La liga. «Barselona» yirik hisobda g‘alaba qozondi

"Barselona"ni to‘xtatish juda qiyin ishga aylanib bormoqda. Jamoa yanvar oyi boshida "Real Sosedad"ga yutqazib qo‘yganidan keyin ketma-ket 9ta o‘yinda g‘alaba qozonmoqda.
"Real Madrid" kecha yutqazib qo‘ygani ham "Atletik Bilbao"dek murakkab raqibga qarshi o‘yinda kataloniyaliklarning motivasiyasini kuchaytirgani bor gap. Bilbaoliklar kuchli pressing orqali raqibga o‘z o‘yinini ko‘rsatish imkoniyatini bermaslik evaziga ijobiy natijaga erishmoqchi bo‘lishdi. Ammo Enrikening yutug‘i shundaki, u "Barsa"ga qarshi hujumni, kamsonli hujumlarda gol ura olishni o‘rgatdi. "Bilbao" esa ana shunday "qopqon"ga tushdi.
"Barselona" o‘z ega bo‘lgan dastlabki imkoniyatni golga aylantirdi. Messi tomonidan yo‘llangan jarima zarbasi rekoshet holatida mezbonlar darvozasiga borib tushdi. Shundan keyin ham "ko‘k-anorranglilar"ning ishi osonlashdi deb aytish qiyin. "Atletik" qarshilik ko‘rsatishda davom etdi. Masalan, mehmonlar posboni Aduris tomonidan yo‘llangan zarbalarning birini qiyinchilik bilan qaytargan bo‘lsa, bitta zarbani ustun o‘ziga qabul qildi.
Umuman olganda, bugungi o‘yin Messining "benefisi"ga aylanib ketdi. U o‘z hisobiga 2ta gol yozdi, 2ta golga assistentlik qildi va yana bitta golni o‘zi boshlab berdi. Undan tashqari, uning uzatmalaridan keyin Neymar va Suares bir nechta gollari urishlari mumkin edi.
Hisob 1:4ga etganidan keyin ham "Atletik" kurashishda davom etdi va bitta javob to‘pini urishga muvaffaq bo‘ldi. Ammo mezbonlardan maydonda bir kishi kam bo‘lib qolishganidan keyin tashabbus to‘laligicha "Barselona" tomoniga o‘tdi. Pedro jamoasining beshinchi golini urishga muvaffaq bo‘ldi.
Muhim g‘alabadan keyin kataloniyaliklar o‘z ochkolarini 53taga etkazishdi. Endi "Real" va "Barselona" orasidagi farq atigi 1 ochkoni tashkil qilmoqda. "Atletiko" esa 50 ochko bilan ikki grandni quvishda davom etadi. Buyog‘iga chempionlik uchun kurash keskin tus oldi.
Ispaniya chempionati, 22-tur
Atletik – Barselona 2:5
Gollar: 0:1 – 15 Messi, 0:2 – 26 Suares, 1:2 – 59 Riko, 1:3 – 62 Messi, 1:4 – 64 Neymar, 2:4 – 66 Aduris, 2:5 – 86 Pedro.
Atletik – Iraysos, Echeyta, San Xose, Laport, Balensiaga (Aurteneche, 52), Lopes, Riko, Susaeta (Benyat, 69), De Markos, Muniain (Gurpegi, 78), Aduris.
Barselona – Bravo, Dani Alves (Adriano, 69), Pike, Alba, Mate, Xavi (Rafinya, 74), Buskets, Rakitich, Neymar, Suares (Pedro, 80), Messi.
Ogohlantirishlar: Balensiaga (40), Dani Alves (45), Lopes (69), Gurpegi (90).
Chetlatish: Echeyta (75).
Manba: www.stadion.uz “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing