22:30 / 31.12.2020
2 486

"Milan"ning favqulodda porlashi va aldangan Beg‘amov haqida

"Milan"ning favqulodda porlashi va aldangan Beg‘amov haqida
Umrimizdan yana bir yil yo‘qotdik. Kimlar 366 kundan unumli foydalanib qolgan bo‘lsa, kimlar (men kabi) o‘zini tanqid qilish bilan ovora. Ortda qolgan kunlar futbol olamida o‘ziga xos voqeliklarga boy bo‘ldi. Ular orasidan e’tiborimni tortganlari bilan quyida o‘rtoqlashmoqchiman. Bu qanaqadir reyting emas, shaxsiy fikrlar.

Armonga aylangan Olimpiada
Yigitlarimiz joriy yilning 8-26 yanvar kunlari Tailandda bo‘lib o‘tgan 23 yoshgacha futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo chempinatini 4-o‘rinda yakunlashdi. Yana olimpiadaga haqlidek ko‘ringan jamoamiz yurtga boshi egik holda qaytdi...

"Milan"ning favqulodda porlashi
Nihoyat, "rossonerilar" shonli tarixini eslab qoldi. Yevrofutboldagi eng kutilmagan voqea ham shu bo‘ldi. "Qizil-qoralar" statistika bo‘yicha 2020 yilni Yevropada uchinchi, Italiyada birinchi pog‘onada yakunladi. Ortda qolgan yil "Milan" muxlislariga "Liverpul" ishqibozlaridan-da quvonarliroq bo‘ldi.

Pro liga o‘yinlarining translyatsiyasi
15 sentabr kuni O‘zbekiston Professional futbol ligasi hamda "UZREPORT TV" o‘rtasida Pro liga musobaqasining media va tijorat huquqlari bo‘yicha shartnoma imzolandi. Mazkur shartnoma 2024 yilning 31 dekabriga qadar amal qiladi. Ushbu yangilik muxlislar uchun quvonarli bo‘ldi va futbol sifatiga ta’ir ko‘rsatmay qolmadi.

Bundan tashqari, O‘zPFL klublarning uzoq yillik layoqatsizligiga chek qo‘yib, futbolchilar va murabbiylarni sug‘urtalash masalasida oldinga katta qadam tashlagan bo‘lsa, O‘FA yil yakunida mamlakat futbolini tozalash masalasida katta ishni boshlab qo‘ydi. Og‘ir pandemiya sharoitiga qaramay, futbol mavsumi yuqori nuqtada yakun topdi.

Maradonaning vafoti
2020 yilda ko‘plab sohalar haqiqiy darg‘alaridan ayrildi. Ularning orasida, balki, eng buyugi Diyego Armando Maradonadir. Ochig‘i, marhum futbolchi haqida tasavvurlarim tamoman yanglish ekan (XXI asr farzandlarida boshqacha bo‘lishi mumkin emas). Maradona shaxsiyatida yomon insonda bo‘lishi mumkin barcha illatlar mujassamdek ko‘rinar, uni Messidan ustun qo‘yishlariga tushuna olmas edim. 25 noyabr oqshomida e’lon qilingan xunuk xabardan keyin butun dunyo matbuoti tinmay Diyego haqida yoza boshladi. Bir inson shaxsiyatiga nisbatan bunday ko‘lamdagi ommaviy munosabatga ilk bor guvoh bo‘ldim, hayron qoldim. Keyin yana bir bor argentinalik dahoning umr yo‘llari bilan qiziqqan bo‘ldim. Birozdan keyin boshqa bir afsona — Paolo Rossi ham vafot etdi. Har 2 voqeaga bo‘lgan munosabatni o‘zaro solishtirib, Maradonaning darajasi boshqaligini tushundim.

Kashfiyot
Shubhasiz, o‘tgan mavsum kashfiyoti Erling Xoland bo‘ldi. Yaqinda 20 yoshga to‘lgan futbolchi allaqachon o‘nlab rekordlarni yangilab tashladi (Ronaldoning Chempionlar Ligasidagi natijasini 19 yoshida yangilagani diqqatga sazovor). Norvegiyalik forvardning eng katta yutug‘i skandinavlarga xos sovuqqonligi hisoblanadi. O‘ydashimcha, Erling yaqin kelajakning eng yorqin yulduzi bo‘lishi kerak. Xolandning bosiqligi, yulduzlik kasaliga chalinish ehtimolining pastligi uni Kilian Mbappedan kuchliroq qilishiga ishonaman. E’tibor qiling, 2020 yilda Dortmuning "Borussiya" klubi tarkibida 32 o‘yin o‘tkazgan vunderkind 33 gol, 6 assist qayd etdi.

Omadsiz insayd
Yil davomi ko‘plab "qovunlar tushirildi", siyosatchilarnikini to‘plab, katta "xirmon" qilsa bo‘ladi. Futbol ichida va atrofida ham turli qiziq voqealar sodir bo‘ldi. Ulardan biri sizga yaxshi tanish bo‘lgan Shahboz Beg‘amov bilan bog‘liq. U shaxsiy blogida 4 iyun kuni Usmon Toshevning O‘zbekiston terma jamoasi boshqaruviga kelishi MUMKINligi haqida yozdi. Postda ma’lumot aniq emas, deyilgan bo‘lsa-da, hammamiz Beg‘amovga tashlandik, o‘sha xabarni kulgiga oldik. O‘ylab qarasak, dunyoning eng mashhur insayderlari bir yilda yuzlab xabarlar chiqarishadi, 50 foizi omadsizlikka uchraydi: ba’zan muzokaralar muvaffaqiyatsiz tugasa, ba’zida tomonlar fikridan qaytishi mumkin. Ammo ularning barchasi feyk xabar hisoblanmaydi. 95% insaydlari muvaffaqiyatli chiqib kelgan Beg‘amov esa bir dona omadsiz xabar uchun yolg‘onchiga chiqarildi.

Eng qizig‘i, o‘sha ma’lumotni Toshevning o‘zi ham inkor qilolmagan, shu masala bir piyola choy ustida muhokama qilingani aniq ekan. Usmon Toshevning o‘zi rad qilmagan ma’lumotga Beg‘amov aldanib qolgan. Mayli, hammasi o‘z yo‘liga, lekin o‘sha xabar karantin kunlarida bir necha kun bo‘lsa ham, muxlislarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi (Shahboz Beg‘amov esa shaxsiy blogini o‘chirib tashladi).

Nega o‘sha voqeani esladik? Shaba aka 2021 yilda yana bir katta ishni boshlash arafasida turibdi. Barchamiz qadrli Beg‘amovning oilaviy hayotiga baxt tilab qolamiz. Baribir katta ishlarni boshlashga shoshilmagan ma’qul:) Ajoyib transferlar va terma jamoa to‘g‘risida va’da qilingan yangi insaydlarni kutib qolamiz. Oxiri baxayr bo‘lsin.

Muallif: Faxriddin Ro'ziyev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Milan"ning favqulodda porlashi va aldangan Beg‘amov haqida