17:17 / 03.10.2018
3 405

“Alifbe”. Oʻzbek futbolidagi yollanma professionallar haqida

“Alifbe”. Oʻzbek futbolidagi yollanma professionallar haqida
Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov “Futbol Ekspress” gazetasiga intervyu berar ekan, Superliga haqida oʻz fikrlarini bildirdi.

“Superliganing bu formati kelasi yili ham shu tarzda qoladi deb aytolmayman. Biz boshqa variantlarni ham koʻrib chiqamiz. Ayni paytda chempionatimizda 12ta jamoa ishtirok etayapti. Lekin futbol millionlar oʻyini ekanligini unutmasligimiz kerak. Oʻzbekistonda esa futbolni juda sevishardi. Shuning uchun, uning har bir viloyatida, shahrida albatta futbol boʻlishi kerak. Birgina Toshkentning oʻzidan uchta jamoaning nima keragi bor? Masalan, men Andijon xalqi oʻz jamoasini Superligada koʻrishini xohlayman. Chunki ular bunga munosib. Yoki Samarqandni olaylik. Samarqandda ham albatta futbol boʻlishi kerak. Shu bois, biz chempionat formatini qayta koʻrib chiqamiz va buni muhokama qilamiz. Futboldan butun xalqimiz bahramand boʻlishi kerak. Chunki biz Oʻzbekiston futbolini yuksaklarga koʻtarish uchun mehnat qilayapmiz. Shuning uchun chempionatimiz tizimi borasida hammasini yaxshilab oʻylab koʻrganimizdan keyin, qaror chiqaramiz”, - deydi Ahmadjonov.

Bir tomondan, juda toʻgʻri gaplar. Xalqning, bir futbol muxlisining dilidagi gaplar. Ammo...

Avvalo, Superliga nima, Professional Futbol Ligasi qanaqa tashkilot, mazmunan bu tushunchalarning maʼnosi haqida biroz fikr bildirib qoʻyish kerak shekilli.

Tasavvur qiling, bir guruh doʻstlar bilan stadionga futbol oʻynab turasizlar. Vaqt oʻtib, futbol oʻynovchilar va jamoalar koʻpayib ketdi. Qachon, kim bilan qanday oʻynalishi, maydonga tushish navbati kimda ekani haqidagi bahslar avj oldi. Har safar hamma toʻplanib olib, bunday masalalarning hal qilinishi murakkablashib ketdi. Shunda chetdan odam yollaysiz.

“Biz ham futbol oʻynab, ham ochkolarni hisoblash, hakam topish, ular bilan kelishish, sovrinlar joriy qilish bilan shugʻullansak, qiyinlashib ketyapti. Shuning uchun biz siz(lar)ga jamoalar pul yigʻib beramiz. Siz bu pulga musobaqani tashkillashtirib, taqvim tuzib, hakamlarni belgilab, turnir jadvalini tuzib borasizlar. Turnir halol va xolis, tartib bilan oʻtishini taʼminlab berasizlar”, – deb aytiladi ularga.

Shu tariqa, Professional Futbol Ligasi paydo boʻladi. Tushunib turganingizdek, bu yerda futbol jamoalarniki, Liga esa, ularning vaqtini tejash, xolislikni taʼminlash maqsadida, ulardan olingan pul evaziga yollanma tashkilotchi vazifasini bajaradi.

Vaziyat bu bosqichdan ham oʻtib rivojlanishi mumkin. Masalan, Yevropada oʻsha Yollanma tashkilotchilar, masalan APL klublarga aytadi: “Oʻyinlar qiziq boʻlyapti. Tomoshabinlar sizlarni televizorda koʻrmoqchi. Men kelishdim, shu oʻyinlaringni televizorda ham koʻrsatsak, ular bizga katta pul berar ekan. Rozi boʻlsanglar, shu kelishuvni amalga oshiramiz va shu daromadni oʻzlaringga taqsimlab beramiz”.

Bu Liganing ham professionallashuvi deb ataladi. Yaʼni endi, klublar Ligaga badal puli toʻlash oʻrniga, koʻrsatayotgan oʻyinlari, shu Liga (tashkilotchi) bilan kelishganliklari hisobiga pul ola boshlaydi. Ammo mazmunan hech narsa oʻzgarmaydi, futbol baribir klublarniki. Ular istashsa, boshqa tashkilotchi bilan ham shartnoma qilib, ketib qolishlari mumkin. Shuning uchun tashkilotchi klublarni rozi qilishga intiladi. Har qanday qaror, har qanday oʻzgarish klublarning roziligi bilan amalga oshiriladi. Tashkilot kimnidir jazolashi, kimnidir turnirdan chetlatib yuborishi ham mumkin – lekin bunga asos boʻlib, aynan oʻsha klublar oʻrtasida avvaldan kelishib qoʻyilgan qoidalarning amalda boʻlishini taʼminlash kerakligi xizmat qiladi.

