00:15 / 10.01.2021
3 095

Eldor «Yuventus»ga kerakmi? Eldorga «Yuventus» kerami?

Eldor «Yuventus»ga kerakmi? Eldorga «Yuventus» kerami?
Eldor «Yuventus»ga kerakmi? Eldorga «Yuventus» kerami?
«Tuttosport» nashri Eldorninu «Yuventus» e’tibor markazida turgani haqidagi xabarni e’lon qilgach, O‘zbekiston va Rossiya saytlarida turli maqolalar e’lon qilindi. E’tiborlisi shundaki, uning «Yuventus»ga o‘tmoqchi ekanligi hech kimni hayron qoldirgani yo‘q. Xo‘sh, Eldorning bu transferidan kimga foyda? Aynan shu savol kun tartibidagi asosiysi bo‘lib turibdi. Bugun shu savolga javob izlashga urinib ko‘ramiz.

«Yuventus»ga bu transfer kerakmi?
Turin klubi tarkibi kishi ko‘zini qamashtirib yuboradi. Ayniqsa, hujum markazidagi nomlar muxlislarni qo‘rqitib yuborishi turgan gap. Shunday bo‘lsa-da, tanganing ikkinchi tomoni ham mavjud. Keling, «Yuventus»ning oldingi chizig‘iga nazar tashlaymiz. Hujumda Ronalduning o‘rnini egallash imkonsiz, biroq e’tibor berib nazar solsangiz, uning yo‘qligida maydonga tushishga qodir, Krishga dam olish imkonini beradigan futbolchi «zebralar» tarkibda yo‘q.

Ronaldu 35 yoshni urib qo‘ydi. Uning yoshida juda katta distansiyani qoqilmasdan bosib o‘tish imkonsiz. U chinakam yakunlovchi. Hozirgi «Yuventus» aynan uning atrofida qurilganini inobatga olsak, portugaliyalikni ehtiyot qilish maqsadida Shomurodov transferiga qo‘l urilishi hech gap emas. Endi markaziy hujumda sermahsullik namoyish etayotgan Alvaro Morataga e’tibor qarating! Bir qarashda, Moratani almashtirib bo‘lmaydigandek tuyulishi mumkin, biroq u hech qachon barqaror futbolchi bo‘lmagan.

«Chelsi» va «Atletiko» ham aynan shu omil sababli uni o‘z safida qolishini istamagan. «Yuventus»dagi ajoyib startdan eyforiyaga berilmaslik lozimligini rahbariyat sezib turibdi. Hujumchi 5+4 natija qayd etganiga qaramay, istalgan uchrashuvda o‘z imkoniyatlarini namoyish eta olmay qolishi mumkin. Bu Turin klubi uchun juda katta muammolar keltirib chiqaradi. Sababi, Alvaroni ham muqobil variant tarkibda mavjud emas. O‘z vaqtida, «Real» ham Moratadagi beqaror o‘yin sababli undan stabil Benzemani afzal ko‘rgan edi.

«Yuventus» ancha yillardan beri chempionlik uchun kurashda bunday keskin qarama-qarshilikka duch kelmagan. Boz ustiga, Pirloning bosh murabbiylikdagi tajribasizligi hal qiluvchi so‘nggi turlarda pand berib qo‘yishi mumkin. Agar yuqorida nomi zikr qilingan hujumchilardan biri safdan chiqsa, (bu futbol: hamma narsa bo‘lishi mumkin) «Yuventus» o‘tmas pichoqqa aylanib qolishi turgan gap. Buni klub prezidenti Andre Anelli yaxshi anglab turibdi. Shu bois, pandemiya chog‘ida markaziy hujumchilarning kichikroq summadagisini tarkibga qo‘shib olmoqchi.

Zamonaviy futbolda markaziy hujumchi va markaziy himoyachilarning narxi 50 million yevrodan kam emas. Boz ustiga, ularning grand klubda qanday top surishi bobida hech kim kafolat bera olmaydi. «Yuve» rahbarlari bejizga universal markaziy hujumchi izlamayapti. Sababi, Dibalaning o‘yinida keskin pasayish kuzatilmoqda. U avvalgidek markazda to‘p surishga qodir emas. Endi, asosan hujumlarni boshlashda va so‘nggi paslarni ijro etishda ishtirok etmoqda. Pirlo ham Sarri singari argentinalik fantazistaga sxemadan joy topa olmadi. Bu tarkibga Eldorning kelib qo‘shilishi, «Yuventus»ga qo‘shimcha imkoniyat taqdim etishi aniq., biroq Eldorga-chi?

«Yuventus» varianti amalga oshsa, nima bo‘ladi?
Unda yevrofutbolda qadrlanuvchi uchta omil mavjud. Mehnatkashlik, ikkinchi qavatdagi ustunlik va katta tezlik. Uning arsenalidagi bu imkoniyatlar allaqachon namoyish etildi. Eldor reydni amalga oshirgani, ikkinchi qavatda gol kiritgani va to‘p uchun kurashda faol bo‘layotganini nafaqat biz, balki boshqalar ham ko‘rib turibdi. Shunday ekan, Eldorga ( agar shu tempni tushirmasa) yana takliflar bo‘ladi. Hozircha, uning uchun ideal variant «Jenoa»da qolish va klubni elitada saqlab qolish. Agar «Jenoa» A Seriyada qolsa, kelasi mavsumda Eldor jamoaning birinchi raqamli yulduziga aylanadi. Agar «griffonlar» elitadan tushib ketsa, u bilan aloqaga chiqadigan jamoalar topilishi turgan gap. Shunday ekan, ayni damda Genuyada qolish yaxshiroq variantdek ko‘rinmoqda.

