Joriy yilning 18-22 sentyabr kunlari Toshkentda o‘tadigan Osiyo chempionati saralash bahslariga hozirlik olib borayotgan O‘zbekiston U-16 terma jamoasi Toshkentda BAAlik tengqurlariga qarshi 2 ta o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazadi.
Dastlabki o‘yin 8 sentyabr kuni soat 16:30da TTYMI stadionida bo‘lib o‘tadi. Ikkinchi uchrashuv esa 11 sentyabr sanasida “Yakkasaroy” stadionida soat 16:00da o‘tkaziladi.
Bugun mazkur o‘yinlar oldidan har ikki terma jamoa bosh murabbiylari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston U-16 terma jamoasi ustozi Azamat Abduraimov quyidagicha fikr bildirib o‘tdi:
- Oldindagi ushbu ikkita o‘yin biz uchun Osiyo chempionati saralashi oldidan so‘nggi tayyorgarlik vazifasini o‘tab beradi. Biz imkon qadar hujumkor va chiroyli o‘yin ko‘rsatishga harakat qilamiz. Lekin bu o‘yinlarda ham natija xuddi biz bundan oldin qatnashgan musobaqalardagi kabi muhim emas. Asosiy maqsad – jamoani qit’a chempionati saralashiga tayyorlash.
Afsuski, biz bir yildan ortiq muddat davomida hech qanday musobaqa yoki o‘yinlarda ishtirok etmadik. Faqat oxirgi 2 oyga kelibgina xalqaro o‘yinlar borasida faollashdik. Shu sababdan ham BAA termasiga qarshi kechadigan birinchi o‘yinda asosan oldingi uchrashuvlarda qatnashmagan yoki kamroq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lgan futbolchilar maydonga tushadi. Sababi OCh saralashiga 23 nafar o‘yinchini ro‘yxatdan o‘tkazish mumkin. Shuning uchun oxirgi marta o‘yinchilar qay darajada tayyor ekanini shu o‘yinlar orqali ko‘rib olamiz.
Meni hozir “Nasaf” klubi akademiyasining Markaziy Osiyo chempionati va Moskvadagi musobaqada terma jamoamiz safida deyarli barcha o‘yinlarda ishtirok etgan futbolchilarga dam olish imkoniyatini taqdim etmayotgani tashvishlantirmoqda. Bilasizmi, biz Moskvadagi musobaqada qatnashgan o‘yinchilarimizga biroz tiklanib olishlari uchun klublar tomonidan maydonga tushirilmasligini so‘ragan edik. Lekin “Nasaf” akademiyasi Xayrullayev,Akramov va Ubaydullayevni 3 ta o‘yinda maydonga tushirdi. Akramovda esa endi jarohat mavjud. Menimcha, terma jamoa manfaatlari har qanday klubnikidan biroz yuqoriroq turishi lozim.
Meni shuningdek, jarohatlar tashvishga solmoqda. Biz qatnashgan musobaqalarda asosiy tarkibda o‘ynagan himoyachi – Bobur Mo‘ydinov jarohat orttirib olgan. U yaqinda operatsiya qilindi. Shu sababli endi unga umid qila olmaymiz.
Rahbariyat tomonidan bizga barcha sharoitlar yaratib berilayotganini ta’kidlay olaman. Ayniqsa, o‘yinlardan keyin futbolchilar tezroq tiklanishi uchun zarur dori-darmon o‘z vaqtida taqdim etilayotganidan xursandman.
Biz raqiblarimizni u qadar yaxshi o‘rgana olmadik. Raqib jamoalar o‘yinlari disklari yaqinda bizga yetib keldi, masalan Bahrayn va Hindiston terma jamoalarini. Ushbu raqiblar o‘yin uslubini o‘rganishni boshladik. Bizga ma’lum, Hindiston terma jamoasi yaqinda o‘zlarini mintaqaviy musobaqasida g‘olib chiqdi. Ushbu terma jamoa raqiblarini juda katta farq bilan ortda qoldirdi. To‘plar nisbati 28-0. Finalda Nepalni 7:0 hisobida mag‘lub etdi.
Qolaversa, bizda Bahrayn termasi haqida ham ma’lumotlar bor. Biz bejizga BAA termasi bilan o‘yin o‘tkazmayapmiz. Ushbu ikki jamoa, umuman arablar deyarli bir xil uslubda o‘ynashadi. Shu sababdan ham BAA bilan bo‘ladigan o‘yinlar biz uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘tgan safar yoshlar va o‘smirlar terma jamoalari qit’a chempionati final bosqichiga yo‘l olmagani – qur’ada qaysi savatchadan o‘rin olish bilan ham bog‘liq. Masalan, 2 yoki 3-savatchadan ko‘ra 1-savatdan o‘rin olish yaxshiroq, nazarimda. Misol uchun, biz o‘ynaydigan Hindiston terma jamoasi 1-savatchadan o‘rin olishga arziydigan jamoa, o‘ylashimcha.
