00:12 / 04.11.2019
2 601

"Kamonchi" yoxud chempionlik qonuni

"Kamonchi" yoxud chempionlik qonuni
Ro‘ziqul Berdiyevning akasi Maxmayusuf Berdiyevdan chempionlik qonuni haqida.
Bir gal, o‘zbek futboli professori, ustoz Rustam Akramov bilan suhbatlashganimda, u kishiga quyidagicha savol bilan murojat qildim: - Ustoz, mana siz, Osiyo O‘yinlari chempioni bo‘lgansiz, chempionlik qonunga binoan sodir bo‘ladi. Osiyo o‘yinlari hali boshlanmadi – yu, lekin siz chempionlik haqida fikr yuritgansiz, yoki orzu qilgansiz? – degan savolimga, ancha vaqt o‘ylanishdan so‘ng, «Ha, o‘ylaganman», - degan tasdiq javobini oldim. Bu yerda hech qanaqa tasodiflik yo‘q. Chempionlik – mutlaq ishonchga tayanadi. Albatta, mantiq bilan bu narsani tushuntirib bo‘lmaydi. Bu qonuniyatni faqat chempion bo‘lganlargina payqay olishi mumkin.

YEVRO – 2016 musobaqasi boshlanishidan o‘n kuncha avval, tasodifan bir davraga borib qoldim. Bu davrada barcha futbol bilimdonlari, fanatlar, «mutaxassis»lar yig‘ilishgan edi. Ular menga shunday savol bilan murojaat qilishdi: - YeVRO-2016 da qaysi jamoaga muxlislik qilasiz? Men esa, «hech qaysi jamoaga muxlislik qilmayman, ammo Portugaliya Yevropa chempioni bo‘ladi», -dedim. Ulardan esa «Portugaliya - chirindi jamoa!», - degan javobni oldim.

Men fol ochmadim, hurmatli folbinlarim! Folga ishonmayman, folbinlarni esa jinim suymaydi. Men qonunga binoan tashxis qo‘ygan edim. Bu qonuniyatni qanday ishlashini tekshirib ko‘rish ishqida yonardim. Lekin, tashxis qo‘yish uchun asosingiz bo‘lishi kerak. Agar asosingiz bo‘lmasa, sizni tashxisingiz foldan beshbattar natija bilan tugashi mumkin. Men YeVRO – 2016 da deyarli futbol tomosha qilmadim, shunchaki, qonuniyatni qanday amalga oshishini ko‘rishdan cheksiz zavq oldim. Portugaliya – Yevropa chempioni bo‘ldi.

Bir gal «Nasaf» klubi rahbari taklifiga binoan futbol akademiyasi murabbiylariga trening – seminar o‘tkazishimga to‘g‘ri keldi. Murabbiylar ichidan, eng obro‘lisiga, eng tajribalisiga shunaqa savol bilan murojaat kildim: - Mana, tasavvur qiling, bor xayolparastligingizni ishga solib tasavvur qiling-ki, siz O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyisiz. (Nima uchun terma jamoa? Shuning uchun-ki bu qonuniyat O‘zbekiston terma jamoasida yaqqolroq namoyon buladi. Siz murabbiymisiz, mutaxassis, jurnalist, muxlismisiz, buning ahamiyati yo‘q. Siz ham tasavvur qilib ko‘rishingiz mumkin).

Sizning qo‘l ostingizda o‘zingiz hohlagan futbolchilardan iborat butun boshli jamoa mavjud. Siz terma jamoa bosh murabbiyisiz. 2022 yil Qatar davlatida bo‘ladigan jahon chempionatida o‘zingizni va terma jamoa oldiga qo‘ygan eng oliy maqsadingizni ayting? – deb, savol berdim. U kishi uzoq o‘ylanishdan so‘ng: - Mening eng oliy maqsadim, jahon chempionatiga chiqishdir! – deya, javob berdilar. Biz kim bo‘lishimizdan qat’iy nazar, hammamiz ham deyarli xuddi shunday javob beramiz. Fikrimga qo‘shilasizmi? Hammamiz ham intellektual rivojlanish darajamizdan kelib chiqqan holda bir – birimizdan juda uzoqlashib ketmaganmiz. Hammamiz ham deyarli bir xilda fikrlaymiz.

Endi, aynan siz va futbolchilaringiz fikrlari, g‘oyalari, maqsadlari, ruhiyatingizda bo‘ladigan jarayonlar, nimaga olib kelishini mantiqan yondoshib, bu narsani «kamonchi» misolida ko‘rib chiqamiz.

