09:30 / 27.09.2020
2 041

Piter Xyuistra: "Qatarda ko‘proq o‘yin o‘tkazishni xohlaymiz"

Piter Xyuistra: "Qatarda ko‘proq o‘yin o‘tkazishni xohlaymiz"
Foto: Championat.asia
Toshkentning "Paxtakor" jamoasi 1/8 finalda Eronning "Istiqlol" klubi ustidan 2:1 hisobida g‘alaba qozondi. Uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida "sherlar" yordamchi murabbiyi Piter Xyuistra quyidagi fikrlarni aytib o‘tdi.

P.Xyuistra: "Bugungi g‘alabadan juda ham xursandmiz. Biz buni xohlagandik va bunga erishdik. Birinchi bo‘lib gol qo‘yib yubordik, bu bizni biroz qiynab qo‘ydi. Lekin, keyinchalik to‘p kiritib vaziyatni o‘nglashni uddaladik va kambekka erishdik. Endi keyingi uchrashuvga tayyorlanishimiz kerak. O‘z mintaqamizning eng kuchli 4 jamoasi safiga kirdik va chorak finalga chiqdik. Buni "Paxtakor" uchun ham, o‘zbek futboli uchun ham katta muvaffaqiyat deb o‘ylayman".

- Gol o‘tkazib yuborilgandan keyin 5-6 daqiqa davomida jamoa o‘yinini yo‘qotib qo‘ygandek bo‘ldi. Goldan keyingi bunday reaksiyaga nima sabab bo‘ldi?
P.Xyuistra:
- Buni bilmadim. Lekin, bugun "Istiqlol" aynan bizga qarshi boshqa o‘yinlardan ko‘ra agressivroq o‘ynadi. Bu maydonda ko‘rindi, shu bilan birga ular juda yaxshi o‘ynashganini ham aytib o‘tmoqchiman. Uchrashuvga kirishib ketishimizga 10-15 daqiqa kerak bo‘ldi, chunki "Istiqlol" tajovuzkor o‘yini bilan bizga qarshilik qilishga, qiyinchilik tug‘dirishga urindi. Ularning oxirigacha kurashishganini e’tirof etib o‘tmoqchiman.

Bizda ham xatolar bo‘ldi, ayrim vaziyatlarda hisobni kattalashtirish uchun imkoniyatlarimiz bo‘ldi, ammo bizga chiroyli yakun yetishmadi. Oldindagi 4 kundan foydalanib keyingi bellashuvga yaxshiroq tayyorlanishga harakat qilamiz. O‘ylashimcha, biz bugungidan ham yaxshiroq o‘ynay olamiz. Bunga majburmiz, chunki oxirgi 4 jamoa orasida qoldik va qolgan uchrashuvlar yanada qiyinroq bo‘ladi. Aynan shu sabab ham o‘yinimizni yanada yaxshilashimiz zarur. O‘z oldimizga qo‘ygan maqsad sari asta-sekin boryapmiz, Qatarda ko‘proq o‘yin o‘tkazishni xohlaymiz.

- Bugun Eldor Suyunovning ba’zi vaziyatlardagi ishonchsiz o‘yini maydondagi futbolchilarga ta’sir qilmadimi? Unga bugun nima bo‘ldi yoki kechqurun yaxshi uxlamaganmidi?
P.Xyuistra: - Menimcha, bugun o‘yin davomida Suyunovdan ko‘ra murabbiylar ko‘proq asabiyroq bo‘lishdi deb o‘ylayman. To‘g‘ri, jarima zarbasida Eldor o‘zini yaxshi ko‘rsata olmagandir. Lekin, undan oldin 7-raqamdagi o‘yinchi (Diabate) u bilan birga-bir chiqqanida katta seyvni amalga oshirdi va jamoamizni qutqarib qoldi. Bundan tashqari, bir necha bor to‘p jarima maydonchamizga havodan oshirib berilganida ishonchli o‘ynadi va raqib hujumlarini yo‘qqa chiqardi. Eng muhimi bizning keyingi bosqichga o‘tganimiz.

- "Paxtakor" bugun ustunlik qilganini aytib o‘tdingiz. Haqiqatdan ham shunday bo‘ldi va jamoa keyingi uchrashuvlarda ham bugungidek jismoniy tetikligini saqlab qoladi deb o‘ylaysizmi?
P.Xyuistra: - Ha, biz aynan shuning uchun harakat qilib kelyapmiz. Buning ustida deyarli 3 yildan beri ishlab kelamiz. Futbolchilar jismoniy taraflama juda yaxshi holatda. Oldimizdagi 4 kundan foydalanib tezroq tiklanish va keyingi o‘yinga yanada yaxshiroq holatda bo‘lishlari uchun tayyorgarlik ko‘ramiz. Bu tarafdan albatta ishlashda davom etishimiz shart, lekin o‘yinchilarning holatidan qo‘rqmaymiz, ular jismonan yaxshi formada.

Tolibjon Qosimov
Doha, Qatar

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Piter Xyuistra: "Qatarda ko‘proq o‘yin o‘tkazishni xohlaymiz"