16:30 / 12.03.2021
2 671

2021 yilda yangi klubga o‘tgan o‘zbekistonlik 10 legioner

2021 yilda yangi klubga o‘tgan o‘zbekistonlik 10 legioner
2021 yilgi mavsum oldidan o‘zbekistonlik bir qator futbolchilar o‘z faoliyatlari davomida ilk marta legionerga aylanishdi. 2020 yil Superliga, OCHL yoki milliy jamoamiz safida o‘zini yaxshi ko‘rsata olgan aksariyat o‘yinchilar yangi mavsum oldidan xorij klublari bilan shartnoma imzolashdi. Ushbu transferlarga nazar tashlagan Tribuna.uz bu yil legionerga aylangan yoki xorijdagi klubini yangilagan o‘zbekistonlik futbolchilar o‘nligini tuzdi.

Jaloliddin Masharipov
Sobiq klubi: «Paxtakor»
Yangi klubi: «Shabob Al-Ahli» (BAA)
O‘tish maqomi: transfer (1,7 million yevro)
O‘zbekiston Superligasining 2020 yildagi eng yaxshi futbolchisi nihoyat legionerga aylandi. «Paxtakor» safida ichki turnirlarda barcha sovrinlarni qo‘lga kiritgan Jaloliddin Masharipov Yevropaga ketishi kutilgan bo‘lsa-da, yakunda Osiyo varianti ma’qul deb topildi. «Paxtakor» 27 yoshli hujumkor yarimhimoyachisini Saudiya Arabistonining «An-Nasr» klubiga 1,7 million AQSH dollariga transfer qilgan bo‘lsa-da, legionerlar cheklovi sababli saudlar Masharipovni yarim mavsumga BAAning «Shabob Al-Ahli» klubiga ijaraga berib yubordi. Jaloliddin allaqachon dubayliklarning yetakchi futbolchisiga aylanib ulgurdi.

Dostonbek Hamdamov
Sobiq klubi: «Paxtakor»
Yangi klubi: «Hatta» (BAA)
O‘tish maqomi: erkin agent
O‘zbekistonning amaldagi chempioni safini Masharipovdan tashqari, o‘ng qanot yarimhimoyachisi Dostonbek Hamdamov ham tark etdi. 24 yoshli futbolchi erkin agent sifatida Birlashgan Arab Amirliklarining «An-Nasr» klubiga o‘tgandi, biroq Dubay klubi O‘zbekiston milliy jamoasi a’zosi bilan 1,5 yillik shartnoma imzolaganiga qaramay, uni chempionat autsayderi «Hatta»ga ijaraga berib yubordi. Hamdamovning bu jamoada ishi hozircha yurishayotgani yo‘q – 4 o‘yinda maydonga tushib gol emas, qizil kartochka bilan cheklandi. Hamdamovning BAAdagi faoliyati «Anji»dagidek ko‘rinish olmasligi uchun ham yarimhimoyachi legionerlik maqomini oqlashi shart.

Odil Hamrobekov
Sobiq klubi: «Paxtakor»
Yangi klubi: «Shabob Al Ahli» (BAA)
O‘tish maqomi: ijara
Dubayning «Shabob Al-Ahli» jamoasi o‘zbekistonlik futbolchilarga asosiy xaridorga aylangan. O‘tgan mavsum «Nasaf»dan 500 ming AQSH dollari evaziga Aziz G‘aniyevni o‘z safiga qo‘shib olgan Dubay klubi mavsum boshida Jaloliddin Masharipovni «An-Nasr»dan ijaraga oldi. G‘aniyev jiddiy jarohat olib safdan chiqqach, amirliklar klubi «Paxtakor»ga taklif bilan chiqib, Odil Hamrobekovni yarim yillik ijaraga olishdi. O‘zbekiston milliy jamoasi yarimhimoyachisi faoliyatida ilk marta legionerga aylandi va u Aziz o‘rnida o‘zini ko‘rsata olsa, faoliyatini yana xorijda davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Igor Sergeyev
Sobiq klubi: «Paxtakor»
Yangi klubi: «Aktobe» (Qozog‘iston)
O‘tish maqomi: erkin agent
O‘zbekiston milliy jamoasining 27 yoshli hujumchisi Igor Sergeyev faoliyati davomida uchinchi marta legionerga aylandi. Bungacha 2016-2018 yillarda Xitoyning «Beyjing Goan» va BAAning «Al-Dafra» klublariga to‘p surgan Igorning xorijdagi faoliyati uncha o‘xshamagandi. O‘tgan ikki mavsumda «Paxtakor» safida Superligada jami 34ta gol urgan Sergeyev uchinchi urinishda qo‘shni Qozog‘iston chempionatini tanladi. Qozog‘iston Premer-ligasi debyutanti bo‘lgan «Aktobe» 27 yoshli hujumchini erkin agent sifatida taklif etdi. Sergeyev uchinchi urinishi ham omadsiz yakunlanmasligi uchun bor kuch va g‘ayratini ishga solishi aniq.

Bobur Abduxoliqov
Sobiq klubi: «Nasaf»
Yangi klubi: «Rux» (Ukraina)
O‘tish maqomi: erkin agent
Qarshining «Nasaf» klubi hujumchisi Bobur Abduxoliqov ham o‘z faoliyatida ilk marta legionerlik maqomini oldi. «Ajdarlar» safida 6 yil davomida to‘p surgan 23 yoshli hujumchi o‘tgan mavsumda 25 o‘yinda 17ta gol urib, o‘ziga ishongan holda xorijga yo‘l olishga qaror qildi. Osiyo klublari taklifini rad etgan Abduxoliqov Ukraina Premer-ligasi vakili «Rux» safiga borib qo‘shildi. Hujumchi ukrainaliklar safiga erkin agent sifatida qo‘shilgan. Chempionatning o‘rtamiyona jamoasi sanalmish Lvov klubi o‘zbekistonlik hujumchini hozircha asosiy tarkibda emas, yoshlar jamoasi safida maydonga tushirmoqda.