Masalan, bir jamoa gʻirrom ish qilsa, tashkilotchi uni jazolaydi. Bu holat tashkilotning kuch sohibi ekani, boshliq ekani, turnirning egasi ekanini anglatmaydi. Tashkilot klublarning kelishuvi asosida yuzaga kelgan qoidalarning bajarilishini taʼminlayotganini, yaʼni klublarga yaxshi xizmat qilayotganini anglatadi xolos.

Endi amaliyotga koʻchamiz. Professional Futbol Ligasi mamlakatimizdagi futbol klublari uchun xuddi shunday yollangan tashkilot boʻlishi kerak. PFL har bir klubdan 2018 yil uchun 500 million soʻmdan, jami 6 milliard soʻm pul yigʻib olgan. Shu pul evaziga, PFL chempionat formatini belgilaydi, taqvim tuzadi, hakamlarni tayyorlaydi, oʻqitadi, belgilaydi, oʻyinlarning oʻtishini taʼminlaydi, turnir jadvalini hisob-kitob qilib boradi, sovrindorlarni aniqlaydi va hokazo.

Hali keyingi bosqichga, yaʼni PFL oʻzi katta daromad qilib, klublarga taqsimlash darajasiga kelmadi, balki klublar PFLdan xuddi shu rivojlanishni talab qilishga haqlidir. Lekin hozirda Liga oʻzini yollanma tashkilotchi emas, futbolning egasidan tutishi, hech qanday asossiz u jamoani haydab, bunisini qoʻshishi qaysi mantiqqa sigʻadi?

“Toshkentdan uch jamoa koʻplik qiladi”, “Andijon yo Samarqanddan ham jamoa boʻlishi kerak” qabilidagi fikrlar masalan menda ham bor. Nukusda ham, Termizda ham Superliga jamoasi boʻlishini, futbol geografiyasi imkon qadar kengroq boʻlishini istayman. Toshkentda stadionni toʻldira olmaydigan “superklublar” baʼzida meni ham xafa qiladi, toʻgʻri. Lekin bu fikrlar muammoni bir buyruq bilan hal qiladigan insonlar tarafidan shunchaki orzu yoki umid sifatida emas, qandaydir harakatlar uchun asos sifatida keltirilsa, notoʻgʻri emasmi?

Samarqandga katta futbol kerak boʻlsa, Pro Ligada gʻolib chiqib, Superligaga chiqsin. Andijon Superligaga munosib boʻlishi uchun OʻFA vitse-prezidentining shunday deb hisoblashi kifoya qilmaydi. Toshkentda uchta jamoa koʻp boʻlsa, ulardan biri soʻnggi oʻrinni olishi sharti bajarilishi kerak. Formatni oʻzgartiramiz deb, hech kimdan soʻramay, 4 klubni ligadan haydash, “qiziq boʻlmayapti” deb mavsumning oʻrtasida “oltin ochkolar”ni yoʻqotishga urinish “yollanma tashkilot” uchun koʻplik qilmaydimi? (Badal pul olish tugul, har yili klublarga yuz million funtdan tarqatadigan APL ham eng kichik masalalarni ham ovozga qoʻyish orqali hal qiladiku?)

Umid Ahmadjonovning bir fikriga qoʻshilaman. Futbol xalq uchun. Umuman, hamma narsa xalq uchun. Menimcha, xalq uchun deyish biroz yetarli emas, toʻgʻrirogʻi – xalqniki. Hamma narsa xalqniki. Yollanma tashkilotlar xalqdan olingan pul evaziga xalqqa xizmat qiladi, xalqning yaxshi yashashi uchun umumiy qoidalarni ishlab chiqadi, hayotning oʻsha qoidalar asosida oʻtishini taʼminlaydi. Barcha xalqqa xizmat qiladi.

Ammo qachonki, yollanma tashkilotlar oʻzini xalqning ham, qoidalarning ham egasidek tutsa...

Har qancha toʻgʻri gapirilmasin, qarsakka arzimaydi...
Qahramon Aslanov

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Alifbe”. Oʻzbek futbolidagi yollanma professionallar haqida