14:00 / 04.03.2021
1 852

«Yangi Kroyf», 4 muhim vazifa va hujumdagi yo‘qotishlar

«Yangi Kroyf», 4 muhim vazifa va hujumdagi yo‘qotishlar
Foto: «Daryo»
«Paxtakor» futbol klubining yangi bosh murabbiy Piter Hyuistra ishtirokida 4 mart kuni mavsumoldi matbuot anjumani tashkil etildi.
Unda niderlandiyalik mutaxassis jurnalistlarni qiziqtirgan ko‘plab savollarga javob qaytardi.

Mavsum boshlanishidan avval OAV vakillari bilan uchrashish va muloqot qilish yoqimli. Oxirgi to‘rt yilda «Paxtakor»da ishlayapman, klub va o‘zbek futbolini yaxshi bilaman. Ish men uchun yangi emas, lekin chaqiruvni yangi deb aytishim mumkin. Shota Arveladze bilan ishlagan davrimizda biz «Paxtakor» bilan yangi darajaga chiqa oldik deb o‘ylayman. Ikki yil ichida barcha ichki sovrinlarga ega chiqdik. Chempionlar Ligasida eng kuchli sakkiz jamoa qatoridan o‘rin oldik.

Hozir esa Arveladze jamoani tark etgach, biz o‘yin falsafasini saqlab qolib, yana-da o‘sishga intilishimiz zarur. Osiyoda eng yaxshi darajaga chiqishga harakat qilamiz. Xorijlik mutaxassislar o‘zbek futbolchilari haqida juda iliq fikrlar bildiradi. Chempion sifatida bizda mas’uliyat bor, ortimizdan barchani yuqori marra sari yetaklashimiz kerak. O‘zbek futboli katta imkoniyatga ega. «Paxtakor» va boshqa jamoalarda o‘sish uchun potensial mavjud. «Olimpik» jamoasida 60 foizga yaqin o‘yinchi «Paxtakor» tarbiyalanuvchilari va futbolchilari sanaladi.

Yangi mavsum va tarkibdagi o‘zgarishlar haqida
Milliy terma jamoani muhim o‘yinlar kutmoqda va u yerda ko‘plab futbolchilarimiz o‘ynaydi. «Paxtakor» doim bosim ostida bo‘ladi, bizdan ko‘p narsa kutishadi. Bosh murabbiy sifatida vazifam o‘yinchilarni yuqori darajada ushlab turish. Shanba kuni mavsumni boshlaymiz. Ikki marta «Nasaf» bilan o‘ynaymiz. O‘tgan mavsum eng yuqori pog‘ona egalari mavsumni ochib beradi. Bu o‘ziga xos qiziq sinov.

Har mavsumda jamoalar safida o‘zgarish ro‘y beradi. «Paxtakor» ham ba’zi futbolchilarga ketishga ruxsat berdi, chunki ularga manfaatliroq takliflar bo‘ldi. Yangi o‘yinchilar safimizga kelib qo‘shildi va me’yorni saqlashga urinamiz.

Tarkibimizga bir necha o‘yinchilarni qo‘shib oldik. Iminov va Yo‘ldoshev esa ijaradan qaytdi. Ular yaxshi potensialga ega futbolchilar, bu raqobat kuchayishiga xizmat qiladi. Himoya va yarim himoyada saviyamiz pastga tushmagan, biz darajani saqlab qoldik deb o‘ylayman. Faqat hujumda yo‘qotish mavjud. Tezroq jamoani jipslashtirib, yaxshiroq saviyaga chiqib olishimiz kerak. Chobanov, Azmiddinov, Xoldorxonov va Xolmatov kabi yoshlar esa asosiy jamoa bilan to‘liq shug‘ullanib, tajriba oshirib bormoqda. Erkinov esa bemalol asosiy tarkibdan o‘rin olishga da’vogarlardan biri.

«Paxtakor 2»ning Pro-Ligada ishtirok etmasligi haqida
U-21 va birinchi liga jamoalari o‘tgan yili faoliyat olib borgandi. Birinchi liga jamoasi Pro-Ligaga yo‘llanma olgandi, biroq ko‘plab futbolchilar «Olimpik» klubiga jalb etilgani sababli birinchi liga jamoasi faoliyati to‘xtatildi. Asosiy tarkib va U-21 tarkibi birgalikda shug‘ullanadi.

Jamoa oldidagi to‘rt muhim vazifa
To‘rt muhim jihat mavjud: Superkubokni qo‘lga kiritish, Superligada chempionlikni himoya qilish, Chempionlar Ligasida muvaffaqiyatli ishtirok etish, o‘yinchilarni milliy terma jamoaga yaxshi holatda tayyorlab berish. «Paxtakor» bosh murabbiyi katta mas’uliyatga ega ekanini tushunaman, nafaqat o‘zim, balki o‘yinchilar uchun ham javobgarman. Bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri terma jamoaga ta’sir qiladi. O‘zbek futboli rivojiga kichik hissamni qo‘shishga tayyorman.

