Jahon futboli tarixida iste’dodli o‘yinchilar juda ko‘p uchragan. Ammo ham futbolchi, ham murabbiy sifatida omadli bo‘lganlari kam. Diyego Pablo Simeone ana shunday kam sonlilar qatorida turadi. U 1970 yilda Argentinada tug‘ilgan. Tayanch yarim himoyachi pozitsiyasida o‘ynagan. Futbolchilik faoliyatiga 2006 yilda yakun yasagan.
Simeonening klub miqyosidagi yutuqlari uning asosan ispan va italyan jamoalaridagi faoliyati bilan bog‘liq. 1995/1996 yilgi mavsumda Madridning «Atletiko» klubi safida mamlakat chempioni bo‘ldi. Shuningdek, Ispaniya kubogini qo‘lga kiritdi. Buning ustiga 37 ta uchrashuvda maydonga tushib, 12 ta golga mualliflik qildi. Uning maydondagi vazifasidan kelib chiqsak, bu juda yaxshi ko‘rsatkich, albatta.
«Atletiko»da uch mavsum o‘ynagach, 1997 yilda Milanning «Inter» klubi safiga qo‘shildi. Bu yerdagi ikki mavsum u uchun mazmunli kechdi. Bu o‘rinda yarim himoyachining 1997/98 yilgi mavsumda UYEFA kubogi sohibi bo‘lganini eslashning o‘zi kifoya. 1999 yilda esa Simeone «Latsio» safiga o‘tdi. Rim jamoasida ham omad unga kulib boqdi. Jamoa mamlakat chempioni bo‘libgina qolmay, kubokni ham qo‘lga kiritdi.
2003 yilda qahramonimiz «Atletiko»ga qaytdi. Bu yerda ikki mavsum to‘p surdi. Keyin esa Argentinaga borib, «Rasing» klubi sharafini himoya qildi. U futbolchilik faoliyatini tugatganida 36 yoshda edi.
Diyego mamlakat terma jamoasi safidagi ilk o‘yinini o‘tkazganida endigina 18 yoshga kirgandi. O‘shanda milliy terma jamoaga Karlos Bilardo ustozlik qilayotgandi. U yosh yarim himoyachini Avstraliyaga qarshi kechgan bahsda maydonga tushirdi. Shundan keyin Argentina terma jamoasida bir necha avlod almashdi. Ammo Simeonening o‘rni o‘zgarishsiz qoldi.Mamlakat bosh jamoasida u to‘rt nafar murabbiy bilan ishladi. Bu mutaxassislar qahramonimizning chinakam professional futbolchi bo‘lib yetishishiga juda katta hissa qo‘shdilar.
Bilardo yuqorida ta’kidlaganimizdek, unga ishonch bildirgan bo‘lsa, Alfio Bazile bosh murabbiyligi davrida Diyego terma jamoaning asosiy tarkib futbolchisiga aylandi. Daniyel Pasarella esa sardorlik bog‘ichini topshirib, uning zimmasiga katta mas’uliyat yukladi. Darvoqe, bu qaror o‘zini to‘la oqladi. Diyegoning terma jamoa ishtirokidagi o‘yinlarda o‘zini ayaganini, kuchini kam sarflaganini hech kim eslay olmaydi.
Uning Argentina terma jamoasidagi obro‘yi shu qadar katta ediki, Diyegoga hatto bosh murabbiyning uchrashuv uchun tanlagan strategiyasini muhokama qilish huquqi berilgandi. Negaki, qahramonimiz mamlakat bosh jamoasi sharafini eng ko‘p himoya qilgan futbolchilardan biri sanalardi. U 1994, 1998 va 2002 yilgi jahon chempionatlari ishtirokchisidir. Terma jamoa safidagi 106 ta uchrashuvda u raqiblar darvozasini 11 bor ishg‘ol etgan.
Ta’kidlaganimizdek, qahramonimiz futbolchilik faoliyatini vatanida — qadrdon jamoasi «Rasing»da tugatdi. U bolaligidan shu klub muxlisi edi. ”Turmush o‘rtog‘im Yevropadan ketishni xohlamagandi, — deya eslaydi Diyego. — Men uni ko‘ndirgani ko‘p urindim. Ispaniya va Italiyadagi reklama shartnomalari muddati tugashini kutdim.Chunki u asli italiyalik bo‘lib, taniqli fotomodel edi. Shundan keyin bolalarim bilan Argentinaga ko‘chib keladi, deb o‘yladim. Hozir esa u mening Argentinaga ko‘chib kelishimni kechirmaganini tushunaman”.
