09:11 / 19.06.2019
2 384

Ektor Kuper: Boy berilgan YeChL finali va jahon chempioni bo‘lgan murabbiy-shogirdi haqida

Ektor Kuper: Boy berilgan YeChL finali va jahon chempioni bo‘lgan murabbiy-shogirdi haqida
Ektor Kuper O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyiga aylanganiga 10 oy bo‘ldi. Bu vaqt davomida murabbiy o‘zbek futbolini ancha o‘rgandi va qaysidir ma’noda o‘zimizning odamga aylandi. Osiyo Kubogida tarixiy natijamizni takrorlay olmagan murabbiy endilikda JCh-2022 saralashiga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Aslida uning asosiy missiyasi aynan Mundialga yo‘llanma olish hisoblanadi.

Tribuna.uz Ektor Kuper bilan suhbat uyushtirdi. Suhbat davomida o‘zbek futbol muxlislariga Kuperning qanday inson ekani, uning futbol borasidagi fikrlarini ochib berishga harakat qildik, bosh jamoamiz murabbiyi imkon boricha savollarga javob berdi deb yozadi nashr.

Suhbatni Kuperning futbol haqidagi qarashlari to‘g‘risidagi savol bilan boshladik. Murabbiy futbol hayotining mazmuni ekanini, usiz hayotini tasavvur qila olmasligini aytdi. Kuperning aytishicha, murabbiylikdagi eng yoqimli jarayon bu futbolchilar bilan mashg‘ulot:

«Futbol bu hayotimning ajralmas qismi. Men usiz hayotimni tasavvur qila olmayman. Futbolni hech qachon tashlay olmasam kerak. Agar salomatligimda biror muammo bo‘lib qolmasa, futboldan ketmayman. Murabbiylik faoliyatimni yakunlasam ham, sharhlovchi yoki ekspert bo‘lib qolaman. Murabbiylikning nimasi yoqimli? Mashg‘ulot. Ha, men uchun eng yoqimli jarayon bu mashg‘ulot. Hamma murabbiylar har xil ish olib borishadi. Ba’zilarning mashg‘ulotini yordamchilari o‘tkazadi va uning o‘zi tepada qarab o‘tiradi. Lekin menga mashg‘ulotlarda qatnashish yoqadi. Futbolchilar bilan muloqot, ular bilan shug‘ullanish juda yoqimli jarayon».

Kuperga «Valensiya»dagi faoliyati haqida savol berganimizda uning ko‘zlariga yosh keldi. Axir o‘sha vaqtda u faoliyatining eng ajoyib damlarini eslagandi-da... «Valensiya» haqida savol berish jarayonida Gaiska Mendeta, Pablo Ayman, Ruben Baraxa, Santyago Kanisares kabi shogirdlarining nomini eshitgan murabbiy gap nima haqida ketayotganini bilib, tarjimon savolni tarjima qilishini entikish bilan kutdi va o‘sha ajoyib jamoasi haqida to‘lqinlanib gapirdi:

«Bu faoliyatimdagi eng muvaffaqiyatli damlar edi... O‘z navbatida o‘shanda «Valensiya» uchun ham ajoyib damlar bo‘lgan. To‘g‘ri, men «Malorka» bilan ham Yevropa miqyosidagi musobaqa finaliga yetib borganman, lekin aynan «Valensiya»dagi faoliyatimdan so‘ng meni ko‘pchilik tanidi. Chempionlar Ligasi fantastik musobaqa. Unda qatnashib yurgan vaqtda bu sezilmagan bo‘lishi mumkin, lekin vaqt o‘tgan sayin odam o‘sha damlarni eslab rohatlanadi».

2001 yilgi Chempionlar Ligasi finalida Kuperning «Valensiya»si «Bavariya» bilan to‘qnash keladi. O‘shanda final taqdiri penaltilar seriyasida hal bo‘lgandi. Kuper bugun murabbiyga aylangan shogirdi Maurisio Pelegrino hal qiluvchi penaltini ura olmagach qanday ahvolga tushgani haqida gapirdi:

«Penaltilar seriyasida bir kishi nimanidir hal qilishi qiyin. U vaqtda faqat omad va futbolchining ruhiy holati ko‘p narsani hal qiladi. O‘shanda «Bavariya» to‘rtinchi penaltini urolmadi va bizda yutish imkoni paydo bo‘lgani haqida o‘ylay boshladim. Chunki men uchun seriyadagi eng muhim zarba aynan to‘rtinchisi hisoblanadi. Agar birinchi zarbada adashsangiz, xatoni tuzatish uchun yana 4 ta imkoniyat bo‘ladi. Ammo 4-zarbada adashish mag‘lubiyatga yetaklaydi. Afsuski... o‘shanda bizga omad yetishmadi.

Hamma Pelegrinoning penaltisini eslab qolgan, lekin seriyada bir kishi hal qiluvchi bo‘lolmaydi. Bu vaqtda futbolchilarda juda katta bosim bo‘ladi. Bunday vaqtda tajriba biror jamoaga ustunlik beradi. Shu sabab tajribali futbolchilari bor jamoalar ko‘proq sovrin yutadi».

Murabbiy uning qo‘l ostida o‘ynagan eng kuchli futbolchi kim ekani haqidagi savolga Ronaldo, Aymar, Mendeta va Salohlardan birovini tanlay olmasligini aytdi:

«Bu savolga javob berish qiyin. Bu futbolchilarning hammasi o‘zgacha yigitlar edi. Ulardan birortasi tanlash adolatsiz bo‘ladi. Bunday futbolchilar bilan ishlash sizga qo‘shimcha mas’uliyat ham yuklaydi. Axir o‘rtacha futbolchi bilan yuqori darajadagi futbolchilarning farqi katta-da. Masalan Ronaldoni olaylik. Unga ko‘rsatmani boshqacha tushuntirish kerak. Ronaldo hammasini oldindan biladi. Bunday futbolchilarga buyruq berib bo‘lmaydi, ularga shunchaki yo‘l ko‘rsatish mumkin.

Masalan Ronaldoga birga-bir vaziyatga chiqib borganda nima qilish kerakligini o‘rgatishdan ma’ni yo‘q, chunki u hammasini biladi. Ha, u katta figura va unga shunchaki yo‘nalish berish mumkin xolos, ammo futbolchi texnik jihatdan har qancha kuchli bo‘lmasin u jamoaning bir a’zosi va unga kombinatsion ko‘rsatma berish kerak. Yana takrorlayman, siz sanagan futbolchilardan birortasini ajratib ko‘rsatish to‘g‘ri emas».

Kuperning qo‘l ostida «Valensiya»da o‘ynagan futbolchilar bugun murabbiy bo‘lish ishlashmoqda. Misterning aytishicha, bugungacha Pelegrino, Aymar, Desham kabi shogirdlari bilan gaplashib turadi:

«Ha, ular bilan gaplashib turamiz. Tez-tez emas, lekin muloqotda bo‘lib turamiz. Pellegrino mashg‘ulotlar haqida ko‘p savol berardi. Keyin bilsam, u mashg‘ulot jarayoni haqida konspektlar yozib borarkan. U nafaqat mendan, balki o‘zi bilan ishlagan boshqa murabbiylarning ham mashg‘ulotlarini yozib borgan. Masalan «Barselona»da Van Galning mashg‘ulotlarini.

Bilasizmi, Pelegrino hamda Deshamning murabbiy bo‘lishini taxmin qilish mumkin edi. Desham men bilan «Valensiya»da ishlaganida allaqachon jahon chempioni bo‘lgandi. Qancha ko‘p mukofot yutgan bo‘lsa-da, u juda kamtar. Masalan u asosiy tarkibda tushmaganida ham o‘zini sinyorlarcha tutardi. Desham murabbiy sifatida jahon chempioni bo‘lganida juda xursand bo‘ldim».

Suhbatning ikkinchi qismida murabbiydan o‘zbek futboli, milliy jamoaga kelishi haqida so‘radik. Kuper O‘zbekistonning taklifini jamoa Jahon Kubogiga chiqishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygani uchun qabul qilganini aytdi:

«Bilasizmi, menga har qanday taklif bo‘lsa, o‘zimdan «Nimaga endi yo‘q?» deb so‘rayman. Chindan ham nega yangi chaqiruvlarda o‘zimni sinab ko‘rmasligim kerak? O‘zbekistondan taklif bo‘lganda menga jamoaning maqsadi jahon chempionatiga chiqish ekanini aytishdi. Aynan shu maqsad sabab men rozi bo‘ldim. Menga boshqa jamoalardan ham takliflar bo‘lgandi. Masalan AQSh, Kosta-Rika, Kolumbiya milliy jamoalaridan, lekin men qarshingizdaman».

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ektor Kuper: Boy berilgan YeChL finali va jahon chempioni bo‘lgan murabbiy-shogirdi haqida