Niderlandiyalik mutaxassis o‘zbek futboli uchun «yangi Kroyf»ni tarbiyalab bera oladimi?
O‘yinchilarni, tizim, falsafani yaxshi bilaman. Men uchun ko‘p o‘zgarish yo‘q. Chunki ushbu falsafa men sevgan uslub. Ishda katta o‘zgarishlar yo‘q deb aytishim mumkin. Faqat endi klub vakili sifatida ko‘proq OAV bilan muloqotda bo‘laman. Umid qilamanki, Kroyfdek futbolchi paydo bo‘ladi. Har bir klub o‘zining yoshlar jamoalari, akademiyalariga e’tibor berishi kerak. Doim yoshlar bilan ishlab kelganman. Bu klub uchun kelajakka qo‘yiladigan eng yaxshi qadamdir. «Paxtakor»da hamisha ko‘plab iqtidorlar bo‘lgan. Akademiya bilan ishlashda davom etamiz, yoshlarning mehnat qilayotganini ko‘rish doim yoqimli.

Mavsumga tayyorgarlik haqida
Bu jarayon hamisha qiziqarli. Biz xorijda yig‘in o‘tkazdik, futbolchilar bosh murabbiy bilan yaqinlashishi, jamoaning bir-biriga moslashishida bu katta ahamiyatga ega. Yangi o‘yinchilar moslashib boradi. Jamoa va tarkib bilan ba’zi sinovlarni amalga oshirib ko‘rish mumkin. Yoshlar asosiy jamoa muhitini his qiliadi. Ba’zi futbolchilar «Spartak» va «Zenit»ga qarshi bahslarda boshqa daraja, tezlik, jismoniy imkoniyatlarni ko‘rdi. Bu ular uchun yaxshi tajribaga aylanadi. O‘z ustida ishlash kerakligini his qiladi.

Jamoa hujumchilarni qo‘yib yuborayotgani haqida
Hamisha tanlov imkoniyatiga egamiz. Ba’zan futbolchi ko‘proq o‘ynashi yoki o‘sishi uchun boshqa klublarga berib yuborishga to‘g‘ri keladi. Bu ularning kelajagi uchun muhim. Biz turli xil variantlarni sinab ko‘rishimiz mumkin. Eren maydonga tusha olmaydigan taqdirda boshqa o‘yinchilardan foydalanishga intilamiz. Transfer oynasi hali yopilmadi. Hujumchi qidirish ishlari davom etmoqda. O‘tgan yilga nisbatan taqqoslaganda, hujumda muammo bor, to‘g‘ri. Boshqa tarafdan bu men uchun yengib o‘tishim kerak bo‘lgan chaqiruv.

Chempionlar Ligasining markazlash holda o‘tishiga munosabati haqida
Bunday musobaqa o‘zgacha o‘tadi, jamoalar bir mehmonxonada yashaydi, bir-birini ko‘radi va o‘yinlarda ishtirok etadi. Musobaqaning o‘ziga bor e’tiborni qaratasiz. Raqiblarni to‘liq o‘rganib chiqasiz. Jamoani darhol navbatdagi uchrashuvga tayyorlash talab etiladi. Safar bilan bog‘liq muammolar yo‘q bo‘ladi. Yoqimsiz tarafi esa shunday katta o‘yinlarni uyda o‘ynay olmasligimiz. «As-Sadd» va «Shabob al-Ahli»ga qarshi bellashuvlarni yaxshi eslayman. Stadion deyarli to‘lgandi va bunday muhitda o‘ynash jamoaga qo‘shimcha ishtiyoq beradi. Bunday muhitni sog‘indik.

Superligadagi raqobatchilar haqida
Boshqa jamoalarda ham o‘zgarish bo‘lgan, mavsum boshlanmasdan oldin biror raqibni yaxshi bilmaysiz. Kim qanday tayyor ekanini bilib bo‘lmaydi. Hamisha har bir chempionatda yettita jamoa chempion bo‘lish haqida o‘ylaydi. 5-6-turdan keyin qandaydir xulosaga kelish mumkin. «Nasaf» deyarli o‘tgan yilgidek kuchli deb o‘ylayman. «Lokomotiv», OKMK, «Bunyodkor», «Navbahor» ham kuchli. «Qizilqum» bilan nazorat o‘yinida to‘qnash keldik. Ularda ham juda yaxshi jamoa mavjud.

Bosh murabbiy sifatida o‘z oldiga qo‘yadigan maqsadi
Har bir keyingi o‘yinni yutish. Futbolda hamisha keyingi bahsni o‘ylaysiz. Ko‘plab o‘yinlarni yutish orqali chempionat va boshqa musobaqalarda zafar quchasiz.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » «Yangi Kroyf», 4 muhim vazifa va hujumdagi yo‘qotishlar