22:26 / 06.03.2021
2 286

«Nasaf»ga nima yetishmadi? «Paxtakor» nimaning hisobiga g‘alaba qozondi?

«Nasaf»ga nima yetishmadi? «Paxtakor» nimaning hisobiga g‘alaba qozondi?
O‘zbekiston Superkubogi uchun o‘tkazilgan uchrashuvda "Paxtakor" "Nasaf" ustidan 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. O‘yindagi yagona golga 50-daqiqada Dragan Cheran mualliflik qildi. Bahs yakuniga qadar darvozalarga boshqa to‘p kiritilmadi. Shu tariqa, "sherlar" o‘z tarixida ilk bor O‘zbekiston Superkubogiga ega chiqdi. Samarqanddagi finalni muhokama qilamiz.

Taktik to‘qnashuv
Toshkent klubi Piter Xyuistra boshqaruviga o‘tgach, taktik jihatdan nimadir o‘zgarishini kutish mumkin edi. Amalda hech narsa o‘zgarmagani Samarqanddagi finalda sezilib qoldi. «Paxtakor» Shota Arveladze shakllantirgan o‘yin modeliga sodiq qoldi. Bitta sof hujumchi, uning ortida pleymeyker va ikkita qanot yarim himoyachilari. Ehtiyotkor, biroq sug‘urtalangan sxema. «Nasaf» esa, asosiy hujumlarni ma’lum futbolchilar yordamida tashkil etishga urindi. Misol uchun, Oybek Bozorov va Marko Stanoyevichning bu bahsdagi vazifasi raqib jarima maydonchasi ichida bo‘sh zonalar yaratishdan iborat edi. «Nasaf» Berdiyev ko‘rsatmasi asosida tezkorlikka urg‘u berdi.

Shuningdek, qanotlardagi futbolchilar dribling yordamida maydon markaziga kirib borishi ham ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu raqibning himoya tartibini buzib tashlashi kerak edi. «Paxtakor» hujumda Eren Derdiyokdan foydalanishdan tashqari, markazdagi ustunlikni ta’minlashi shart edi. Sababi, qarshiliklarning hujumi aynan maydon markazidan start olishini ular juda yaxshi bilar edi. Ro‘ziqul Berdiyev esa, «Paxtakor»ning qanotlar orqali hujum uyushtirishini inobatga olgan holda, asosan, qarshi hujumlarda raqibni dog‘da qoldirishga harakat qildi.

Maydonda vaziyat qanday ko‘rinish oldi?
Yuqorida aytib o‘tganimizdek, «Nasaf» a’zolari birinchi taymda nisbatan kuchliroq ko‘rindi. Oybek Bozorov bir necha bor dribling namoyish etdi hamda vaziyatlar yaratdi. Marko Stanoyevich esa, ikki bor gol kiritish uchun qulay imkoniyatni boy berdi. «Paxtakor» birinchi bo‘limda pressing orqali raqibni zararsizlantirishga urindi, ammo buni uddalashning imkoni bo‘lmadi. «Ajdarlar» qanotlarida to‘p surgan Norchayev keskinlikni oshirishga harakat qildi. O‘yinning birinchi bo‘limida Berdiyev tanlagan taktika ish berishi mumkin edi, biroq jamoa imkoniyatlardan foydalana olmadi.

Ikkinchi taymga kelib, jamoalar o‘rtasidagi farq ko‘zga tashlanishni boshladi. Transfer oynasi chog‘ida tarkibini Sardor Rashidov, Aziz Turg‘unboyev singari ijrochilar bilan kuchaytirgan «Paxtakor» yoshlarga suyangan «Nasaf»dan kamroq xato qilishni boshladi. Bugungi bahsda «ajdarlar» futbolchilarining o‘rtacha yoshi 22 da bo‘lsa, «sherlar»da bu ko‘rsatkich 26 ga teng bo‘ldi. E’tiborlisi shundaki, poytaxtliklarni goldan avvalgi va goldan keyingi o‘yin uslubi batamom ikki xil bo‘ldi. Dragan Cheran kiritgan to‘pdan so‘ng, Xyuistra bor e’tiborini bexato to‘p surishga qaratdi va o‘z shogirdlaridan tavakkal qilmaslikni talab qildi. Shu bois, goldan so‘ng Sayfiyev va Alijonov hujumga deyarli qo‘shilgani yo‘q. Bu holat qarshilik futbolchilarga noqulaylik tug‘dirdi.

«Paxtakor» birinchi bo‘limda asosan qanot himoyachilari yordamida keng maydon bo‘ylab hujum qilgani uchun «Nasaf»da raqib jarima maydonchasida ko‘proq bo‘sh zonalar paydo bo‘lishi kerak edi. Toshkentliklar ustozi Xyuistra "ekonom" rejimni yoqishga qaror qildi. Tayanch zonasida to‘p surgan Sobirxo‘jayevning oldiga Abror Ismoilov qaytarildi. Yarim himoyachi o‘yin davomida asosan hujum boshlashga javobgar edi, biroq goldan keyin murabbiy uni ikkinchi tayanch yarim himoyachisiga aylantirdi. Oqibatda, markazda Marko Stanoyevich yolg‘izlanib qoldi. «Paxtakor» ortiqcha agressivliksiz pozitsion pressingni boshlab yubordi. Ayniqsa, o‘yinning 75 daqiqasidan so‘ng bu katta effekt berishni boshladi.

