10:24 / 31.08.2020
1 929

Andrey Miklyayev "rels"dan chiqib ketgan "Lokomotiv" boshqaruvida

Andrey Miklyayev "rels"dan chiqib ketgan "Lokomotiv" boshqaruvida
Birinchi davrani muvaffaqiyatsiz o‘tkazgan klublar orasida “Lokomotiv”ning ham borligi biroz ajablanarli tuyular ekan. Negadir temiryo‘lchilar o‘z imkoniyati darajasidan ancha past o‘yin ko‘rsatishdi. Bunga qator omillar sabab bo‘lgani ham haqiqat.

Avvalo tarkibni qator yetakchi o‘yinchilar tark etdi. Qolaversa, mavsumga tayyorgarlik borasida ham kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi ko‘rinib qoldi. Oqibatda Andrey Fyodorov bosh murabbiylikdan iste’foga chiqarildi. Birinchi davraning oxirgi ikkita turida esa vaqtinchalik bosh murabbiy sifatida Dilshod Nuraliyev ishladi. Biroq “Paxtakor” va “Nasaf”ga qarshi o‘yinlarda “Loko” chinakamiga nokautga uchradi. Ta’bir joiz bo‘lsa, temiryo‘lchilar relsdan chiqib ketdi, deya ifodalasak ham haqiqatga yaqinroq bo‘lardi.

Endi esa jamoaga rasman yangi bosh murabbiy tayinlandi. Andrey Miklyayev ushbu lavozimda astoydil ishga kirishdi. Bunga qadar u klubda yordamchi murabbiy sifatida ishlab kelayotgandi. Umumiy holatda aytadigan bo‘lsak, Miklyayev murabbiylik faoliyatining katta qismini “Loko” uchun o‘tkazib kelayotgani e’tiborga molik. Endi bo‘lsa, uning zimmasiga yanada katta mas’uliyat yuklandi. Andrey Gennadevich qanday bo‘lmasin ruhiy tushkunlikka tushib qolgan jamoani yorug‘lik sari olib chiqa olishi lozim. “Lokomotiv” bosh murabbiyiga aylangan Miklyayev esa dastlabki fikrlarini bildirdi.

- Andrey Gennadevich, “Lokomotiv”ni qiyin vaziyatda qabul qilib oldingiz. Jamoani yaxshi tomonga o‘zgartirish uchun rejalaringiz qanday?
- Dastlabki mashg‘ulotda to‘planib, yuzaga kelgan vaziyatni qanday qilib yaxshi tomonga o‘zgartirishni futbolchilar bilan birgalikda muhokama qildik. Bu yo‘lda avvalo klubning yetakchi o‘yinchilarining mulohazalarini tingladik va holatni iloji boricha ijobiy tarafga o‘zgartirish yo‘lida sxema ishlab chiqamiz.

- Rahbariyat tomonidan oldingizga qanday vazifa qo‘yildi?
- Vazifa – boshqa klublar bilan teppa-teng kurasha oladigan jangovor jamoani tuzishdan iborat.

- Birinchi davrada “Lokomotiv” o‘z darvozasidan eng ko‘p gol o‘tkazib yuborgan klub bo‘lib turibdi. Himoyachilar va darvozabonga jiddiy e’tirozingiz bormi? Endi bu muammoni qanday hal qilmoqchisiz?
- E’tirozlar faqat darvozabon yoki himoyachilarga emas, balki butun klubga. Axir biz darvozamizdan nafaqat ko‘p gol o‘tkazib yubordik, balki raqiblar darvozasini yetarli darajada ishg‘ol eta olmadik. Buni iloji boricha o‘nglamasak bo‘lmaydi.

- Tarkibda o‘zgarish qilishga kech qoldingizmi?
- Tarkibda o‘zgarishlarni amalga oshirib bo‘lmaydi. Nega deganda, 31 avgustda transfer oynasi yopiladi. Shunday ekan, ixtiyorimizda bor bo‘lgan futbolchilar bilan o‘ynashni davom ettiramiz.

- Faoliyatingizning katta qismini “Lokomotiv”da turli lavozimlarda o‘tkazdingiz. Bu klub uchun shu paytgacha nima bera oldim, deb o‘ylaysiz?
- Kishini juda noqulay ahvolga solib qo‘yadigan savolni berdingiz. O‘ylaymanki, buning javobini mendan emas, rahbarlardan so‘raganingiz ma’qulroq. Chunki aynan ular “Lokomotiv”ga nima bera olganimni biladilar. Faqat shuni aytishim mumkinki, “Lokomotiv” men uchun juda qadrdon jamoa. U bilan unutilmas g‘alabalar nashidasini surganman. Endi jamoaga juda qiyin bo‘lib turgan vaziyatda unga qo‘limdan kelgan yordamni berishga harakat qilaman.

Ikkinchi davra boshlanishigacha biroz vaqt borligini hisobga olsak, Miklyayev jamoaning ruhiy holatini qanchalik ijobiy tomonga o‘zgartira olarkin? Rahbariyat boshqa joydan murabbiy olib kelmasdan klubni ichidan yaxshi biladigan, shu yerda ishlayotgan mutaxassisga ishonch bildirib qo‘ya qoldi. Albatta, Miklyayev borasida tayinlov qanchalik to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri bo‘lganini ikkinchi davra ko‘rsatib bersa ajab emas. Lekin o‘zingiz guvohi bo‘lganingizdek, ikkinchi davrada ham “Lokomotiv”dagi hozirgi mavjud futbolchilar bilan o‘ynashda davom etishadi. Muhimi, ikkinchi davra Miklyayev va uning jamoasi uchun muhim pallaga aylanadi. Vaqt qisqa, qolganini esa maydonda ko‘ramiz.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Andrey Miklyayev "rels"dan chiqib ketgan "Lokomotiv" boshqaruvida