Rahbariyat bizga imkon qadar yaxshi sharoit yaratib berishga harakat qildi. Jamoamiz ham menimcha, musobaqaga tayyor. Saralashda qit’a chempionati final bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritishga harakat qilamiz. Maqsadimiz – 1-o‘rinni egallash.
Tarkibimizda yaxshi yigitlar jamlangan. Balkim, Yevstafeyev jamoasidagi kabi yorqin yulduzlar yo‘qdir. Lekin bizda jamoaviy o‘yin yaxshi shakllanishiga e’tibor qaratilgan. Dushanbe hamda Moskvadagi o‘yinlar ko‘rsatib berdiki, yigitlarda xarakter mavjud. O‘ylashimcha, jamoaviy o‘yinlar evaziga maqsadga erishamiz.
Moskvadagi musobaqada qizil olganim to‘g‘risida gapirsam, yoshlar va o‘smirlar futbolida hakamlik darajasi u qadar yuqori bo‘lmaydi. Bunday o‘yinlarga asosan tajribasiz va yosh hakamlar tayinlanadi. Serb futbolchilari jismonan ancha baquvvat. Serbiya bilan kechgan o‘yinda bizga nisbatan qo‘polliklar va follar ko‘p bo‘ldi. Hakam esa asosan bitta tomonga qarab xushtak chalaverdi. Men esa unga e’tiroz bildirdim. Hakamni haqoratlaganim yo‘q. Lekin u menga sariq va ortidan qizil kartochka ko‘rsatdi. Buni noo‘rin bo‘lganini anglab, ikkinchi bo‘limda hakam serb futbolchilaridan ikki nafariga ham qizil kartochka ko‘rsatdi. Keyingi safarlarda o‘zimni ancha xotirjam tutishga urinaman endi. Zero Rossiya bilan kechgan o‘yinni muxlislar ichida kuzatishga to‘g‘ri keldi. Shogirdlarimga zarur vaziyatlarda ko‘rsatma bera olmadim. Agar men o‘zim zaxira o‘rindig‘ida bo‘lganimda balkim Rossiyani mag‘lub eta olgan bo‘lar edik, - dedi Abduraimov.
Matbuot anjumanining ikkinchi qismida BAA U-16 terma jamoasi ustozi Majid Salim Obaid Kasin Alzaabi quyidagicha fikrlar bildirdi:
- O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi bilan 2 ta o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazamiz. Bu o‘yinlar biz uchun Osiyo chempionati saralashi oldidan juda muhim tayyorgarlik vazifasini o‘tab beradi. Asosiy maqsadimiz – yaxshi o‘yin namoyish etish. O‘rtoqlik o‘yinlarida natija ikkinchi darajali. Bilasiz, saralashda Qirg‘iziston bilan o‘ynaymiz. Shu sababli O‘FA taklifiga rozi bo‘ldik. Zero O‘zbekiston havosi va iqlimi Qirg‘izistonga ancha yaqin sanaladi.
O‘zbekiston bilan 3 kun ichida 2 ta o‘yin o‘tkazamiz. Osiyo chempionati saralashida ham bizni tig‘iz taqvim kutmoqda. Shu sababdan ham o‘rtoqlik o‘yinlarini shunday sanalarga belgiladik. Bu bizga ko‘nikib olish imkonini beradi.
Biz 2 oy avval hozirlik jarayonini boshlagan edik. Iyul oyida 21 kun davomida shug‘ullandik. Qolaversa, Serbiyada yig‘in o‘tkazdik. Shuningdek, bu yerga kelish oldidan ko‘rfazda ancha kuchli sanaladigan Saudiya bilan ham 2 ta o‘yin o‘tkazdik.
Guruhdagi raqiblarni ham imkon qadar o‘rgandik. Iroq, Qirg‘iziston hamda Livan bilan kuch sinashamiz. Iroq jismonan kuchli, Livanda individual mahorat yaxshi shakllangan. Qirg‘iziston ham yaxshi o‘yinchilardan iborat. Biz ham o‘z o‘yinimizni namoyish etishga urinamiz, - dedi Kasin Alzaabi. “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
Shimoliy Koreya Rossiyaga uzoqqa zarba beruvchi qurollar yubordi
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Eron AQSHdan 1 trln dollar kompensatsiya talab qildi
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi