11:50 / 20.07.2021
2 626

3 million maosh, mundial va Ronaldu haqida Dilshod Rahmatov bilan intervyu


O‘zbekiston futzal terma jamoasi a’zosi - Dilshod Rahmatov bilan Sports.uz sayti eksklyuziv intervyu uyushtirdi. Suhbat davomida futzalchimiz muxlislarni qiziqtirgan ko‘plab savollarga javob berib o‘tdi.

- Jahon chempionatiga saralashsiz chiqib keldik. Buning ortida nima yotibdi, deb hisoblaysiz?
- Biz Osiyo chempionatiga juda yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan edik. Pandemiya tufayli turnir bekor qilindi. O‘ylashimcha, sport formamiz a’lo darajada bo‘lgani uchun mundial yo‘llanmasini bemalol qo‘lga kiritishimizga shubha qilmayman. Bizni bejizga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanma bilan taqdirlashgani yo‘q. Bunga qadar bo‘lgan barcha Osiyo chempionatlarida kuchli uchlikdan pastga tushmadik. Toshkentdagi turnirda kumush medallarga ega chiqdik. Bu yutuq ortida bugungi va avvalgi futzalchilarning ham mehnati yotibdi.

- Siz bugungi futzal terma jamoamizning sardorisiz. Avvalgi avlod vakillari bilan ham to‘p surgansiz. Aytingchi, qay bir avlod kuchliroq?
- Ikki jamoa ham kuchli. Avvalgi avlodning yutuqlarida Xose Maria Mendesning o‘rni katta edi. Shuningdek, taktikaga yarasha kuchli ishtiyoq ham borligini ta’kidlash lozim. Hozirgi yoshlarning deyarli 90 foizini Mendez U19 jamoasidan tanlab olgan edi. Ispaniyalik mutaxassis postini topshirgach, tanlangan yigitlarni Bahodir Ahmedov va Nodir Eliboyev yangi darajaga ko‘tarilishi uchun qo‘lidan kelgan barcha ishlarni amalga oshirdi. Hozirgi yigitlar avvalgilardan tezroq. Shijoat borasida ham hech qanday muammo yo‘q.

- Birinchi jahon chempionatimizdagi omadsizlik nima bilan bog‘liq, deb o‘ylaysiz? Vaholanki, hamma o‘yinda juda yaxshi harakat qilgan edik.
- Ochig‘i, ilk turnirimiz bo‘lgani uchun hayajonlandik. Tashqaridan fikr bildirish oson, lekin mundial o‘yinlarining o‘z tempi bo‘lar ekan. Menimcha, tajribasizlik pand berib qo‘ydi. Panama bilan o‘yin oldidan g‘alaba qozonishimizga ishonchimiz komil edi, lekin hakam start hushtagini chalgach hammasi o‘zgarib ketdi. O‘sha o‘yin turnirdagi imkoniyatlarimizni keskin pasaytirib yubordi. Kolumbiya bilan so‘nggi daqiqalarda g‘alabani qo‘ldan chiqarib yuborgan bo‘lsak, Portugaliyaga yirik hisobda mag‘lub bo‘ldik.

- Mundialdagi guruhimiz haqida fikringiz qanday?
- Rossiya, Misr va Gvatemala bilan bir kvartetdan o‘rin olganmiz. Hozir kimdir Misr va Gvatemalaga qarshi bemalol to‘p surish mumkin, deb o‘ylashi mumkin, ammo bu noto‘g‘ri. Avvalgi mundialimizda Panamaga past baho berganimiz yakunda juda qimmatga tushgan edi. Jahon chempionatida oddiy jamoaning o‘zi bo‘lmaydi. Hozir murabbiylarimiz raqiblarni yaxshilab o‘rganish bilan band. Imkon qadar 100 foiz imkoniyatimizni namoyish etamiz.

- Siz legioner sifatida Xitoyda 3 yil to‘p surgansiz. Aytingchi, ichki birinchiligimiz qanday ahvolda? Moliyaviy ahvol haqida batafsil so‘zlab bersangiz.
- O‘ylashimcha, bizda ko‘proq futzal maktablari ochilishi kerak. Ana shunda, ko‘proq yosh futzalchilarni tarbiyalashimiz, ular orasidan terma jamoa darajasidagilarini tanlab olishimiz mumkin. Achinarlisi shundaki, moliyaviy ahvol katta futbolimizdan ancha orqada. O‘rtacha futzalchining maoshi 3 million so‘m. 4-5 million oylik beradigan klublar ham bor, biroq ular yuqori o‘rinlar uchun kurash olib boradigan jamoalarda, yetakchi futbolchilarga beriladi. Ichki birinchiligimiz o‘sishi uchun maoshlar masalasini ham ko‘rib chiqishga to‘g‘ri keladi. Kelajakda futzal maktablarini ochish niyatim bor.

O‘zim Xitoyning "Dalyan" klubida chempionlikni qo‘lga kiritdim. U yerda 2 o‘yin uy, 2 bahs mehmon formatida to‘p surdik. Bizda esa, barcha klublar bir joyda jam bo‘lib o‘z o‘yinlarini o‘tkazadi. Barchada talabga javob beradigan parket bo‘lmagani uchun bir yerga jam bo‘lishga majburmiz. Buning o‘ziga xos plyuslari ham bor, albatta. Murabbiylarimiz barchani ko‘zdan kechirishga muvaffaq bo‘ladi.

- Siz Krishtianu Ronalduning futzaldagi versiyasiga o‘xshab ketasiz. Hozirda, zalda olib borayotgan mashg‘ulotlaringizni ko‘rib, buning sababini so‘ragim keldi?
- Darhaqiqat, Ronalduning muxlisiman. O‘z ustimda ishlashimga keladigan bo‘lsak, bu professional sportchi uchun kerak. Yoshlar bilan bir tempda harakat qilish uchun o‘z ustimizda har kuni ishlashimiz shart. Jamoada yoshi kattalar qolganalarga o‘rnak bo‘lishi kerak.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » 3 million maosh, mundial va Ronaldu haqida Dilshod Rahmatov bilan intervyu