«Nasaf» maydon markazini boy bergach, ikkinchi qavatdan uzatmalar bilan oldinga o‘tishga urindi. «Sherlar»ning baland bo‘yli markaziy himoyachilari bunga imkon bermaslik uchun maydon markaziga qadar chiqib kelishni boshladi. Oqibatda, «ajdarlar» hujumga o‘tish uchun bo‘sh zona topa olmay qoldi. Xyuistra ehtiyotkorlik va birinchi urilgan gol evaziga "shaxmat doskasi"da bir qadam oldinda bo‘ldi. Agar ilk taym so‘ngidagi vaziyat golga aylanganida, ikkinchi 45 daqiqalikda Ro‘ziqul Berdiyev o‘yin tempini boshqarishi mumkin edi. Birinchi gol uchrashuvda murabbiylar duelini hal etib berdi.

O‘yin ichidagi kurash
Mavsum avvalida ikki klub ikki xil ahvolda edi. Qarshiliklar futbolchilardan qarzdor, klub yopilishi mumkinligigi haqida xabarlar paydo bo‘lishni boshladi. «Paxtakor» ham avvaliga yetakchilarini qo‘yib yubordi, ammo uning o‘rnini sifatli ijrochilar bilan to‘ldirdi. «Nasaf»da esa, ketganlar o‘rnini to‘ldirishga qodir futbolchilarning yo‘qligi Samarqanddagi bahsda pand berdi. Islom Kenjaboyev, Bobir Abduxoliqov, Sharof Muhitdinning o‘rniga hech kim taklif etilgani yo‘q. Berdiyev akademiyadagi yoshlarga suyanishga majbur bo‘ldi.

Bu yigitlar finalda akalaridan o‘yin va xohish borasida qolishmadi, ammo tajribasizlik pand berdi. Yana bir o‘yinga ta’sir ko‘rsatgan omil «Nasaf»ning zaxirasi «kichik» ekanligi bo‘ldi. Ikkinchi bo‘limda zaxiradan tushgan Mannonov, Komilov, Yo‘ldoshev o‘yinni buzib qo‘ymadi, ammo kuchaytirishni ham uddalay olgani yo‘q. «Paxtakor»da esa, zaxiradan tushganlar darajasi baland emas edi, ammo ular o‘yinni kuchaytirish uchun emas, «o‘ldirish» uchun tushdi. Xyuistra o‘yin tempini buzish maqsadida barcha o‘zgarishlarni so‘nggi 15 daqiqada amalga oshirdi.

E’tibor bergan bo‘lsangiz, zaxiradan tushganlar deyarli birorta epizodda ko‘rinish bermadi. Piter birinchi goldan ustalik bilan foydalandi. Bu bahs mavsumni ilk rasmiy o‘yini bo‘lgani bois jismoniy imkoniyatlar 100 foiz emasligi ko‘zga tashlanib qoldi. Birgina Stanoyevich va Bozorovning chaqqonligi bilan natija erishish mushkul. Ikkinchi taymda Markoning charchab qolgani 65 daqiqadan so‘ng shundoqqina ko‘rinib qoldi. Afsuski, «ajdarlar» zaxirasida uning o‘rnini to‘ldirishga qodir ijrochi yo‘qligi pand berdi.

Sherlar «Ajdarlar»dan ustun keldi, ammo...
Bugungi o‘yin tarixda qoladi. Bu bahsni yillar o‘tib «Paxtakor»ning g‘alabasi bilan xotirlashadi. Shunga qaramay, o‘yinni ko‘rgan muxlislar "Nasaf"ni unutmasligi aniq. «Ajdarlar» juda og‘ir ahvolda bo‘lishiga qaramay moliyaviy ancha barqaror bo‘lgan «Paxtakor»ga qarshi 90 daqiqa intrigani saqlab turdi, vaziyatlar yaratish bobida «sherlar»dan qolishmadi. Hakamning final hushtagiga qadar Toshkent klubi muxlislarini xavotirda ushlab turdi.

Yoshlardan tashkil topgan klub Osiyoning eng kuchli jamoalaridan biri bilan tengma-teng olishganiga qoyil qolmaslikning imkoni yo‘q. «Paxtakor» esa, ehtiyotkorlik va tajriba evaziga tajovuzkor «Nasaf»ni mag‘lub etdi. «Sherlar» tarixda qolishga haqli, ammo ularni tarixga kirishiga ko‘maklashgan «ajdarlar»ni ham unutmaslik lozim. Bugun «Nasaf» o‘zining minimum imkoniyatlaridan maksimum naf chiqardi. Toshkentliklarni sovrin bilan tabriklaymiz. «Ajdarlar» esa, ortga boshni tik ko‘tarib qaytib ketishga haqli!

Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » «Nasaf»ga nima yetishmadi? «Paxtakor» nimaning hisobiga g‘alaba qozondi?