Simeonening murabbiylik faoliyati boshlanishi esa g‘alati kechgan. U bu haqda shunday degandi: ”Rasing” klubi rahbariyati menga jamoani boshqarish taklifi bilan chiqdi. O‘sha kezlarda men butsimni mixga ilganimga ko‘nika olmay yurgandim. Butun tun bo‘yi uxlay olmadim. Yugurgani chiqdim. Keyin esa dushga kirdim. U yerda qancha vaqt o‘tkazganimni aniq bilmayman. Ammo vannadan «Murabbiylik qilaman, yaxshi mutaxassis bo‘lishga intilaman», degan qat’iy niyat bilan chiqqanimni yaxshi eslayman”.
Diyego qo‘l ostidagi «Rasing» jamoasi 2011 yilda Argentina chempionatida kumush medalni qo‘lga kiritdi. Shundan so‘ng u iste’foga chiqib, Madridning «Atletiko» klubidan tushgan taklifni qabul qildi. 2013 yilning 17 mayida «Atletiko» Ispaniya qiroli kubogi finalida «Real» ustidan 2:1 hisobida g‘alaba qozondi. Unga qadar jamoa butun boshli 14 yil davomida «Real»ni yenga olmay kelayotgandi. Oradan bir yil o‘tgach esa Simeone shogirdlari hal qiluvchi bahsda «Barselona» bilan durang (1:1) o‘ynab, Ispaniya chempioni degan sharafli nomga sazovor bo‘lishdi.
Diyegoning ish uslubi cho‘qqilarni bosqichma bosqich zabt etishga asoslangan. U jurnalistlar bilan muloqot chog‘ida doimo «Biz o‘yindan o‘yinga kuchayib boramiz.Sovrinlar haqida bizdan so‘ramang» deydi. Chunonchi, teleko‘rsatuvlarning birida undan «Atletiko» chempion bo‘ladimi?” deb so‘rashganida “Hozircha men uzoq davom etadigan mavsum davomida biz nimaning evaziga «Real» va «Barselona»ni quvib yetishimizni bilmayman. Lekin bu maqsaddan voz kechishimizni anglatmaydi”, deb javob qaytardi.
Uning ish uslubi o‘ziga xos. Futbolchilarda ishtiyoqni kuchaytirish uchun ba’zan hech kim kutmagan choralarni qo‘llaydi. Masalan, bir safar o‘yin arafasida mashg‘ulotlarga paralimpiada ishtirokchisi, chang‘ichi Iren Vilyani taklif qildi. Bu sportchi qiz terrorchilar portlatgan bomba oqibatida ikkala oyog‘idan ajrab qolgan. O‘shanda u 12 yoshda edi. Diyego shu sportchi qizdan futbolchilarga o‘yinoldi ko‘rsatmalar berishni so‘radi.
Simeone qo‘l ostidagi «Atletiko» 2013/14 yilgi Yevropa Chempionlar ligasi mavsumida juda muvaffaqiyatli qatnashdi. Ikki o‘yin natijasiga ko‘ra, «Milan»ni 5:1 hisobida yengib, chorak finalga chiqdi. Simeone qo‘lllagan taktik choralar evaziga jamoa «Barselona»ni yengishni uddaladi. Yarim finalda esa «Chelsi» mag‘lub etildi. Shu tariqa jamoa o‘z tarixida ikkinchi marta Chempionlar ligasi finaliga chiqdi. Aytish kerakki, «Atletiko» finalga qadar birorta ham mag‘lubiyatga uchramagan yagona jamoa bo‘ldi. U o‘z darvozasidan atigi 6 ta to‘p o‘tkazdi.
”Real”ga qarshi kechgan final bahsining asosiy vaqtida «Atletiko» 1:0 hisobida oldinda borayotgandi. Ammo hakam tomonidan qo‘shib berilgan vaqtda Serxio Ramos hisobni tenglashtirdi. Qo‘shimcha bo‘limlarda esa jamoaning ham ruhan, ham jismonan toliqqani sezildi. ”Real” 4:1 hisobida g‘alaba qozondi. Agar «Atletiko» yutib chiqqanida Simeone Chempionlar ligasida zafar quchgan argentinalik uchinchi murabbiy bo‘lur edi. Ammo afsuslanishga hojat yo‘q. Diyego hozir salkam 50 yoshda. Yangi yutuqlari hali oldinda. Faqat omad undan yuz o‘girmasa bo‘lgani.
Istam IBROHIMOV tayyorladi
Manba: Xs.uz “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi