13:11 / 29.08.2019
2 864

Yozning eng shov-shuvli transferi. Serial yakuniga yetmoqda

Yozning eng shov-shuvli transferi. Serial yakuniga yetmoqda
Foto AFP
Parij klubi futbolchi uchun kamida 170 million yevro so‘ramoqda, kataloniyaliklar transferga Dembeleni qo‘shishmoqchi.

Neymar va «Barselona». Ibtido
Neymar bolaligidan dunyodagi eng yaxshi futbolchi bo‘lishni orzu qilardi. U orzusiga erishish uchun «Santos»da harakat boshladi, ammo Pelelar davri o‘tgan — e’tirof etilish uchun Yevropaga yo‘l olish talab etilardi. Jahonning eng yaxshi futbolchisi bo‘lish uchun jahonning eng yaxshi jamoasida to‘p surish zarur edi. Neymar «Barselona»ni shunday jamoa sifatida tanladi. Aytishlaricha, 2011 yilgi klublar o‘rtasidagi jahon chempionati finalida «Santos» va «Barsa» o‘rtasidagi uchrashuvdan keyin forvard Messi va Xavining oldiga kelib, kamtarlik bilan ularga shunday degan: «Meni o‘zlaring bilan olib ketinglar. Men sizning klubda o‘ynashni istayman». O‘sha o‘yinda kataloniyaliklar 4:0 hisobida g‘alaba qozonishgandi. Braziliyalik futbolchida bunday istak uyg‘onishini tushunish mumkin edi.

Ikki yil o‘tib «Barselona» yana «Santos» bilan uchrashdi, bu safar mavsumlar oralig‘idagi nazorat o‘yinida. Endi Neymar allaqachon kataloniyaliklar safiga o‘tgan va o‘sha o‘yinda maydonga ham tushgandi, ammo u sobiq jamoasiga bitta ham gol urmadi. O‘sha sparring katalonlarning 8:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangandi. Yosh futbolchi «eng yaxshi» bo‘lishni orzu qilishda davom etar, hozircha Messi shohsupada edi.

Leoning soyasida
Neymar «Barselona»da o‘tgan uch yil davomida reja bo‘yicha o‘sishda davom etdi. Braziliyalik futbolchi jamoada chap qanot hujumida almashtirib bo‘lmas futbolchi edi, u jamoa bilan 2015 yilda Chempionlar ligasida g‘alaba qozondi, 2016 yili YeChLda «PSJ»ga qarshi tarixiy 6:1 hisobidagi g‘alabaning asosiy sababchilaridan bo‘ldi. Ammo u hamon Messidan keyingi ikkinchi planda edi. Shu yerda kichik Neymarning tarixida tanaffus va katta Neymar tarixi boshlandi.

O‘g‘il dunyoning eng yaxshi futbolchisi bo‘lishni istagan bo‘lsa, otasi — dunyodagi futbolchilarning otalari orasidagi eng boy dada bo‘lishni. «Santos»dan transfer uchun katalonlar unga 40 million yevro miqdorida komissiya puli to‘lashgandi (undan avvalroq yana 10 million yevroni avans sifatida berishgani haqida ham ma’lumotlar bor) — na Mino Rayola, na Jorje Mendesh biror transferdan buncha pul ishlagan. Futbolchi «Barselona»da yaxshigina maosh olgan: yiliga 14 million yevro (soliqlar chiqarib tashlanganda), ammo bu ham ochko‘z otaga kamlik qildi. Katta Neymar soliqlarni to‘lashdan qochdi, shu tufayli ispan sudi hamon braziliyalik futbolchini tinch qo‘ymaydi.

Keyin «PSJ»dan taklif tushdi. Bu amalga oshmaydigan transferdek ko‘ringandi, ammo bu amalga oshdi. «Barselona» hisobiga 222 million yevro kelib tushgach, Neymar yanada kattaroq maosh uchun Parijga yo‘l oldi, uning otasi bu transferni hal qilgani uchun qancha miqdordagi xizmat haqi olgani hozirgacha noma’lum.

U o‘g‘li 2016 yilda kataloniyaliklar bilan shartnomani uzaytirgani uchun bonus sifatida 26 million yevro olgan, 2017 yilda esa Neymar 1 avgustga qadar kataloniyaliklar safida bo‘lgani evaziga yana 27 million yevro olgan, Parij klubiga transfer uchun esa kamida 10 foizlik ulushga (22,2 million yevro) ega bo‘lgan. Agar Neymar Kataloniyaga qaytsa u yana 20 million yevro atrofida ulush undirishi tayin.

Bu futbolchining o‘ziga nega kerak edi? Mish-mishlarga ko‘ra, ota Neymar o‘g‘lini Messining soyasidan chiqishini aytib boshqa klubga o‘tishga ko‘ndirgan. Lekin o‘zingdan zo‘rni yengmasdan turib eng zo‘r bo‘lish mumkinmi? Shunday vaqtlar bo‘ldiki, Leoning o‘zi Neymarning oldiga kelib shunday degan: «Nima istaysan? Oltin to‘pmi? Men shunday qilamanki, sen unga ega chiqasan». Albatta Messi korrupsiya yo‘li bilan jamoadoshiga bu sovrinni olib berishni niyat qilmagandi, ammo uning golli uzatmalari bilan braziliyalik futbolchida bu orzusiga erishish imkoniyati bor edi.

