17:41 / 18.08.2019
2 307

Ravshan Haydarov vodiy derbisi oldidan jamoalarning imkoniyatlarini baholadi

Ravshan Haydarov vodiy derbisi oldidan jamoalarning imkoniyatlarini baholadi
Vodiy derbisi oldidan taniqli mutaxassis Ravshan Haydarov o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Bugun Superliganing 17-turi doirasida yana uchta o‘yin o‘tkaziladi va shu bilan mazkur turga ham yakun yasaladi. Yashirishning hojati yo‘q, bugun ko‘pchilikning diqqat-e’tibori Andijondagi «Sog‘lom avlod» stadioniga qaratiladi. Boisi, vodiy derbisi nomi ostida «Andijon» yon qo‘shnisi – «Navbahor»ni qabul qiladi.

Ushbu jamoalarning birinchi davradagi uchrashuvi ham juda shiddatli, hissiyotlarga boy tarzda kechgandi va o‘shanda g‘olib nomi aniqlanmagandi – 1:1. Buning ustiga uchrashuvdan oldin ikkala jamoaning muxlislari o‘zaro do‘stlik va birdamlik rishtalarini mustahkamlash maqsadida bir piyola choy ustida yaqin munosabatlarini mustahkamlagan holda bir-birlariga omad tiladilar.

Andijonda o‘tadigan bahsda ham o‘yin «harorati»ning yuqori darajasi kuzatilishi kutilmoqda. Buning ustiga andijonliklar ikkinchi davrani ko‘tarinki ruhda boshlashdi va hali Superliganing ikkinchi davrasida mag‘lubiyatga uchrashgani yo‘q. Namanganliklarda esa vaziyat aksincha tus olmoqda. Ular ikkinchi davrada hali g‘alaba qozonishgani yo‘q. Ikkala jamoani faqat g‘alaba qoniqtiradigan bunday o‘yinlar esa ishonamizki, chempionatimizning jozibasini yanada oshira oladi.

Shuning uchun ko‘plab mutaxassislarning ham e’tibori vodiy derbisiga qaratilmoqda. O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi murabbiyi, taniqli mutaxassis Ravshan Haydarov ham «Andijon» hamda «Navbahor» jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvga katta qiziqish bilan qaramoqda. Shu sababli Ravshan Akmalovich mazkur derbi oldidan o‘zining fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

- Albatta, vodiy derbisi doirasidagi «Andijon» hamda «Navbahor» jamoalari o‘rtasida juda qiziqarli o‘yin bo‘lishi kutilmoqda, - deya gap boshladi, Haydarov. - Masalan, andijonliklar ikkinchi davrani yaxshi boshlashdi va oxirgi turda safardagi g‘alabadan keyin ularning ruhiy holati yaxshi. O‘ylaymanki, mezbonlar ushbu uchrashuvga har tomonlama yaxshi holatda yetib kelishdi.

«Navbahor»da esa aksincha vaziyat bo‘ldi. Oxirgi o‘yinlarda namanganliklar o‘zlari kutgan natijalarga erisha olishmayapti. Lekin «Navbahor» mavqeini to‘g‘rilash, «Andijon» esa o‘rnini yanada mustahkamlash uchun harakat qiladi. Shuning uchun ham vodiy derbisi hujumkor va qizg‘in tarzda kechadi.

Bu chinakam derbi! Ikkala jamoalar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar har doim o‘ta keskin hamda murosasiz ruhda o‘tgan. Ishonamanki, bu safar ham muxlislarga yoqadigan, chiroyli o‘yin bo‘ladi.

Imkoniyatlarga kelsak, bu borada ikkala jamoaniki teng. To‘g‘ri, bugungi kunga kelib «Andijon» jamoasi ko‘tarinki ruhda bo‘lishi mumkin. Ammo «Navbahor» omadsizlikka uchrayotgan bo‘lsa-da, ularning o‘yinlarida mazmun va hujumkorlik ko‘rinib turibdi. Ayniqsa, ularga oxirgi nuqtani qo‘yishda aniqlik yetishmayapti. O‘ylaymanki, bugun ham «Navbahor» o‘z oldiga faqat uch ochkoni qo‘lga kiritish uchun maydonga tushadi. Muxlislari oldida mehmonlar ham o‘zlarini ko‘rsatishga harakat qilishadi. O‘z navbatida «Andijon» jamoasi ham o‘z uyida minglab ishqibozlari qarshisida g‘alaba uchun borini beradi. Menimcha, bunday paytda jamoalarning imkoniyatlarini 50x50 baholay olaman, - deya fikr bildirdi, Haydarov.

Shuhratbek Jo‘rayev

Manba: Sports.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ravshan Haydarov vodiy derbisi oldidan jamoalarning imkoniyatlarini baholadi