10:10 / 19.01.2019
3 723

Javohir Sidiqov guruh bosqichida eng koʻp xavfli vaziyat yaratgan

Javohir Sidiqov guruh bosqichida eng koʻp xavfli vaziyat yaratgan
Osiyo Kubogida ishtirok etayotgan Oʻzbekiston terma jamoasining eng yosh aʼzosi – Javohir Sidiqov guruh bosqichining har uchala bahsida ham boshlangʻich tarkibda maydonga tushgan uch futbolchidan biri boʻldi. U Ektor Kuper qurayotgan jamoaning markaz chizigʻida eng asosiy ijrochilardan biriga aylangan. Buni quyidagi fakt ham tasdiqlaydi: ortda qolgan uchta oʻyinda Sidiqov barchadan koʻp – 5 marta xavfli vaziyatni yuzaga keltirdi (Masharipov, Shomurodov va Hamdamovda bu koʻrsatkich – 4 marta).

Sidiqov 2018 yil mart oyida Marokashga qarshi oʻrtoqlik uchrashuvida milliy terma jamoadagi debyutini nishonlagan edi. Kuper uni ilk yigʻiniga chaqirmagan boʻlsa-da, oxirgi 6ta oʻyinning barchasida asosiy tarkibda maydonga tushirdi. U MTJ libosidagi oʻninchi oʻyinida – Turkmanistonga qarshi bahsda dastlabki golini urdi.

[media=https://www.youtube.com/embed/yq87dIXwGBw]
Javohir milliy jamoaga kelgunga qadar U-17, U-19 va U-23 termalarida toʻp surib keldi. U 2012 yilda Dilshod Nuraliyev qoʻl ostidagi oʻsmirlar termasida, 2018 yilda esa Ravshan Haydarov murabbiyligidagi olimpiya terma jamoasi safida Osiyo chempioni boʻldi; 2013 va 2015 yillardagi jahon chempionatlarida ishtirok etdi.

Iqtidorli yarimhimoyachining klubdagi faoliyatiga toʻxtalsak, avvalo u “Paxtakor” akademiyasi tarbiyalanuvchisi ekanini taʼkidlash kerak. Ilk ustozi – Dilshod Nuraliyev. Sidiqov 2016 yilda “Qoʻqon-1912”ga oʻtgunga qadar “sherlar”ning zaxira tarkibida Yoshlar ligasida oʻynab keldi. Oliy ligada 2016 yilgi mavsumning birinchi davrasidagi ikki uchrashuv oxirrogʻida zaxiradan maydonga tushish bilan debyut qildi. Oʻsha yilning yozida koʻproq oʻyin amaliyotiga ega boʻlishni istayotgan Javohirni Noʻmon Hasanov Qoʻqonga taklif qilgach, ijara asosida ushbu klub tarkibiga qoʻshildi va tez orada oʻzini koʻrsatib, jamoaning asosiy tarkib futbolchisiga aylandi.

Javohir Sidiqov 2017 yil yozida “Paxtakor” bilan shartnoma muddati tugagach, erkin agent sifatida “Qoʻqon-1912” bilan bitim imzoladi. Keyingi vaqtlarda u klubining asosiy pleymeykeriga aylangan. Ammo 22 yoshli futbolchi keyingi mavsumni ham Qoʻqonda oʻtkazishi ehtimoli ancha kam: maʼlumotlarga qaraganda, Sidiqovga arab jamoalaridan tashqari Yaponiya va Janubiy Koreyaning yetakchi klublari ham jiddiy qiziqish bildirishmoqda.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Javohir Sidiqov guruh bosqichida eng koʻp xavfli vaziyat yaratgan