O‘zbekistonlik professional bokschilarning Janubiy Koreya promouterlik kompaniyasi “Cocky Buffalo” bilan hamkorlik qilayotganidan xabaringiz bor. Albatta, ushbu kompaniya qanday imkoniyatlarga ega va istiqbolli rejalari nimalardan iborat ekanligi barcha boks ixlosmandlariga qiziq bo‘lsa kerak. Shuni inobatga olib, biz “Cocky Buffalo” asoschisi va rahbari Sang Bum Kim bilan suhbat uyushtirdik. Quyida mazkur intervyuni e’tiboringizga havola etamiz.
- Janob Kim “Cocky Buffalo” haqida o‘zbekistonlik bokschilar bilan shartnoma imzolanganidan so‘ng, xabar topdik. Umuman olganda ushbu promouterlik kompaniyasining faoliyati qachondan boshlangan?
- "Cocky Buffalo" 2017 yilda tashkil topgan va o‘z faoliyatini boshlagan. Hozirda, O‘zbekiston, Filippin va vetnamlik bokschilar bilan shartnomaga egamiz. O‘zbekiston va Filippin bokschilari har ikki yo‘nalishda jahonda o‘z o‘rniga ega sanaladi. Vetnamda esa nisbatan havaskor yo‘nalish rivojlangan. Lekin professional bokschilar deyarli yo‘q desak ham bo‘ladi. Biz esa, bu yurtda ushbu yo‘nalishni rivojlantirish istagidamiz.
- “Cocky Buffalo” Janubiy Koreya promouterlik kompaniyasi sanaladi. Shuningdek siz ham ushbu yurt fuqarosi hisoblanasiz. Lekin ba’zanglar Xo Shi Minda joylashgan. Qolaversa, yuqorida ta’kidlab o‘tdingizki, aynan ushbu yurtda professional boksni rivojlantirmoqchisiz. Bu shunchaki biznesingiz Vetnam bilan bog‘liqligi uchunmi?
- To‘g‘ri, ish faoliyatim ushbu yurt bilan bog‘liq. 21 yildan buyon Vetnamda o‘z ishlarimni olib boraman. Bu zaminda aytib o‘tganimdek, professional boks yaxshi rivojlanmagan. Shuning uchun, men bu yo‘nalishni rivojlantirib, chempionlar tayyorlagan holda, Vetnamga o‘ziga xos minnatdorchilik izhor etmoqchiman.
- Nafaqat boshqa yurt balki AQSH da faoliyat olib boradigan ba’zi promouterlik kompaniyalarning imkoniyati ham haminqadar bo‘ladi. Ya’ni, o‘z mijozlarini so‘ngi bosqichga qadar olib borishga, ularga top janglar tashkil qilishga qurbi yetmay qoladi...?
- Nima demoqchi bo‘lganligingizni tushundim. Biz o‘z oldimizga jiddiy maqsadlarni qo‘yganmiz. Maqsad “Golden Boy” darajasiga chiqish. Qolaversa, AQSH ning o‘sha mashhur promouterlik kompaniyalari bilan bemalol raqobat qila olishdir. Bu borada bizda muammo bo‘lmaydi. To‘g‘rirog‘i, moliyaviy imkoniyatimiz bunga yetadi. Lekin, gap faqat moliyaviy tomonda emas. O‘z o‘rningizga, ishonchga ega bo‘lishingiz kerak. Buning uchun asta-sekinlik bilan bu olamning bizga yashirin bo‘lgan sir-asrorlarini o‘zlashtirib borish va qanday kuchga ega ekanligimizni isbotlashimiz kerak. Biz tayyor mashhur bokschi bilan emas, aksincha noldan chempionlikka qadar yo‘lni bosib o‘tishni tanladik.
- Demak, hamyurtlarimizning salohiyati yetsa, ularni top bokschilar qatoriga olib chiqish rejangiz mavjud ekanda?
- Albatta, men hozir ham jahon chempionlik kamari uchun janglar o‘tkaza olaman. Buning uchun, qo‘l ostimdagi bokschilar reytingda xech yo‘g‘i 5 talikka kirsa bo‘ldi.
- Bir qator bokschilarimiz va yosh murabbiyiy Bobur Najmiddinov sizlar bilan faoliyat yuritmoqda. Umuman ularning saviyasi va natijalaridan qoniqish hosil qilyapsizmi?
- Men o‘z ishimni yosh murabbiy Bobur Najmiddinov bilan boshlaganman. Murabbiy va bokschilarning yoshlarini tanlashimga sabab, ular g‘alabaga va mexnatga chanqoq bo‘ladi. Bilasizmi, promouterlikni chiroyli gulga o‘xshataman. Ya’ni, urug‘i bokschilar, tomiri murabbiylar... Ular chiroyli gulga aylansa, bu promouter bo‘ladi. Bu uch toifa bir-biri bilan uzviy bog‘liqdir. Shuning uchun, qo‘l ostimdagi mijozlarim biroz o‘tib, qurib qolishini xohlamayman. Aksincha, o‘sib, gullab-yashnashi uchun bor imkoniyatimni ishga solaman.
