08:00 / 31.05.2021
3 817

Quyoshli Osiyoning futboli g‘alat


Biz yakkakurashlarda har qancha yutuqlarga erishmaylik, jahon reytinglarini boshqarmaylik — futbolga qiziquvchi auditoriya baribir salmoqli bo‘lib qolmoqda. Ayniqsa, O‘zbekiston milliy jamoasining o‘yinlari vaqtida millionlab tomoshabinlar zangori ekran qarshisida hozir bo‘lishadi. Yuzlab kilometr uzoqda to‘p tepayotgan sevimli futbolchilari eshitadigandek baqirishadi, hayqirishadi, ba’zan kuyunib, ba’zida suyunib, hayajonlanishadi — muxlislik qilishadi. Xullas, 21-asrda futbol juda yirik hodisaga aylandi. Yuqorida aytganimizdek, muxlis uchun terma jamoaning har bir o‘yini o‘ziga xos voqelik, bayram.

Bosh jamoamiz xalqaro maydonda o‘ynasa, yurtimizning yuz minglab xonadonlaridagi kayfiyat o‘sha 1,5 soatga bog‘liq bo‘lib qoladi. Futbol muxlislar uchun o‘ynaladi. Ishqibozlarsiz futbol — suvi yo‘q ummon. Ammo, ba’zilar shu haqiqatni tan olgisi yo‘q. Quyida shu haqda...

Xabaringiz bor, O‘zbekiston milliy terma jamoasi 26 may kuni Turkmaniston bilan yopiq eshiklar ortida o‘yin o‘tkazdi. Bizga ma’lum bo‘lishicha, bu o‘yin rejada bo‘lmagan. Qo‘shnilarimiz taklif bilan chiqishgach, biz tomon imkoniyatni qo‘ldan chiqarmagan.
Shundan keyin 29 may kuni Avstraliya bilan Dubayda o‘ynashimiz kerak edi, yana yopiq eshiklar ortida. O‘FA matbuot xizmati xabariga ko‘ra, bu uchrashuvni yopiq tarzda o‘tkazish yashil qit’a vakillarining tashabbusi bo‘lgan. Biroq, bu o‘yin raqibning iltimosi bilan bekor qilindi...

Yangi raqib topildi — Tailand. Jin ursin, yana yopiq o‘yin. Yana bir bor ishqibozlar o‘zlari uchun o‘ynalayotgan futboldan mahrum qilindi. Bu taklif qaysi tomondan chiqqani bilan qiziqib ko‘rdik. Tailandliklar bosh murabbiyi Akira Nishino mamlakat futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmatiga bergan intervyusida tashabbus ularniki emasdek gapirgan. Ammo mazkur jamoaning kecha (29 may) o‘tkazilgan Tojikistonga qarshi o‘yini ham shunday tartibda o‘tkazildi. Demak, Nishino janoblari bo‘lajak raqib — Indoneziyadan taktika yashiryapti.

Yuqorida o‘z o‘yinlarini yopiq eshiklar ortida o‘tkazishni xohlayotgan Osiyoning 4 jamoasi (Turkmaniston, Tojikiston, Avstraliya va Tailand) haqida gapirdik. Aslida, biroz chuqurlashsak, ularning soni yana ham ortadi va aynan shu kishini ranjitadi. 
To‘g‘ri, oldinda qit’a miqyosidagi juda muhim o‘yinlar kutib turibdi. Lekin, bunda muvaffaqiyat qozonish uchun o‘yinlarni yopib, muxlislarni futbolsiz qoldirgandan raqibga qarshi yaxshiroq tayyorlanish, ko‘proq mehnat qilish, ter to‘kish, kuchayish kerakmasmi? Bu qo‘rqoq "professional"lar qachon shuni tushunib yetadi?

Ruhiy holati joyida bo‘lgan istalgan mutaxassis o‘yinlarga taktikani raqibdan kelib chiqib (alohida) tanlaydi. Ammo, jonajon Osiyomiz futboli shunchalik g‘alatiki, qo‘rqoq murabbiylar bir xil taktikasini 2 o‘yinda 3 ta raqibdan yashiradi. Nima ham deymiz, bu ketishda yaqin 500 yilda ham qit’amizdan Gvardiola chiqmasa kerak...

Mana, shu nuqtada O‘zbekistonning Tailandga qarshi o‘yini yirik g‘alaba bilan (4:1) yakunlandi. Bizni shunday chiroyli o‘yindan mahrum qilgan Akira Nishinodan o‘pkalash bilan birga xursand bo‘lish uchun bitta asos topdik: Osiyo futbolining kuni shunday qo‘rqoq "professional"larga qolgan bo‘lsa-da, ularga rasmiy o‘yinlarni yopiq tarzda o‘tkazish huquqini bermagan. Aks holda, terma jamoalar o‘yinini faqat 31 aprel kuni ko‘rardik...

Muallif: Faxriddin Ro'ziyev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Quyoshli Osiyoning futboli g‘alat