10:47 / 15.11.2018
2 206

Majburiy mag‘lubiyat

Majburiy mag‘lubiyat
Sarlavhani o‘qiboq «majburiy obuna» birikmasi xayolingizdan o‘tdimi? Shunday bo‘lishi tabiiy. Majburiy obunaning taqiqlanishi - bugungi kun mavzusi. «Yosh kitobxon» Respublika tanlovi Namangan viloyati bosqichi natijalarini muhokama qilar ekanmiz, hamkasbim - «Repetitor» gazetasi bosh muharriri Gulchehra Murodova «Xo‘sh, InterFutbolga 2019 yil uchun obuna qanday bo‘lmoqda?» dedi quvlik bilan.

Javobimiz ham shunga yarasha yangradi: «Muxlislar InterFutbolni qadrlashadi. Majburiy obuna yo‘q. Jismoniy madaniyat fani o‘qituvchilari, futbol muxlislari gazetamizni ixtiyoriy obuna orqali yoki sotib olib o‘qishadi. Hamma gap - bo‘lajak futbolchilar va yosh muxlislarning «Repetitor»ga obuna bo‘lishlarida.

Futbolimiz - «Repetitor» gazetasi shakllantiradigan bilim va tafakkurga muhtoj!» Gulchehra mulohazamizni ma’qullab, «Bu safar qaysi mavzuda maqola yozmoqchisiz?» deya qiziqsindi. Ardoqli shoirimiz G‘afur G‘ulomning «Sarlavha qo‘yilsa, she’r yoziladi!» degan so‘zlariga ishora qilib, hazillashdik: «Zo‘r sarlavha aytsangiz, bas!»

«Majburiy mag‘lubiyat!» - hamkasbimiz sarlavha aytdiyu, kulib yubordi. Biz esa baralla kulolmadik. Achchiq kulimsiradik, xolos.

Majburiy mag‘lubiyat... Futbolimizdagi hozirgi holatni bundan ortiq qisqa va mazmundor ta’riflash mumkinmi?! Zukko muxlislar Sofoklning «Shoh Edip» tragediyasini yaxshi bilishadi. Haqiqatga aylangan taqdir bashoratlari qoshida chorasiz faryod chekkan shoh Edip va malika Iokaspaning ayanchli qismati - majburiy mag‘lubiyatning buyuk fakti!

O‘zi yashagan muhit aqidalariga qarshi borolmay, aniqrog‘i, mustabid mafkura zanjirlarini uzolmay, suyukli rafiqasi Feruzaga qarata «Seva-seva taloq qilaman!» degan Mirzo Ulug‘bekning iztirobi majburiy mag‘lubiyatning mangu yoniq gulxani emasmi?! Ko‘hna va navqiron tarix bu kabi majburiy mag‘lubiyatlarning qancha-qanchasini ko‘rdi. O‘jar tarixiy fakt­lar - har birimizga saboq, tasalli, umid!

Muhtaram muxlis! «Paxtakor» - «Metallurg» uchrashuvidan so‘ng yana shu ruhda maqola yozdik, «Kelishilmagan boykot»ni davom ettirdik. Bugun bundan boshqacha yozib bo‘lmaydi. Sovuq va tund, qop-qora bulutlar qoplagan samo bag‘riga yashiringan quyoshni har qancha madh etmaylik, baribir, zamin isimaydi, futbol maydonlari yayrab-yashnamaydi.

Quyosh porlamasa, barchasi bekor! To‘g‘ri, avvalgi maqolalarimizda ham futbolimizdagi muammolar xususida tan­qidiy mulohazalar bildirganmiz. Biroq ularning har birida qandaydir yorug‘lik mavjud edi. Hattoki, futbolimiz ustidan kuladiganlarga, unga «qora ko‘zoynak» bilan qarovchilarga qarshi chiqqanmiz. Endi esa huvillab yotgan stadionlarni ko‘rib, yurak orqasiga tortib ketyapti.

E’tibor davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani sari futbolimiz saviyasi pasayib, muxlislarning stadionlardagi tomoshadan ko‘ngillari sovimoqda. «Neft­chi», «Do‘stlik», MHSK va «Navbahor» chempionlikka erishgan vaqtlardagi qaynoq muhit qani?