Tasavvur qiling, Siz – kamonchisiz! Qo‘lingizda kamon va paykon. Qarshingizda, ellik metr masofada nishon turibdi. Siz bosh murabbiy – kamonchi, yetakchisiz! Sizning ong – shuuringizdagi g‘oyalar, faqat siz tomoningizdan jamoa futbolchilari ong – shuuriga qo‘yiladi. Kamon – bu sizning jamoangiz. Paykon – bu sizning g‘oyangiz. Siz nishon tomon paykon yo‘llayapsiz. Nishon – markazga ega va ko‘plab aylanalardan iborat. Nishonning markazi, bu – jahon chempioni bo‘lish. Markazga yaqin birinchi aylana, bu – final. Ikkinchi aylana, bu – yarim final. Uchinchisi – chorak final… Va oxirgi uchta katta aylana, bu - guruh bosqichi. Tasavvur qildingizmi?

Men murabbiyimizga: - siz fikran va ruhan nishonni qayerini mo‘ljalga oldingiz? – degan savolni berganimda, u o‘zida juda noqulaylikni xis qildi.

Qadrdonlarim! Tushunsangizchi, «men jahon chempionatida futbol o‘ynashni orzu qilaman!»,- degan fikr - mavhum fikr, o‘lik fikrdir. Tilimizdan chiqqan har bir so‘z yoki gap juda kuchli darajada energetik quvvatga ega. Bitta yaxshi so‘z bizga kuchli darajada energetik quvvat beradi, bitta yomon gap bizning barcha ichki quvvatimizni sug‘urib olishi mumkin. Bizning ong – shuurimizdagi fikr yoki g‘oya bundan ming barobar kuchli darajada kuch - quvvatga ega!

Bizning ruhiyatimizni «ko‘z»i bog‘langan. Siz hech qayerni mo‘ljal olganingiz yo‘q! Otgan paykoningiz qayerga borib tushayapti? Xuddi o‘sha yerga! Ya’ni, hech qayerga… Mabodo, siz nishon markazini mo‘ljal olishingizda qandaydir xatoliklarga yo‘l qo‘ysangiz, paykoningiz nishon markaziga tushmasligi mumkin, ammo paykoningiz nishondan chiqib ketmaydi. Nishon markazini mo‘ljal olishingiz siz o‘ylagandek juda «axmoqona» narsa emas.

Bir – ikki marta emas, besh – olti martalab peshonamiz devorga borib urildi – ku, balkim endi tushunib yetarsiz, hech narsadan biror narsa paydo bo‘lmasligini!

Xo‘sh, endi nima qilmok kerak?

Agar murabbiylarimiz, futbolchilarimiz «men jahon chempioni bo‘lishni orzu qilaman!», - deb ayta boshlasa nima sodir bo‘ladi? Nima ro‘y berishi mumkin?

Eshitmayapman. Bu juda axmoqona gap deysizmi?

Qadrdonlarim! Hozirgi ahvolimizdan-da axmoqona bo‘lishi mumkinmi? Eng axmoqona narsa biz bilan ro‘y berib bo‘ldi. Bir marta emas, bir necha marta. Har gal terma jamoamizga bitta gol yetmay qoladi yoki bir ochko, yana juda zarur bo‘lmagan paytda o‘z darvozamizga o‘zimiz gol urib qo‘yishimiz mumkin. Siz bularni barini tasodif deb o‘ylaysizmi? Balki, siz Daniya va Gretsiya terma jamoalarining Yevropa chempioni bo‘lishganligini, «Lester»ning Angliya chempioni bo‘lishini yoki O‘zbekiston terma jamoasining Osiyo O‘yinlari chempionligini ham tasodif deb o‘ylarsiz?

Bundan uch yilcha oldin, toki o‘zimni va inson ruhiy olamini o‘rganmagunimcha, kimdir bir boshqa odam shu gaplarni menga aytganida, «bu odamni sog‘ligi joyida emas…» deb uylashim mumkin edi. Men ashaddiy materialist edim. Materializm, realizm nima ekanligini bilasizmi? Talabalik yillarim bu fanlardan a’lo baholarga o‘qiganman va barchasini haqiqat sifatida qabul qilganman. Rostdan ham haqiqat, ammo «chala» haqiqat. Bitta oyoq bilan yurish mumkinmi, bitta qanot bilan uchish mumkinmi? Vaqtida men ham xuddi sizga o‘xshab, ko‘zim bilan ko‘rmaguncha, qo‘lim bilan ushlab ko‘rmaguncha hech qachon hech narsaga ishonmaganman. Ammo, bugungi kunda men anglab va tushunib yetayotgan narsalarim natijasida mening materialistik dunyoqarashlarim chok – chokidan sukilib borayapti.

