Krishtianu Ronaldu haqida siz bilgan va bilmagan faktlar

Portugaliya termasi va “Real” hujumchisi Krishtianu Ronaldu kutilganidek 2014-yil yakunlari bo‘yicha “Oltin to‘p” sovrinini qo‘lga kiritdi. Quyida laureatning tarjimai holidan qiziqarli faktlarni keltirib o‘tamiz.
Yulduzning bolaligi
— Oiladagi to‘rtinchi farzandga uning ota-onasi kelishgan holda ism tanlashgan. Onasi o‘g‘liga Krishtianu deb ism qo‘ygan bo‘lsa, otasi - Ronald Reygan sharafiga uni Ronaldu deb atagan ekan. Otasi qirqinchi AQSh prezidentining siyosiy faoliyatiga emas, balki uni aynan Gollivuddagi ijodiy faoliyatiga tan berganini ko‘p bora takrorlaydi.
— Undagi hissiyotlarga tez berilib ketish bolaligidanoq bilinib turardi. Onasining eslashicha, tengqurlari Ronalduga “baqiroq” va “mitti asalari” deb laqab qo‘yishgan. Birinchi laqab uning jamoadoshlarining har bir harakatini muhokama qilib qichqirishlari va oddiy xato uchun ham baqirib yig‘layverishi uchun qo‘yilgan bo‘lsa, ikkinchisigi– mehnatkashligi, tinimsiz raqiblarni dovdiratish uchun amalga oshiradigan turli fintlari sabab erishgan.
— Krishtianuning “Sporting”dagi ilk murabbiyi Paulu Kardozuning aytishicha, u o‘n bir yoshligidayoq takrorlanmas jihatlarni namoyon eta boshlagan bo‘lib, muntazam ravishda ikki-uch raqiblarni aldab o‘ta olardi. Mutaxassis, o‘yindan so‘ng barcha bolakaylar uning atrofiga yig‘ilib olishlariga alohida urg‘u berib o‘tadi. Chunki, Krishtianu har doim boshqalardan ajralib turgan.
— Ronaldu o‘smirlik chog‘ida o‘zi uchun fintlarni o‘zlashtirishga alohida uslub o‘ylab topadi. U sport zalida har ikki oyog‘iga alohida og‘ir yuk berib, shundan so‘ng dribling bilan shug‘ullanardi. Portugaliyalik futbolchi bu usul texnikani rivojlantirishga katta yordam beradi de hisoblar edi. Chunki, og‘ir mashg‘ulotdan so‘ng oddiy holatda yugurish juda oson bo‘lar edi-da.
— 15 yoshida Krishtianu yurak jarrohligini boshdan o‘tkazgan. Taxikardiya uning professional faoliyatiga nuqta qo‘yishi mumkin edi, lekin, “Sporting” klubi vrachlarining o‘z vaqtida qilgan muolajalari foyda berdi.
“Liverpul” va “Yuventus”ni chetlab o‘tish
“Liverpul” ning 2000-yillardagi fransiyalik murabbiyi Jerar Ule o‘z intervyularidan birida portugaliyalik iqtidorni Aleks Fergyussondan avvalroq payqaganini aytadi. Lekin uning jamoasi tarkibdagi muhitni buzib yosh futbolchiga u darajadagi katta maosh bera olmasligini bildirgan ekan. Ronaldu yulduzi A Seriyasida porlashi ham mumkin edi. “Yuventus”ning sobiq bosh direktori Luchano Modji 2003-yilning yozida portugaliyalik futbolchining Turinga kelishiga bir bahya qolganini aytadi. O‘shanda, “Yuve” va “Sporting” barter asosida o‘yinchi alishtirmoqchi bo‘lishadi, lekin kelishuv yakunlanay deganda - chililik Marselo Salas o‘z faoliyatini “River Pleyt”da davom ettirishini bildirgan. “Keksa Sinora” esa Krishtianuni to‘la holdagi transferini sotib olishni istamagan ekan. Ammo, “Manchester Yunayted” klubi o‘z tarixidagi ilk portugaliyalik futbolchi bo‘lgan 18 yoshli Ronalduga 12 mln, funt to‘lashga uyalmadi. Krishtianu “Joze Alvalade” stadionini ochilish marosimi munosabati bilan “Sporting”ga qarshi o‘tkazilgan o‘rtoqlik uchrashuvida “qizil iblislar”ni maftun qilib bo‘lgan edi. Fergyusonni eslashicha, o‘sha o‘yindan bir necha kundan so‘ng, juda ko‘p shogirdlaridan iborat delegasiya uning oldiga kelib - “o‘sha g‘alati yigit” bilan shartnoma imzolashni iltimos qilishgan.
7 raqami
2003 – yili Ronaldu “Manchester Yunayted” o‘yinchisiga aylanadi. Fergyuson yangi futbolchiga klubning Brayan Robson, Jorj Best, Erik Kantona, Devid Bekxem va boshqa afsonalari to‘p surgan ettinchi raqamni berish kerak, deb turib oladi. Shotlandiyalik murabbiyning fikricha, “qizil iblislar” uchun alohida deb ataladigan raqam yosh futbolchining o‘zini etakchi sifatida qabul qilishiga turtki bo‘lishi kerak edi. Krishtianu esa, avvaliga “Sporting” safida o‘ynagan 28 raqamini berishlarini so‘raydi.Chunki, u jamoaga keliboq bu darajadagi ma’suliyat egasi bo‘lib qolishni istamagan. Bosh murabbiy o‘z aytganini qildi. Keyinchalik Madridning “Real” klubidan afsonaviy Raul ketganidan so‘ng ettinchi raqamni o‘zi so‘rab olgan.
Hayriya ishlari
O‘z maqsadi yo‘lida hayriya ishlarini bajarish - Ronalduning ajralmas fazilatidir. Hammasi, uning 2004-yilda televizor orqali tabiiy ofat tufayli o‘z oilasini yo‘qotgan bolakayni Portugaliya termasi ettinchi raqamli kiyimida ko‘rganidan so‘ng boshlandi. Krishtianu falokat bo‘lgan joyga uchib borib jabrlanganlarga moddiy yordam berdi va shundan buyon hayriya ishlari bilan muntazam shug‘ullanib keladi. 2012-yili Ronaldu hayriya auksioniga o‘z “Oltin butsa” sovrinini qo‘yadi. Sovrin 1,5 million evroga sotilgach, barcha mablag‘ni urushdan jabr ko‘rgan falastinlik bolalarga jo‘natadi. O‘z tashqi ko‘rinishiga alohida e’tibor qaratadigan Ronaldu donorlik qilish maqsadida badaniga tatuirovka ham chizdirmagan.
Manba: interfutbol.uz / Stadion.uz “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing