21:53 / 26.07.2021
2 509

O‘zbekistonlik sportchilarning Tokio—2020 3-kunidagi natijalari


Yaponiyaning Tokio shahri mezbonlik qilayotgan Olimpiya o‘yinlarida o‘zbekistonlik sportchilar 26 iyul kungi chiqishlarini yakunladi.

Qilichbozlik
18 yoshli Zaynab Dayibekova sablya yo‘nalishining dastlabki bosqichida yaponiyalik Aoki Chikani 15:9 hisobida mag‘lub etdi. 1/16 finalda o‘zbekistonlik qilichboz Osiyo o‘yinlari finalchisi xitoylik Yatsi Shaoni 15:10 hisobida taslim qildi. Dayibekovaning keyingi raqibi Janubiy Koreya vakili Ji Su Yon bo‘ldi. Ushbu jangda Zaynab 15:12 hisobida g‘alaba qozondi. Chorak finalda Dayibekova vengriyalik Anna Martonga imkoniyatni boy berib qo‘ydi — 11:15. Shu tariqa musobaqalarda 35-raqamda saralangan Dayibekova yakunda kuchli sakkizlikka kirishga muvaffaq bo‘ldi.

Foto: Getty Images
Boks
26 iyul kuni o‘zbekistonlik ikki nafar bokschi ringga ko‘tarildi. Shahobiddin Zoirov (-52 kg) turkiyalik Botuxon Chifchiga imkoniyat qoldirmadi (5:0). Rio—2016 Olimpiadasi chempionining keyingi raqibi Kabo-Verde vakili David De Pina bo‘ladi. Jang 31 iyul kuni bo‘lib o‘tadi.

Fanat Qahramonov (-75 kg) gruziyalik Giorgi Xarabadzega qarshi bahsda g‘alaba qozondi va keyingi bosqichga chiqdi. Fanat nimchorak finalni 29 iyul kuni qozog‘istonlik Abilxan Amankulga qarshi o‘tkazadi.

Foto: Getty Images
Shu tariqa Tokio—2020 Olimpiya o‘yinlariga yo‘l olgan 11 nafar o‘zbekistonlik bokschidan 9 nafari 1/8 finalida qatnashadigan bo‘ldi. 25 iyul kuni uch nafar o‘zbekistonlik bokschi: Tursunoy Rahimova, Elnur Abduraimov va Dilshod Ro‘zmetov o‘z janglarini g‘alaba bilan yakunlab, keyingi bosqichga yo‘l olgandi. Rayhona Qodirova, Mirazizbek Mirzaxalilov, Bobousmon Boturov va Bahodir Jalolov yuqori reyting sabab o‘z ishtirokini 1/8 finaldan boshlaydi. Avvalroq Shahnoza Yunusova va Sanjar Tursunov 1/16 finalda yutqazib, Olimpiada bilan xayrlashgandi.

Dzyudo
-73 kg vazn toifasida tatamiga chiqqan Hikmatulloh To‘rayev dastlabki bosqichda germaniyalik Igor Vandtkeni mag‘lub etib, avvalgi sheriklarining muvaffaqiyatsiz seriyasiga nuqta qo‘ydi. Biroq To‘rayev 1/8 finalda janubiy koreyalik nomdor sportchi Chan Rim Anga to‘qnash kelib qoldi va imkoniyatni boy berdi.

Olimpiadaning dastlabki ikki kunida Sharofiddin Lutfullayev (-60 kg), Sardor Nurillayev (-66 kg) va Diyora Keldiyorova (-52 kg) 1/16 finaldayoq o‘z yurishini to‘xtatgandi. Shu tariqa yakkalik bahslarda ishtirok etadigan 10 nafar (7 erkak, 3 ayol) o‘zbekistonlik dzyudochidan 4 nafari o‘z chiqishini yakunladi.

Taekvondo
Nigora Tursunqulova
(-67 kg) 1/8 finalda xitoylik Mengyu Chjanga qarshi bahs olib bordi. Asosiy vaqt 9:9 hisobida yakunlandi. Qo‘shimcha raundda «Oltin zarba»ni ijro etish xitoylik sportchiga nasib etdi. Shu tariqa Rio Olimpiadasida chorak finalga qadar yetib borgan Tursunqulova bu safar ilk bosqichdayoq o‘z yurishini to‘xtatdi.

Foto: Getty Images
Nikita Rafalovich 1/8 finalda Dominikan vakili Moyzes Ernandesni 17:7 hisobida yengdi. Chorak finalda Rafalovichga ikki karra jahon chempioni va Rio Olimpiadasi sovrindori ozarbayjonlik Milad Begini 12:1 hisobida taslim etdi. Biroq yarim finalda Nikita kutilmaganda qo‘shimcha bo‘limlardagi «oltin zarba» tufayli iordaniyalik Solih ash-Sharabatiga imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Uchinchi o‘rin uchun kechgan bahsda o‘zbekistonlik sportchi Toni Kanayetga yutqazdi (24:18) va medallardan quruq qoldi.

Og‘ir atletika
-55 kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Muattar Nabiyeva Olimpiada tarixiga kirdi. Dast ko‘tarish mashqida 98 kg vaznni bo‘ysundirgan Nabiyeva ushbu vazn toifasi rekordini yangiladi. Biroq siltab ko‘tarish mashqlarida Muattarga omad yetishmadi. Ikki urinishda 114 kg qayd etgan sportchi uchinchi urinishda 117 kilogrammlik toshni ko‘tara olmadi. Shu tariqa umumiy 213 kg natija bilan Nabiyeva 4-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Foto: Getty Images

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbekistonlik sportchilarning Tokio—2020 3-kunidagi natijalari