Islom Kenjaboyev
Sobiq klubi: «Nasaf»
Yangi klubi: «Chedju Yunayted» (J.Koreya)
O‘tish maqomi: erkin agent
Ro‘ziqul Berdiyev qo‘l ostida 5 yil davomida to‘p surgan Islom Kenjaboyev «Nasaf»dan Superliganing boshqa klublariga emas, xorijga yo‘l oldi. 21 yoshli hujumkor yarimhimoyachi faoliyati davomida ilk marta legionerga aylandi. Janubiy Koreya Key-ligasi vakili «Chedju Yunayted»dan taklif olgan Kenjaboyev yanvar oyida klubi tomonidan rasman tanishtirildi. O‘zbekistonlik futbolchi o‘tgan uch tur davomida jamoasi safida maydonga tushmadi. «Chedju» Janubiy Koreya chempionati 3-turidan keyin 12 klub orasida 5-o‘rinda bormoqda.

Oston O‘runov
Sobiq klubi: «Spartak» (Rossiya)
Yangi klubi: «Ufa» (Rossiya)
O‘tish maqomi: ijara
O‘tgan yilning sentabr oyida «Ufa»dan «Spartak»ka o‘tgan Oston O‘runov Moskvadagi yarim yillik faoliyatidan keyin yana Boshqirdiston klubiga qaytishga qaror qildi. O‘zbekiston milliy jamoasining 20 yoshli yarimhimoyachisini «Spartak» sotib olish huquqi bilan «Ufa»ga mavsum yakuniga qadar ijaraga bergan.«Sport-Ekspress» ma’lumotlariga ko‘ra, ufaliklar chempionat yakunigacha Oston O‘runovning oylik 50 ming AQSH dollari maoshini to‘lash bilan birga mavsum oxirida O‘runovni 1 million AQSH dollariga sotib olishlari talab etiladi.

Jasurbek Yaxshiboyev
Sobiq klubi: «Shaxtyor» (Belarus)
Yangi klubi: «Legiya» (Polsha)
O‘tish maqomi: erkin agent
2020 yilda Belarus chempionatiga yo‘l olib, musobaqa kashfiyotiga aylangan Jasur Yaxshiboyev «Energetik-BGU» safidagi to‘purarlikdan keyin mavsumning ikkinchi qismini «Shaxtyor» safida o‘tkazdi va soligorskliklar tarkibida chempionatning eng yaxshi to‘purarlaridan biri bo‘lish bilan birga mamlakat chempionligini qo‘lga kiritdi. Qishki transfer oynasida Yaxshiboyev oldida Osiyo va Superliganing grand klublaridan takliflar tushgan bo‘lsa-da, 22 yoshli hujumkor yarimhimoyachi Polshaning amaldagi chempioni «Legiya» taklifini qabul qildi. Yaxshiboyev Varshava klubida hali o‘z debyutini nishonlamadi, ammo yozda u Yevropa Chempionlar ligasi saralash bosqichida to‘p surish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Murod To‘ychiboyev
Sobiq klubi: «Brazers Yunion» (Bangladesh)
Yangi klubi: «Torpedo» Kutaisi (Gruziya)
O‘tish maqomi: erkin agent
O‘zbekiston chempionatida «Neftchi», «Dinamo», «Navbahor» klublarida to‘p surgan 28 yoshli chap qanot himoyachisi Murod To‘ychiboyev 2020 yilgi mavsumda legioner bo‘lishga qaror qildi va Banladeshning «Brazers Yunion» klubiga o‘tgandi. Joriy mavsumda futbolchiga Superligadan taklif tushgan bo‘lishiga qaramay, Murod faoliyatini xorijda davom ettirishga qaror qildi va 2021 yilgi mavsum oldidan Gruziyaning «Torpedo» Kutaisi jamoasi bilan shartnoma imzoladi. O‘zbekistonlik himoyachi kutaisiliklar safida asosiy tarkibda muqim joy olgan, ammo «Torpedo» Gruziya Oliy ligasi 3-turidan keyin bitta durang bilan 9-o‘rinni band etib turibdi.

Shahzodbek Ubaydullayev
Sobiq klubi: «Metallurg» (O‘zbekiston)
Yangi klubi: «Shaxtyor» (Belarus)
O‘tish maqomi: transfer (150 ming yevro)2020 yil boshida 500 million so‘m transfer puli evaziga «Mash’al»dan «Metallurg»ga o‘tgan Shahzodbek Ubaydullayev Superliga o‘tgan mavsumida Bekobod jamoasi safida eng yaxshi to‘purarga aylandi. Natijada 23 yoshli forvardga Superliga klublari bilan birga xorij jamoalaridan ham takliflar bo‘ldi. «Metallurg» klubi Belarus chempioni «Shaxtyor» bilan muzokaraga kirishib, Ubaydullayevni 150 ming yevro transfer puli evaziga Soligorsk jamoasiga qo‘yib yubordi. «Shaxtyor» o‘zbekistonlik hujumchini o‘tgan mavsum jamoa safida muvaffaqiyatli to‘p surib, klubni tark etgan Jasur Yaxshiboyev o‘rniga taklif etgan. Shahzodbek ham Jasur singari Belarus Oliy ligasini zabt eta olishiga ishongimiz keladi.

U.Ibodov tayyorladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » 2021 yilda yangi klubga o‘tgan o‘zbekistonlik 10 legioner