To‘g‘risi, doimo yaxshi niyat qilish lozim. Shunday bo‘lsa-da, sportda tashlangan har qadamni oldin o‘ylab olish lozim. «Yuventus» Eldorni 4-raqamli hujumchi sifatida klubga jalb etishni reja qilgan. Boshqacharoq qilib aytganda, Eldor «Yuventus»ning zaxiradagi imkoniyatiga aylanadi. Unga ilk uchrashuvlardan ishonch va 90 daqiqa to‘p surish imkoniyatini hech kim yaratib bermasligi aniq. Pirlo chempionat o‘yinlarida katta qiyinchilikka duch kelmoqda. Shu bois, natija beruvchi yigitlardan foydalanishni afzal ko‘radi. Agar Morata va Ronaldu mavsumni qoqilmay o‘tkazsa, Eldor uzog‘i bilan ikkita uchrashuvda 90 daqiqa to‘p surishi mumkin xolos. Bundan ortig‘ini kutishning o‘zi imkonsiz. Balki, kubok bahslarida ko‘proq sharoit yaratib berilar, lekin bu ayni o‘sadigan yoshdagi futbolchi uchun kamlik qiladi.

Bundan tashqari, «Yuventus»ning biroz omadsiz start olishi Pirloning klubda uzoq qolmasligiga ishora qilmoqda. Uning ketishi esa, Eldor uchun jamoada yana hammasini boshidan boshlash lozimligini bildiradi. Hamyurtimiz o‘ziga ishongan yigitlardan. U «Yuventus»ga o‘tishi, Ronaldu va Buffonlar bilan mashq qilishi mumkin. Ijtimoiy tarmoqlarda ular bilan birga tushgan suratlarini qo‘yishi, biz esa ko‘kragimizga urib xursand bo‘lishimiz mumkin.

Afsuski, futbol faqat bu voqealardan iborat emas. Bunga qadar Ilyos Zeytullayev «Yuventus»ga o‘tgan va deyarli hech narsani uddalay olmagan edi. Undan o‘zbek futboliga qolgan narsa statistika, xolos. Boshqa hech qanday naf keltirmagan Ilyosni hozir deyarli hech kim eslamaydi. Eldor esa, biroz boshqacharoq yo‘ldan ketmoqda. Mushkulroq yo‘ldan.«Jenoa» singari juda kuchsiz klubda 3 ta gol kiritgan Eldor har bir o‘yinda o‘rtacha 54 daqiqa harakat qilmoqda.

Noyabr oyidan beri havfli zonani tark etmagan klub uchun juda yomon ko‘rsatkich. Yangi murabbiy kelgach, biroz vaziyat yumshadi. Shunday bo‘lsa-da, hali uni «Jenoa»ning bir bo‘lagi deyishga erta. U sekin-asta muxlislar va omma e’tiborga tushdi. Italiya nashrlari u haqida maqolalar e’lon qilishni boshladi. Bu u tanlagan yo‘l mushkul bo‘lsa-da, manzilga to‘g‘ri olib ketayotganidan dalolat.

«Jenoa»da qolish kerakmi?
Eldorning passiv hujum uyushtiruvchi jamoa safida o‘zini yo‘qotib qo‘ymagani quvonarli holat. Tan olish lozim, 4 hujumchisi bor klub safida raqobatni yengib o‘tish oson bo‘lmaydi. Endi, asosiy tarkibda muqim qolish uchun jang olib borish lozim. Ayni damdagi «Yuventus» varianti chiroyli eshitilishi mumkin, biroq uning ortida juda katta muammolar mavjud. «Jenoa» esa, deyarli maqsadsiz suzib yurgan kemaga o‘xshab bormoqda. Bunday vaziyatda, hamyurtimiz uchun ideal variant sifatida boshqa klublarni ko‘rsatishimiz mumkin.

Masalan, Inzagi boshchiligidagi «Benavento»da Eldor porlashi mumkin. Yoki juda ham hujumkor to‘p suruvchi «Sasuollo» safida ham biz uni bundan ham yorqinroq o‘yin namoyish etishiga ishonamiz. Yoki «Parma» va «Verona» jamoalari ham Eldorning yangi klubi bo‘lsa, bu ikki tomonga ham foyda keltirishi aniq. Buni hozir hamma yaxshi anglab turibdi. Italiya klublari pandemiyadan juda katta talafotlar bilan chiqqanidan so‘ng, ularda qishki transfer uchun deyarli mablag‘ qolgani yo‘q.

«Yuventus» bundan mustasno. Klub mavsumni muammosiz o‘tkazish va uni barbod qilmaslik maqsadida Eldorni sotib olish mumkin. Ammo bu transferdan faqat klub yutadi. Futbolchi esa, eng qimmat bo‘lgan ikkita narsani yo‘qotadi. Birinchisi vaqt bo‘lsa, ikkinchisi o‘yin amaliyoti. Ushbu omillarni hozir «Jenoa» taqdim etmoqda. Shunday ekan, ketish haqida fikrlash uchun avval mavsumni yakunlash lozim. Shomurodov shu tempda davom etsa, mavsum so‘nggiga qadar o‘z statistikasini ancha yaxshilab oladi.

Yaxyoxo‘ja Ulug‘xo‘jayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Eldor «Yuventus»ga kerakmi? Eldorga «Yuventus» kerami?