Neymar o‘ylab ko‘di — va rozi bo‘lmadi. MSN triosi tarqaldi, braziliyalik futbolchi katta pullar uchun Parijga yo‘l oldi. Va sayyoraning eng yaxshi futbolchisi bo‘lish uchun ham.

Jahannamda
Neymar Parijda futbol maydonida ham, gazetalar sahifalarida ham undanda zo‘rroq boshqa bir futbolchi bo‘lishini taxmin ham qilmagandi. Ammo o‘sha yozda katta rejalar tuzgan «PSJ» ayyorona sxemalar bilan Mbappeni o‘z safiga qo‘shib olgandi, ushbu 19 yoshli futbolchi yangi avlod yulduzi bo‘lib ulgurgandi. Neymar yana bir jamoada boshqa yulduz soyasida qola boshladi. U oldingi planga chiqishga urindi, ammo bu oson emasdi. Braziliyalik futbolchi doimiy ravishda jarohat ola boshladi, «Oltin to‘p» uchun da’vogarlarning yakuniy ro‘yxatiga kirishni to‘xtatdi va «Barselona»ni sog‘inib, jamoaga qaytish haqida o‘ylay boshladi.

Aytishlaricha, Frenki-de Yong «PSJ» va «Barsa»dan birini tanlay olmay yurganida, kataloniyaliklar unga Neymar bilan shaxsiy yozishmalarni ko‘rsatishgan. Unda sakkiz yil muqaddam bo‘lgani kabi, braziliyalik futbolchi «Barselona» safida o‘ynash istagi haqida bildirgan. De Yong shundan keyin Parijning oltin qafasi nima ekanini anglab yetgan va Ispaniya chempionatiga yo‘l olgan, Neymar hozir ham shunga urinmoqda. Ammo asirlikdan qochish uchun nima qilish kerak?

«Barselona» prezidenti Xosep Bartomeu ham, Neymarning otasi ham bu transferdan manfaatdor. Axir bu bo‘lib olish mumkin bo‘lgan katta pullar. Bunday paytda na 120 million yevroga sotib olingan Grizmann, na jamoa to‘rt nafar top-forvardga egaligi, na sog‘lom fikrlar hisobga olinmaydi. Va «xoin»ning qaytishiga qarshi bo‘lgan muxlislar e’tirozi ham.

«PSJ» esa ayni vaqtda Kilian Mbappe va Edinson Kavani jarohat olgani tufayli hujumchisiz qoldi. OAVda Mauro Ikardi va Paulo Dibala Parijga olib kelinishi haqida xabarlar tarqala boshladi.

Neymar va «Barselona». Bu serial yakunlanib qoldimi?
Ko‘k-anorranglilar rahbariyati Neymarni qaytarishni istashmoqda, ammo ularning puli tugab qolgan. Yana kredit olinadimi? Bartomeu bu haqda o‘ylab ko‘rdi, ammo bu variant ma’qul emas. Shu tufayli «Barsa» Parijga o‘ziga keraksiz bo‘lgan futbolchilarni jo‘natmoqchi: avval Koutinoni taklif qilishdi, keyin Yumtiti va Rakitich haqida xabarlar tarqaldi, yakuniy variantga ko‘ra esa Dembele Parij poytaxtiga yo‘l olishi mumkin, shu kunlarda u Instagram sahifasidan «Barselona» futbolchisi» degan yozuvni o‘chirib yubordi.

Klublar vakillari kelishuvga erishish uchun Parijda ikki kun davomida muzokara o‘tkazishdi. Shayxlar ko‘p pul so‘rashmoqda, «Barselona» ikkita transhda bo‘lib to‘lashni nazarda tutgan holda 170 million yevro taklif qilmoqda. Muammo shundaki, ko‘k-anorranglilar pulning birinchi qismini ham shu yilda to‘lay olishmaydi, hatto kredit olinsa ham: aks holda UYeFA kataloniyaliklarni moliyaviy feyr-pleyga amal qilmagani uchun qattiq jazolaydi. Shu sabab tufayli «Barsa» bir qancha futbolchilaridan xalos bo‘lishi kerak, bu orqali maoshlar vedomostini yengillashtirishadi. Shu tufayli Koutino «Bavariya»ga ijaraga berildi, Rakitichni esa «Yuventus»ga jo‘natishmoqchi. Neymar, avvalgi safar bo‘lgani kabi transfer bozorini portlatishi mumkin.

Muzokaralarning yangi bosqichi boshlanib ketgan. Yaqin orada tomonlar kelishuvga erishishi kutilmoqda: Parij yoki pulni oladi, yoki pul va futbolchilar. Bu uddalab bo‘lmaydigan ishdek ko‘rinadi, ammo Neymar bilan hammasi mumkin. 0:4 hisobidan keyingi 6:1 hisobidagi kambek, 222 million yevro miqdoridagi transfer va darbadar o‘g‘ilning «Barselona»ga qaytishi.

«Real» varianti ham saqlanib turibdi. Va hatto, u baribir «Pari Sen-Jermen»da qolishi ham mumkin.
Yozgi transferlar yakunlanishiga yana bir necha kun qoldi. Bu kunlar juda qiziq o‘tishi va katta voqealar bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Yozning eng shov-shuvli transferi. Serial yakuniga yetmoqda