00:23 / 21.01.2021
3 533

Intervyu. Eldor Shomurodov: "O‘tgan kunni tezroq unutishga harakat qilaman"

Intervyu. Eldor Shomurodov: "O‘tgan kunni tezroq unutishga harakat qilaman"
"Jenoa" klubi YouTube kanalida "Futbolny Maximum" kanali asoschisi yosh Maksim tomonidan Eldor Shomurodov bilan eksklyuziv intervyu uyushtirildi.
- Futbolni necha yoshdan boshlab o‘ynay boshlagansiz va qaysi pozitsiyada harakatlangansiz?
- Futbolni 6-7 yoshimdan o‘ynay boshlaganman. Otam, amakim va akalarim shu sport turi bilan shug‘ullanishgan. O‘ylaymanki, futbol oilasimiz. Futbolga bo‘lgan qiziqishim shundan bo‘lsa kerak. Ko‘pchilikning aytishicha, otam hujumda juda yaxshi o‘ynaganlar. Men xuddi ular kabi bo‘lishni xohlaganman.

- Oilangizni ahil va inoq desak bo‘ladimi? Ularni sog‘inasizmi?
- Albatta, oilamiz ahil-inoq, ularni sog‘inaman. Oilamiz katta, barcha bayramlarni, tug‘ilgan kunlarni birga nishonlaymiz. Ko‘plab bayramlarni o‘tkazib yuborishimga to‘g‘ri kelyapti, lekin bu hayot, shunday ekan, sabr qilamiz.

- Oila davrasida futbol o‘ynab turasizlarmi?
- Yaxshi savol. O‘ynab turamiz, albatta, faqat katta futbol emas, 7 ga 7 bo‘lingan holda mini-futbol o‘ynaymiz.

- Unda doim siz harakatlanadigan jamoa yutadimi?
- Yo‘q, albatta. Aytib o‘tganimdek, oilamiz a’zolari futbol o‘ynashni juda yaxshi bilishadi, shu bois o‘yin qiziq kechadi va unda har doim ham men harakatlanadigan jamoa yutavermaydi.

- Nega 61-raqamni tanladingiz? Bu g‘oya qayerdan kelib chiqdi?
- 14-raqam band bo‘lgani bois shu raqamni oldim va buni do‘stim tavsiya qilgandi. U: "61 bizning hududga tegishli raqam va bundan muxlislar xursand bo‘lishadi", – deb aytdi.

- Bolaligingizda siz uchrashishni va imzo olishni xohlagan kumiringiz kim?
- Har doim ta’kidlaganimdek, kumirlarim – Fernando Torres va Dide Drogba. Aynan ular bilan ko‘rishishni va dastxat olishni xohlagan bo‘lardim.

- "Jenoa"da kimning o‘yini sizga manzur bo‘ldi?
- Aynan kimnidir ajratib ko‘rsatolmayman. Jamoamizning har bir a’zosi kuchli va top futbolchilar.

- Faoliyatini endigina boshlayotgan futbolchilarga qanday maslahatlar bera olasiz? Birinchi navbatda nimaga e’tibor qaratish zarur?
- Avvalo, faqat futbol haqida o‘ylash kerak. Astoydil mehnat qilish, o‘ziga ishonish va maqsad sari intilish lozim.

- Xobbingiz bormi?
- Ota-onam bilan telefonda muloqot qilish, italyan tilini o‘rganish va televizor tomosha qilish.

- Italyan tilini o‘rganish qiyin kechmayaptimi? Italyanchada muxlislarga nimadir deyolasizmi?
- Hozircha gapirishga qiynalyapman, lekin ancha-muncha so‘zlarni tushuna boshladim.

- Genuya oshxonasi haqida nima deya olasiz? Haqiqiy o‘zbek palovi pishiriladigan joyni topdingizmi?
- Yo‘q, hozircha o‘zbek oshxonasini topa olmadim, faqat italyan oshxonasida bo‘ldim.

- Sizga qaysi italyan taomi yoqdi?
- Rizotto taomi

- Genuya haqidagi taassurotlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz.
- Juda chiroyli va tarixiy shahar. Monte Pesshe tog‘ida bo‘ldim, u yerdan butun Genuya ko‘rinarkan. Aholisi ham futbolni yoqtiradi va "Jenoa"ning o‘yinlarini faol ravishda kuzatib boradi.

- Adashmasam, Italiya Kubogi doirasidagi "Sampdoriya"ga qarshi o‘yinda o‘zingizning birinchi golli uzatmangizni qayd etdingiz. O‘shanda nimalarni his etdingiz?
- Buni eslamaslikka va o‘tgan kunni unutishga harakat qilaman. Albatta, ko‘pi bilan bir kun xursand bo‘laman, keyin esa bor diqqat-e’tiborimni navbatdagi bahsga qarataman.

- Kelajakdagi rejalaringiz qanday?
- Doimo o‘sishga harakat qilaman, qo‘limdan kelgan barchasiga erishishni istayman va bu uchun borimni beraman. Jamoaviy sovrin yutishni niyat qilaman.

- Siz qaysi futbolchidan dastxat olishni orzu qilasiz?
- Men doim Fernando Torres va Dide Drogbaning muxlisi bo‘lib kelganman. Aynan ulardan dastxat olishni xohlardim.

- "Jenoa" bilanmi?
- Ha, "Jenoa" bilan. Asosiysi, O‘zbekiston terma jamoasi bilan Jahon chempionatiga chiqishni xohlayman.

- Yaqinda ota bo‘ldingiz. Qanday hissiyotlarni boshdan kechirdingiz?
- Buni so‘z bilan ta’riflab berish qiyin. Noodatiy va yoqimli hisga ega bo‘lasiz.

- Genuyada farzandingiz hamda rafiqangiz bilan istiqomat qilyapsizmi?
- Yo‘q, ular hozircha Toshkentda. O‘ylaymanki, yaqinda bu yerga (Genuyaga) kelishadi. Ularni rosa sog‘indim.

- Sizga muvaffaqiyat va g‘alabalar yor bo‘lishini tilaymiz. Hurmatli tanglovchilar, siz bilan Eldor Shomurodov va Maksim bo‘ldi.
- Sizga ham rahmat!

Rus tilidan Sherzod Nurmatov tarjimasi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Intervyu. Eldor Shomurodov: "O‘tgan kunni tezroq unutishga harakat qilaman"