir qildi. Bunday jiddiy muammoning yagona yechimi VAR tizimi. Nima sababdan UYEFA haligacha oʻyin hakamlariga katta yordam beradigan yangi texnologiyalarni joriy qilmayapti, tushunish qiyin.

Gʻolib: Kilian Mbappe

Mbappe maydonga tushsa yo rekordlarni yangilaydi yoki yangi rekord oʻrnatadi. Ushbu oqshom Kilian parijliklarning oʻng qanot hujumida harakat qildi. Biroq kutilmaganda uning maydondagi joyi markazga koʻchirildi. Neymarning “qizillar” himoyasini yorib kirayotgan bir vaqtda Mbappe toʻpni oʻziga toʻgʻrilab oldi va hisobni tenglashtirdi. Shu tariqa Mbappe Chempionlar Ligasi doirasida “Enfild”da gol urgan eng yosh futbolchiga aylandi.

Magʻlub: Kilian Mbappe

Mbappe ushbu uchrashuvni jamoasini magʻlubiyatdan saqlab qolgan holda mutlaqo qahramon sifatida yakunlashi mumkin edi. Uning oʻrniga 91-daqiqa oʻtib borayotgan bir paytda Mbappe oʻziga ishongan holda toʻpga egalik qilmoqchi boʻlganida uni yoʻqotib qoʻydi. Ikki uzatma va bitta kuchli zarba va gol! “Liverpul” soʻnggi daqiqalarda gʻalabani ilib ketdi. Qahramonlikdan anti-qahramonlikkacha bitta noaniq harakat yetarli boʻldi.

Manba: Sports.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Liverpul” – “PSJ”: uchrashuv gʻolib va magʻlublari kim?