10:53 / 04.05.2021
4 097

Shomurodov yana ikkita gol ursa bormi...


Italiya chempionati yakuniga yaqinlashib borayotgan bir paytda A Seriyada debyut mavsumini o‘tkazayotgan Eldor Shomurodovning o‘yini ochilib ketdi. O‘tgan yilning oktabr oyidan beri kuchli beshlik chempionatlaridan eng murakkabida to‘p tepayotgan o‘zbek futbolchisi umumiy olib qaraganda yomon o‘ynayotgani yo‘q.

To‘g‘ri, Eldor o‘z darajasidan past o‘yin namoyish etgan kunlar ham bo‘ldi. Buning o‘ziga xos ob’ektiv va sub’ektiv sabablari bor. Ba’zan jarohatlar pand bergan paytlar ham bo‘ldi. Lekin jahon futbolida birorta futbolchi butun mavsumni bir tekis barqaror o‘tkaza olmaydi.

Shomurodov A Seriya 34-turining eng keskin va murosasiz o‘tgan uchrashuvida “Latsio”  darvozasini ishg‘ol qilib, chempionatdagi gollari sonini beshtaga yetkazib oldi. U birinchi marotaba ketma-ket ikkita bahsda raqib darvozasiga yo‘l topa oldi. Eldor Italiyada “Latsio”gacha “Parma”, “Sassuolo”, “Verona”, “Spetsiya” darvozabonlarini ojiz qoldirgan edi.

“Jenoa” muxlislari o‘zlarining sevimli jamoalari o‘yiniga munosabatlarini bildirishda davom etmoqda. Tabiiyki, genuyalik ishqibozlar  ijtimoiy tarmoqlarda “Latsio”ga qarshi bahsda eng yuqori ballardan biriga loyiq ko‘rilgan Eldor Shomurodov haqida ham o‘z fikr-mulohazalarini yozib qoldirdi.

E’tiboringizga muxlislarning o‘zbek legioneri haqidagi postlarini havola etamiz.
Skull Malope: Agar keyingi o‘yinda Eldor Shomurodov boshlang‘ich tarkibda maydonga tushmasa, Davide Ballardinini kechirmayman!

Marjol Mata (Skull Malope fikriga javoban): Eldorning “Latsio”ga urgan golinini inobatga olmaganda, u o‘z darajasida o‘ynay olmadi. E’tiborga molik harakatlari ko‘zga tashlangani yo‘q.To‘p kiritilgan vaziyatda Milan Badelning xizmati katta bo‘ldi. Bunaqa superpasdan keyin men ham gol urardim.

Sandro Moscariello: Eldor Shomurodov va Janluka Skamakka ketma-ket ikkita uchrashuvda gol urmoqda. Janob bosh murabbiy to‘g‘ri xulosaga keladigan vaqt yetib keldi. Bu ikki hujumchi boshlang‘ich tarkibda to‘p tepishga loyiq.

Giacomo Sebillo: Eldor “Jenoa”da har 300-daqiqada gol urmoqda. A Seriyaning yangi o‘yinchisi uchun bu yaxshi ko‘rsatkich. Kelasi mavsum bundan ham yaxsh bo‘ladi.

Angela Molinari: Shomurodov yana ikkita gol ursa bormi, “Jenoa”  o‘zbekistonliklar hisobiga Italiyadagi eng muxlisi ko‘p jamoaga aylanadi.

Salvatore Silvestre: Men Shomurodovga asosiy tarkibdan joy bermagan bo‘lardim. Menimcha. U zaxira forvardi vazifasini a’lo darajada uddalay oladi. Ikkinchi bo‘limda maydonga tushib, charchab qolgan raqibga bosim o‘tkazishi kerak. Bundan tashqari, Eldor ilk daqiqalardan to‘p tepgan o‘yinlarda ikkinchi bo‘limda yaxshiroq o‘ynayapti.

Giuseppe Scarano: Qariya Goran Pandev faoliyatini yakunlaganidan keyin o‘zbek futbolchisi jamoamizning asosiy hujumchisiga aylanadi. Eldorning gollari kelasi mavsumda jamoaning muvaffaqiyatlarini ta’minlaydi.

“Jenoa” A Seriyadagi navbatdagi uchrashuvini "Sassuolo"ga qarshi o‘tkazadi. 9 may kuni Genuya shahrida bo‘ladigan o‘yin Toshkent vaqti bilan 15:30 da boshlanadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shomurodov yana ikkita gol ursa bormi...