Nima, hamma tirikchilik tashvishi O‘zbekistondami? Mamlakatimizdagi muxlislarda futbol tomoshasi uchun imkon va xohish yo‘qmi? Baralla aytamiz, xohish ham, imkon ham keragidan ortiqcha. Faqat buning uchun futbolimizga yana o‘sha shonli damlar shukuhini qaytarish kerak. Muxlislarga begona, xalqdan uzilgan futboldan nima foyda?

Ularni aldagan, xalqning ko‘ziga surbetlarcha boqib, riyokorlikni rejalashtiradigan futbol oxir-oqibat inqirozga mahkum axir. O‘tgan juma kuni Namangan shahridagi Yoshlar markazida «Yosh kitobxon» tanlovining viloyat bosqichida hakamlar bir ishtirokchi bahosini sun’iy ravishda ko‘tarishdi.

Hammaning joni halqumiga keldi. Tomoshabinlarni nazar-pisand qilmay, adolat istayotgan nigohlardan uyalmay-tortinmay, shunga jazm qilishdi-ya... Fikrimizcha, hakamlar o‘sha palla qaysi zamonda yashayotganlarini unutishdi. Ular yangi davr kishisi adolatsizliklarga, havoyilik va yuzakiliklarga jim qarab turolmasligini o‘ylab o‘tirishmadi.

Ammo Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi vakili boshqacha yo‘l tutdi. Uning talabi bilan hakamlar o‘sha ishtirokchi hisobidan ortiqcha ballni olib tashlashdi. Bu ish tomoshabinlar ko‘z o‘ngida ro‘y berdi. Havoyilik va yuzakilik esa jon talvasasida tashqariga yugurdi.

Xo‘sh, nima uchun futbolimizda shunday qilish mumkin emas?! Avval ham aytganmiz, yana takrorlaymiz, bugun futbolimizdagi achchiq haqiqatlarni Birodar Abduraimov, To‘lagan Isoqov kabi nuroniylar, Mirjalol Qosimov va Azamat Abduraimov kabi zalvori bor murabbiylar so‘zlashlari darkor. Chet-chetda turib, «uff» tortish, g‘ijinish bilan o‘zimizni yupatamiz, go‘yo. Lekin yolg‘on yupanchlar futbolimizni rivojlantirmaydi.

«Ozodi»dagi OChL finali javob uchrashuvini tomosha qilgan ming-minglab yurtdoshlarimizning yuraklari o‘rtangani aniq. Shunday final qachon Toshkentda o‘tadi? Tuyaning dumi yerga tekkandami? «Lokomotiv», «Paxtakor», AGMK hozirgi ahvolda OChL bahslarida yurtimiz sharafini, futbolimiz sha’nini munosib himoya qilishga qodirmi? Shota Arveladzedan boshqa kim ishonadi bunga? Yana qancha davom etadi aldovlar? Og‘riqli savollarga qachon shifobaxsh javoblar topiladi?

Sezilib turibdiki, futbolimiz uzoq vaqt bu kabi muhitda yashay olmaydi. Bir kuni haqiqat vulqoni otiladi, baribir. Garchi Ro‘zimboy Ahmedovning ovozi zudlik bilan bo‘g‘ilgan bo‘lsada, bu harakat qo‘r­quv ichidagi talvasaning so‘nggi ilinji hisoblanadi. O‘zbek futbolida bor gapni aytadigan bitta Ro‘zimboy Ahmedov emas.

Mardlar va adolatparvarlar topiladi futbolchilarimiz orasida, albatta. Vaziyat shunday o‘zgaradiki, «Metallurg» tarkibida to‘p surayotgan yigitlar avvaldan yozilgan «ssenariy» bo‘­yicha o‘ynashdan bosh tortishadi, shodiyona kuni «Qo‘qon-1912»dan yengilgan AGMK vakillari aslida yuksak taqdirlashga munosib emasliklarini mardona tan olishadi.

Mayli, sovg‘a-mukofotlar ularga buyursin, muborak bo‘lsin! Afsuski, futbolimizni bu yo‘l bilan yangi bosqichga ko‘tarib bo‘lmaydi. Boshqacha aytganda, majburiy mag‘lubiyatdan qutulish chorasi topilmay qolaveradi...
Muhammad VALI

Manba: www.interfutbol.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Majburiy mag‘lubiyat
ePN