- Nega o‘z ishingizni aynan Bobur Najmiddinov va o‘zbek bokschilari bilan hamkorlikdan boshlagansiz?
- O‘zbekistonlik mutaxassislar va bokschilarga qiziqishimga, Boburning otasi Nabijon Ismanov sabab bo‘lgan. Uning o‘zbek professional boksi uchun juda ko‘p mexnati singgan. Bu sohada birinchi maslahatchim va kerak bo‘lsa ustozim ham aynan mazkur inson bo‘ladi.
- Olim Nazarov juda tez ko‘tarilishga erishmoqda. 29 fevral kuni yana navbatdagi jangini o‘tkazadi. Ehtimol, u jahon chempionlik kamari yo‘lidagi ilk mijozingizga aylanar?
- Olimjonga ishonaman va uning tajribasi va mahoratiga shubham yo‘q. Shuni ayta olamanki, ushbu yurtdoshingiz joriy yilning so‘ngiga qadar, jahon chempionlik kamari uchun jang qiladi. Bu mening birinchi navbatdagi maqsadimdir.
- O‘zbek bokschilari bilan bog‘liq yana qandaydir rejalaringiz bordir?
- O‘zbek bokschilari qanday kuchga ekanligini butun jahon boks jamoatchiligi, muxlislar hattoki ushbu sport turiga befarq bo‘lgan insonlar ham yaxshi bilishadi. Ular kurrai-zaminimizda yetakchi ekanligini isbotlab kelishmoqda. Lekin yuqorida ta’kidlab o‘tganimdek, mening birinchi navbatdagi maqsadim Olimjon Nazarovni mazkur yili yuqori titul uchun jang qilishiga imkoniyat yaratish. Qolaversa, Abdurasul Ismoilovni ham shunday darajaga olib chiqish istagidaman. Ehtimol, yangi o‘zbek bokschilari bilan shartnomalar ham tuzib qolarmiz. Buni vaqt ko‘rsatadi.
- Demak, yurtdoshlarimiz haqida yaxshigina ma’lumotga egasiz va ularning natijalaridan ham boxabar bo‘lsangiz kerak. Aytingchi, ayni kunda professional boksda yaxshi natijalar qayd etayotgan o‘zbekistonlik qaysi charmqo‘lqop ustalarini bilasiz va ularning orasida sizga qay birining harakatlari ma’qul keladi?
- To‘g‘risi, barcha diqqat-e’tiborim o‘zimni qo‘l-ostimdagi bokschilarga qaratilgan.
- 29 fevral kuni bo‘ladigan jang kechasini Kambodjada o‘tkazilishiga sabab nimada? Adashmasam, ushbu boks oqshomi ham siz tomoningizdan tashkil qilinmoqda. Balki O‘zbekiston varianti ajoyib bo‘larmidi... Har holda uch nafar hamyurtlarimiz ringga ko‘tarilar edi?
- Bilasizmi, bu jang kechasi "Felix" kazinosida o‘tkazilmoqda. Bu kazino rahbari mening yaqin do‘stim va ko‘p yillik hamkorim sanaladi. U bizga ushbu taklifni berdi. Albatta, O‘zbekistonda ham bunday boks kechalarini tashkil qilish rejamizda bor.
- Abdurasul Ismoilov WBA Asia kamari uchun kechgan jangda yaxshi harakat qilgan edi. Shaxsan men uchun yutqazmagandi. Mazkur jang haqida qanday fikrdasiz?
- U mening xatoim edi. Buning uchun Abdurasuldan uzr so‘rayman! Chunki u tayyor bo‘lmagan holatida qiyin holatga solib qo‘ygandim. Ismoilov ajoyib bokschi, unda men xohlagan uslub mavjud. Ishonamanki u albatta, ulkan natijalar qayd etadi va bu yo‘lda unga barcha sharoitlarni yaratib beraman.
- Toshkentga bir necha bor tashrif buyurdingiz, umuman olganda O‘zbekiston va xalqimiz sizda qanday taassurot qoldirdi?
- U yerda uch marotaba bo‘ldim. Xalqingizni mexmondo‘stligiga qoyil qolaman. Qayerga borsak ham bizni a’lo darajada kutib olishdi. O‘zbek taomlarini juda yaxshi ko‘raman. Shu o‘rinda do‘stim Nabijon Ismanovga asosiy hamkorlik va bizga berayotgan yordamlari uchun o‘z minnatdorchiligimni bildirib qolaman.
- Janob Kim qimmatli vaqtingizni ayamaganingiz uchun tashakkur!
- Raxmat. Ishingizga omad tilayman!
Suhbat uyushtirishimizda yordam berganligi uchun Muhammadyusuf Najmiddinovga o‘z minnatdorchiligimizni bildirib qolamiz!
Ahmadbek Eshmatov
“Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»