Biz har doim jahon chempionati saralash musobaqasiga kirishishdan oldin «muammo»ni yaratamiz. So‘ngra bu «muammo»ni hal qilishga kirishamiz. Va butun umr xuddi g‘ildirak ichidagi olmaxon kabi: paydo qilamiz – hal qilamiz, paydo qilamiz – hal qilamiz, paydo qilamiz – hal qilamiz. Oxirida esa «dahshatli», «og‘riqli», «tushunarsiz» mag‘lubiyatlarga uchraymiz. Nima qilmok kerak? Olmaxonni yugurishdan to‘xtatish kerak. Jurnalistlarimiz bu narsalarni juda yaxshi his qilishadi. Ular bu narsalarni «sug‘ur kuni» deb atashadi. Bu yerda «olmaxon» nimani anglatadi? Bu - sir.

O‘zbek futbolining asl muammosi nimadan iborat? Har holda u hamma bir – biriga ko‘zini luq qilib axtarayotgan joyda emas. Bu muammolarning ildizi sobiq ittifoq mafkurasiga borib taqaladi. Agar siz yuqoridan sobiq ittifoq mamlakatlari futboliga nazar solsangiz, «nimalarnidir» payqay olishingizga ishonaman. Bunga to‘xtalib o‘tirmoqchi emasman. Bu juda keng mavzu.

Oldimizda har doim ikkita yo‘l bor. Bizga faqat tanlash imkoniyati berilgan, xolos. Birinchisi - hech qayerga olib bormaydigan yo‘l. Ikkinchisi - jahon kubogiga olib boradigan yo‘l. Topib ko‘ring – chi, biz qaysi yo‘ldamiz? Agar biz jahon kubogini qo‘lga kiritishni orzu qilmas ekanmiz, unga olib boradigan yo‘lni qayerda ekanligini qayerdan topamiz? Ha, tushunaman, bu sizga juda qiyin. Ha, tushunaman, bu sizga adabsizlik bo‘lib tuyulishi mumkin. Bunda qandaydir anglashilmovchilik, qandaydir noqo‘laylik… Bugungi kundagi shakllangan fikrlash nuqtai nazaringizdan olib qaraganda bundan boshqacha bo‘lishi mumkin emas. «Buyuk Qudrat» sohibi bo‘lgan har bir insonning imkoniyati juda katta, shu jumladan fikrini o‘zgartirishga ham.

Bitta maqsadga erishishni minglab, millionlab uslublari mavjud. Masalan, Xitoy futboli o‘ziga aniq maqsadga olib boruvchi yo‘lni tanladi. Bu ham bir yo‘l, lekin juda uzoq va qimmatbaho yo‘l. Bu yo‘l bizga to‘g‘ri kelmaydi. Biz eng samarali, eng natijali yo‘lni tanlashimiz kerak. Va, bu yo‘l mavjud.

Ustozlar aytishadi: «Har bir boshlangan yo‘l o‘zida allaqachon oxirini saqlaydi». Bizning tariximizda ko‘plab buyuk allomalar, donishmandlar, sarkardalar yetishib chiqqan. Shulardan biri Umar Hayyom. Siz Umar Hayyomni faqat shoir sifatida bilasiz, fikrimga qo‘shilasizmi? Umar Hayyom buyuk ustozlardan biri bo‘lgan. U juda mashhur shifokor, astronom, matematik, davlat arbobi va yana ko‘plab nimalardir bo‘lgan.

Buyuk Umar Hayyom aytgan edi: «Yovuz odamlar to‘dasi bu bilimlarni yovuzlik yo‘lida ishlatmasligi uchun men o‘z haqiqatlarimni yetti muhr va qirq qulf ortiga yashirdim». Tor fikrli odamlarning qo‘liga qudratli qurol tushmasligi uchun maxfiy yozuvning butun bir ilmi o‘ylab topilgan edi. Endi esa Umar Hayyomning ruboiylaridan bir hovuchini olasiz – da, rivojlanib ketgan hozirgi zamon futbolining boshiga tushirasiz! Natija beradimi? Shunaqa natija beradiki, bu tushungizga ham kirmagan.

Qadrdonlarim! O‘zbek futbolini ulkan muvaffaqiyat kutib turibdi. Bu muvaffaqiyatni qarshi olish uchun munosib tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak, xolos. Nima uchun bu haqida to‘la ishonch bilan gapirayapman? Shuning uchun – ki, inson ruhiyatiga oid bir qancha qonuniyatlarni payqab qoldim – ki, bu menga to‘la ishonch bilan gapirishimga imkon beradi.

G‘alabaga bo‘lgan qobiliyat bizning har birimizning ich - ichimizda mavjud, biz uni namoyon etishga tayyor bo‘lmaguncha u o‘zini aslo bildirmaydi.
Maxmayusuf Berdiyev – ruhshunos murabbiy.

Manba: Sports.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Kamonchi" yoxud chempionlik qonuni